Yangiliklar
Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 230-sonli bog‘cha direktorining 15 yoshli o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilganligi haqida"  xabarlar tarqalmoqda. Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan ushbu holat zudlik bilan nazoratga olindi. O‘z o‘rnida tuman ichki ishlar organlari tomonidan holat bo‘yicha sudga oid tibbiyot va psixologik ekspertizalari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilayotganligi, tuman prokuraturasi alohida nazoratga olganligi hamda tekshiruv natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini ma’lum qilamiz.  

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida "Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasi" rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin "Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasi" rektori P.Kuzmin bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv davomida P.Kuzmin mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida  maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining maktabgacha va maktab ta’limi sohasini takomillashtirish masalalariga e’tiborini yuqori darajada baholadi. Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasining Rossiya Federatsiyasi pedagog kadrlarining malakasini oshirish bo’yicha faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi. Rossiya tomoni Rossiya poytaxtining maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirishda Moskva shahri tajribasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, O‘zbekiston tomoni Rossiyaning "Raqamli ta’lim muhiti" (“Цифровая образовательная среда”) federal loyihasi, "Men yagona davlat imtihonidan o‘taman” (“Я сдам ЕГЭ”) loyihasi, qo‘shimcha professional ta’lim raqamli tarmog‘i va ta’limiy kontentdagi raqamli kutubxona bilan tanishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishdagi Rossiya tajribasini o‘rganish, shuningdek, Rossiya ta’lim loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Maktabgacha ta’lim agentligi delegatsiyasini Moskva shahriga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligida Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi rahbariyati va Koreyaning "EdulinkGlobal" kompaniyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari — Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin bugun Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari janob Kim Chang Keon va "EdulinkGlobal"ning Ijrochi direktori Chungrim Xan xonim bilan uchrashuv o'tkazdi. Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan "S-board" ta'lim platformasini joriy etish bo'yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, "S-board" platformasi ishlab chiquvchilarini mamlakatimiz maktabgacha ta'lim tizimi pedagoglari uchun onlayn o'quv seminarlarini o'tkazishga taklif qilish masalasini muhokama qildilar. Janob Kim Chang, o'z navbatida, Koreya-O'zbekiston Biznes Assotsiatsiyasi O'zbekistonda maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishga ko'maklashishini va Maktabgacha ta'lim agentligi bilan amalga oshirilayotgan barcha qo'shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sa'y-harakatlarini amalga oshirishini ma'lum qildi. Uchrashuv yakunida tomonlar respublika aholisi o'rtasida "S-board" ta'lim platformasini ommalashtirish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirishga qaror qildilar.

Maktabgacha ta'lim agentligi
"Taom tayyorlaymiz" ko'rgazmali-didaktik o'yini.

"Taom tayyorlaymiz" ko'rgazmali-didaktik qo'llanmasi kichik va katta maktabgacha yoshdagi bolalar bilan ishlashga mo'ljallangan bo'lib, oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor ovqatlarning tarkibi, topishmoqlarni topish qobiliyati, e'tibor va xotirani rivojlantirish bo'yicha bolalarning  tasavvurlarini shakllantirishda yordam beradi. Ma'lumki, ovqatlanish bolaning rivojlanishida katta rol o'ynaydi. Bolalarni erta yoshdan boshlab to'g'ri tashkil etilgan, oqilona ovqatlanishga o'rgatish juda muhimdir. To'g'ri tashkil etilgan ovqatlanish tanani barcha zarur oziq moddalar (oqsillar, yog'lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral tuzlar) va energiya bilan ta'minlaydi.  Ushbu didaktik o'yinning maqsadi bolalarning mahsulotlar haqidagi bilimlarini rivojlantirish, qanday mahsulotlar tayyor ovqatlarning tarkibiga kirishi, atrofdagi dunyoga bo'lgan qiziqishni orttirishni o'z ichiga oladi. Bolalarni tasniflash, taqqoslash, umumlashtirish yuzasidan mashq qilishga undaydi. Kommunikativ qobiliyatlarni va izchil nutqni rivojlantirishga ko'mak beradi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Farg‘onada yana bir bog‘cha mukammal rekonstruksiyadan chiqarilib, foydalanishga topshirildi

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining Yuqori mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 22-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining binosi «Obod qishloq» dasturiga asosan mukammal rekonstruksiyadan chiqdi. Kuni kecha quruvchilar tomonidan qurilishi yakunlangan 120 o‘rinli bu bino foydalanishga topshirildi. Binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi D. Jalilov, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Ochilish marosimida ishtirok etgan nuroniylar bu binoda tarbiyalangan o‘g‘il-qizlarimiz orasidan olimu-fuzalolar, el koriga yaraydigan farzandlar yetishib chiqishini tilab, duolar qilishdi. Ma’lumot uchun: Bino rekonstruksiyasiga 2 milliard 400 million so‘m mablag‘ sarflandi. Tashkilot binosi 1987 yillarda qurilgan bo‘lib, ta’mirtalab bo‘lib  qolgandi.  Shuning bilan birga barcha mashg‘ulot xonalari va yotoqxonalar zamonaviy mebellar bilan jihozlandi. Bundan tashqari qo‘shimcha 60 o‘rinli yangi oshxona binosi ham qurib bitkazildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari hamda xalqaro ekspert Surxondaryoda

Kuni-kecha Surxondaryo viloyatida UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi  ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili ishtirokida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida viloyatimizda loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar kelishib olindi. Shuningdek, Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Birlashgan millatlar tashkiloti bolalar jamg’armasi UNICEF tashkiloti tomonidan olib borilayotgan “Surxondaryo viloyatida inklyuziv ta’lim, ijtimoiy xizmatlar va yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida koʻp tilli taʼlimga yoʻnaltirilgan muqobil maktabgacha taʼlim guruhlari ochilishi rejalashtirildi. Uchrashuvdan so'ng, loyiha bo'yicha UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi  ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili Termiz shahridagi bir nechta maktabgacha ta'lim tashklilotlarini ko'zdan kechirishdi. Tashrif  doirasida loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va metodistlari, hamda tarbiyachilari bilan suhbat o'tkazildi. Shuningdek, ota-onalar va mahalla vakillari bilan ham uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
O'zbekiston Maktabgacha ta'lim agentligi vakillari va Koreyadagi Puchon universiteti vakillari o'rtasida hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi

Biroz oldin xabar berganimizdek, O'zbekiston Maktabgacha ta'lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada qisqa muddatli xizmat safarda bo'lishdi. Safarning navbatdagi kun tafsilotlari haqida batafsil: Agentlik direktori o'rinbosari N.Muslitdinov boshchiligidagi O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta'lim agentligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida Seul shahrida, joriy yilning 27-aprel kuni Koreya Respublikasidagi Puchon universitetining Prezidenti Janob Xan Chong Sok bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvda Birinchi prorektor, Akademik masalalar bo'yicha prorektor, Rejalashtirish masalalari bo'yicha prorektor, shuningdek, Koreya Respublikasidagi Puchon universitetining xalqaro bo'limi boshlig'i ishtirok etdi.   Uchrashuv davomida O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim agentligi tomonidan Toshkent shahridagi Puchon universiteti oldida belgilangan masala va vazifalar, ya'ni 2023-2024 o'quv yilida "Maktabgacha ta'lim" fakultetida magistratura yo'nalishining ochilishi, koreys tajribasidan foydalangan holda maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish, xorijiy professorlar ishtirokida ma'ruzalarni ko'paytirish maqsadida ta'lim jarayonida onlayn ta'lim formatini joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi. Koreya tomoni, o'z navbatida, yuqoridagi vazifalarni, shuningdek, O'zbekiston Respublikasida maktabgacha ta'lim tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari Janubiy Koreyada qisqa muddatli xizmat safarida bo‘lib turishibdi.   Agentlik vakillarining Janubiy Koreyadagi xizmat safari davomida:  -bolalarga erta ta’lim berishni rivojlantirish sohasida faoliyat ko`rsatayotgan Janubiy Koreyaning ta`lim va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari o‘rtasida  uchrashuvlar o`tkazish; -uchrashuvlar davomida ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish; - Puchon universitetining 65 yilligini nishonlash marosimida ishtirok etish kabi tadbirlar rejalashtirilgan. Xizmat safarining birinchi kunida O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov va maslahatchisi X.Buriyev hamda Koreya bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va maktabgacha ta`lim instituti (KICCЕ) rahbari Sanghee Park o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Institut rahbari Sanghee Park O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan 2021-yil 16-dekabrda tuzilgan bitim doirasida o`zaro hamkorlik aloqalari saqlanib qolganidan minnatdorlik bildirdi.  Agentlik direktori o‘rinbosari N.Muslitdinov maktabgacha ta’lim sohasida ta’lim sifatini samaradorligini va pedagoglar malakasini oshirish hamda baholash  uchun kelajakda mazkur Instituti (KICCЕ) bilan qo‘shma loyihalarni davom ettirishlarini ma`lium qildi. Bizni kuzatishda davom eting, xizmat safarining navbatdagi ushrashuvlari haqida ma’lum qilib boriladi.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligida Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda O‘zbekistonning yangi Konstitusiyasi bo‘yicha referendumga kuzatuvchi sifatida yurtimizga tashrif buyurgan Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi I.V.Karpenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida ikki tomon O‘zbekistonning yangilanayotgan  Konstitusiyasi bo‘yicha o‘z fikr mulohazalarini bayon qilishdi. Shuningdek, maktabgacha ta’lim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish haqida ham takliflar va  fikrlar bildirildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha taʼlim agentligida KOICAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Kuni-kecha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda  KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Pak Sunjin xonim o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib  o‘tdi. Unda Toshkent shahridagi Kompleks markaz va innovatsion davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining barpo etilishidagi  tayyorgarlik ishlarining olib borilayotganligi muhokama etildi. Uchrashuvda Koreya tomoni barpo etilishi rejalashtirilgan obyektlarning loyiha dizaynini taqdim etdi. Ushbu loyiha  poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan bo'lib, koreyalik loyihalovchilar tomonidan loyiha maydoni, shakli va joylashuvini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Shuningdek, muzokaralar davomida maktabgacha ta’lim tizimi pedagog kadrlarining malakasini oshirish bilan bog‘liq masalalar erta yoshdagi bolalarni rivojlantirish sohasidagi koreyalik mutaxassis va ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro fikr almashib, qo‘shma loyihani samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish tarafdori ekanliklari ma’lum qilindi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agentlikda navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi

2023-yil 28-aprel kuni Maktabgacha taʼlim agentligi markaziy apparati xodimlari uchun navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi. Unda o‘tayotgan haftada qabul qilinib, e’lon qilingan muhim qonunchilik hujjatlari batafsil tushuntirildi. Huquqiy savodxonlik soati yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlangan haftaning muhim voqealari hamda davlat xizmatchilari uchun dolzarb mavzular haqida maʻlumot berib boruvchi “Siyosiy-maʻrifat soati” namoyish etildi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi

Xabaringiz bor, bugun yurtimizda ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi. Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi. Yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida Bank guruhi bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi.  Manba: https://president.uz/oz/lists/view/6225

Maktabgacha ta'lim agentligi
Quvasoyda "Zumradoylar davrasi" ko'rik-tanlovi bo'lib o'tdi

Farg'ona viloyatining Quvasoy shahar Maktabgacha ta'lim bo'limi tasarrufidagi 21-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida "Zumradoylar davrasi" deb nomlangan ko'rik-tanlov bo'lib o'tdi. Ko'rik-tanlovda tashkilotning maktabga tayyorlov guruh tarbiyalanuvchi qizlari 4 ta shart bo'yicha o'zaro bellashdilar. Har bir qatnashuvchi qizlarning olgan bilimlari va ishtiroklari hay'at a'zolari tomonidan baholab borildi va tanlov yakunida  ishtirokchilar turli yo'nalishlar bilan taqdirlandilar. Tanlovda ertak qahramonlarining ham qatnashishlari o'zgacha ko'tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Viloyat hokimi viloyat hududidagi navbatdagi bog‘chaga bordi

Surxondaryo viloyati hokimi U.Qosimov Qiziriq tumanidagi ijtimoiy soha obektlaridagi sharoitlar bilan tanishdi. Jumladan, tumandagi  16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini ham ko‘zdan kechirdi. Viloyat hokimi ushbu bog‘chada bolalarning ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mavjud muammolarni o‘rgandi. Bolalarga xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatishni turli o‘yinlar yordamida, ularning yoshiga mos keladigan metodlar qo‘llagan holda bog‘cha yoshidan boshlash lozimligi ta’kidlandi. Bu borada ushbu bog‘chada olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif so‘ngida bolalar uchun turli kitoblar va o‘yinchoqlar jamlanmalari topshirildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Xorazmning Gurlan tumanida davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘cha o‘z faoliyatini boshladi

Kuni-kecha Xorazm viloyatining Gurlan tumani, “Gulshan” MFY hududida joylashgan “Lolaxon-Zuhraxon” MCHJga qarashli 120 o‘rin quvvatga ega davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Tashkilotining ochilish marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva ishtirok etdi. Ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotiga 120 nafar tarbiyalanuvchilarni qamrab olish orqali Gurlan tumanida maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 87,4 foizdan 88,4 foizga (1 %) oshirishga erishildi. Shuningdek, 20 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Gurlan tumanida 3-7 yoshdagi bolalar soni 11 862 nafarni tashkil qilib, shundan 10 373 nafar bolalar (87,4 %) 38 ta davlat, 171 ta oilaviy va 4 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv

Maktabgacha ta’lim agentligida, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari - Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda "Edulink Global" prezidenti va ijrochi direktori Chungrim Xan xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O'zbekiston  Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimini raqamlashtirishga qaratilgan "S-board" dasturini amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv doirasida Chungrim Xan xonim Koreya tomoni Maktabgacha ta'lim agentligi bilan O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tizimiga yangi ilg'or innovatsion g'oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etishning turli yo'nalishlari bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilayotganini ta'kidlab o'tdi. Muzokaralar yakunida tomonlar maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish va O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi va Koreyaning "Edulink Global" ta' lim kompaniyasi o'rtasida imzolangan hamkorlik to'g'risidagi memorandum bandlarini amalga oshirishni jadallashtirish zarurligi to'g'risida kelishuvga erishdilar.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Davriy moliyaviy hisobotlar 2023-yil I chorak

Молиявий ҳисобот 2023 й 1-чорак.pdf Дебитор маълумотлари.pdf Кредитор маълумотлари.pdf

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta'lim agentligi va O'zbekistondagi KOICA vakillari o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.

Joriy yilning 18-aprel kuni Maktabgacha ta'lim agentligida O'zbekistondagi KOICA vakillari va loyiha boshqaruvi bo'yicha koreys maslahatchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Uchrashuvning maqsadi - "Toshkent shahrida koreys modeli bo'yicha kadrlar tayyorlash, o'qitish va rivojlantirish bo'yicha Kompleks markaz hamda Innovatsion davlat maktabgacha ta'lim tashkilotini qurish" loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish bo'ldi. Uchrashuv davomida Koreya tomoni Maktabgacha ta'lim agentligi rahbariyatini qurilishi rejalashtirilgan obyektlar uchun qo'llanilishi mumkin bo'lgan dizayn variantlari bilan tanishtirdi. Mazkur loyiha doirasida O'zbekiston va Koreyaning ixtisoslashgan mutaxassislaridan iborat maktabgacha ta'lim Kengashini shakllantirish zarurligi alohida qayd etildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 122-sonli MTTda tarbiyalanayotgan tarbiyalanuvchining ehtiyotsizlik oqibatida jarohatlangani haqida murojaat tarqaldi. Maktabgacha ta’lim agentligi mas’ul vakillaridan iborat ishchi guruh murojaat yuzasidan ushbu MTTda o'rganish o'tkazdi. O'tkazilgan o'rganish natijalariga ko'ra, to'plangan hujjatlar huquq-tartibot organlari va tegishli tashkilotlarga qonuniy baho berish uchun yuborildi. Natijasi bo'yicha qo'shimcha batafsil ma’lum qilinadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Bog'chada ochiq faoliyat tashkil etildi.

Farg'ona tumanidagi 40-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida tarbiyalanuvchilar uchun koinot sirlari haqida tushunchalarni  shakllantirish ularning rang-tasvir olamini yanada rivojlantirish maqsadida ochiq faoliyat tashkil etildi. Eslatib o'tamiz, "Ilk qadam" davlat o'quv dasturidagi oy mavzusiga ko'ra, аprel oyi  "Yer sayyorasi umumiy uyimiz" hisoblanib, shu mavzu doirasida tarbiyalanuvchilarga oy davomida  boshlang'ich bilimlar berilib boriladi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
QORAKO'L TUMANIDA BIR YO'LA 2 TA MAKTABGACHA TA'LIM TASHKILOTI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Kuni-kecha, Buxoro viloyati Qorako'l tumanida bir yo'la 2 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Binolarni foydalanishga topshirish marosimlarida  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E.Gadoyev hamda tuman hokimligi va   keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tumandagi Mirzaqal’a mahallasida 120 o‘ringa mo‘ljallangan 42-sonli DMTT  yangidan barpo etildi,  unda zamon talablari darajasida  tibbiyot xonasi, oshxona, universal zal, yotoqxonalar hamda yozgi ayvonchalar bolajonlar uchun xizmat qilishga shay holatga keltirilgan. Quvonarlisi, ushbu ta’lim tashkilotning ish boshlashi bilan 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shu kunning o‘zida tumandagi 15-sonli DMTTning ham ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Qulonchilik mahallasidagi bolajonlar quvonchiga quvonch qo‘shgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan yilgi “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida ajratilgan  mablag‘ hisobiga mukammal ta’mirlandi.  Avval 90 o‘rinli bo‘lgan eski bog‘cha mukammal ta’mirdan so‘ng 120 o‘rinli zamonaviy tashkilotga aylanib, guruhlar soni ham 3 tadan 4 taga yetkazildi. Shunday qilib tumanda faoliyat olib borayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 42 taga yetdi. Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni bilan qo‘shib aytganda bu raqam 132 taga yetadi. Bugungi kunda yana 4 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish ishlari olib borilmoqda.  Eslatib o‘tamiz, bundan 5-6 yil avval tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarning qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 18% ni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatgich 67 foizga yetdi. Joriy yil yakuni bilan bolalar qamrovini 80 foizdan oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’lim agentligi va YUNISEF vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi va YUNISEF xalqaro bolalar jamg‘armasi vakillari o‘rtasida  uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik ishlari muhokama etildi. Shuningdek, YUNISEF tashkiloti bilan maktabgacha ta’lim tizimi sifatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olindi.  Mazkur yo‘nalishdagi uchrashuvlar Maktabgacha ta’lim agentligi va YUNISEF tashkiloti o‘rtasida muntazam o‘tkazilishi  bo‘yicha kelishib olindi.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Toshkent pedagogika kollejida "Ochiq dars" bo‘ldi

Kuni kecha Toshkent pedagogika kollejida  “Maktabgacha ta’lim pedagogika” si fanidan ochiq dars bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik xodimlari hamda kollej pedagoglari ishtirok etishdi. Ochiq dars mavzusi  “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” bo‘lib, unda bo‘lajak pedagoglar, ya’ni kollej o‘quvchilari bola huquqlari va uni MTT faoliyatida qo‘llash, voyaga yetmagan bolalarning huquqiy manfaatlari qonun hamda xalqaro konvensiya bilan mustahkamlanganligi kabi bilimlarga ega bo‘lishdi. Ochiq dars yakunida erishilgan natijalar va dars jarayonidagi kamchiliklar haqida dars kuzatuvchilari tomonidan fikr va tavsiyalar berildi. Ma’lumot uchun:  Ta’lim muassasasida hozirgi vaqtda 931 nafar o‘quvchi  5 ta kasb bo‘yicha kunduzgi, sirtqi, kechki, dual ta’lim shakllarida   ta’lim olishmoqda.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agentlikda navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi.

2023-yil 14-aprel kuni Maktabgacha taʼlim agentligi markaziy apparati xodimlari uchun navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi. Unda o‘tayotgan haftada qabul qilinib, e’lon qilingan muhim qonunchilik hujjatlari batafsil tushuntirildi. Huquqiy savodxonlik soati yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlangan haftaning muhim voqealari hamda davlat xizmatchilari uchun dolzarb mavzular haqida maʻlumot berib boruvchi “Siyosiy-maʻrifat soati” namoyish etildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Samarqanddagi bog'chada "Ilg'angan nigoh" mavzusida seminar bo'lib o'tdi.

Samarqand shahar 60-DKTIMTTda "Ilg'angan nigoh" mavzusida seminar bo'lib o'tdi.  Seminarda autizm belgilari va xususiyatlari haqida, Autizm sabablari va statistik ma'lumotlar haqida shifokorlar tomonidan taqdimot qilindi. Hozirgi kunda Samarqand shahar 60-DKTIMTTda 110 nafar tarbiyalanuvchilardan 20 nafari  Autik spektrli bolalardir. Ular bilan olib boriladigan yangi texnologiyalar: ABA, XENLI, DENVER, FLOUR TIME kabi terapiyalarning qo'llanishi, ish tajribalari haqida tashkilot defektologlari ma'lumot berishdi. Hozirgi zamon asr muammosi bo'lib borayotgan autizm spektrli bolalar bilan olib boriladigan korreksion ishlar borasida savol-javoblar bo'ldi.  Seminar yakunida ishtirok etgan mehmonlar o'z fikr-mulohazalarini bildirib, tashkil etilgan seminardan yangi bilim, nazariy va amaliy tajribalar olganliklarini bildirishdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Buxoroda yangi maktabgacha ta'lim tashkiloti o'z faoliyatini boshladi

Bolalik - beg‘ubor fasl. Unda kelgusi hayot uchun muhim zahiralar yaratiladi. Bu davrda inson umri davomida olajak bilim va ko‘nikmalarning salmoqli qismi olinadi. Agarda bu uchun muhim sharoitlar yaratilgan bo‘lsa. Kuni kecha Buxoro viloyati, Shofirkon tumanining Denov MFYda 34-sonli DMTT zamonaviy talablar asosida yangidan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.  Ushbu tantana qishloq  ahli uchun haqiqiy bayramga aylandi. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi  N.Rahmonov maktabgacha taʼlim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ahamiyatiga to‘xtalib, mazkur taʼlim maskani hududdagi qamrovning ortishi, bolajonlarning har tomonlama komil inson bo‘lib voyaga yetishlarida “maktab” bo‘lishini taʼkidladi.  Mazkur MTT 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ‘'Obod mahalla‘'  dasturi asosida yo‘naltirilgan 2 milliard 322 ming so‘m mablag‘ evaziga “Shofirkon Jo‘ynav Qurilish” MCHJ bunyodkorlari tomonidan 4 oy davomida rekonstruktsiya qilindi.  Zamon talablariga to‘la javob beradigan mazkur tashkilotda bolajonlar uchun barcha sharoitlar yetarli.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Agentlikda navbatdagi huquqiy savodxonlik soati o‘tkazildi

2023-yil 7-aprel kuni Maktabgacha taʼlim agentligi markaziy apparati xodimlari uchun navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi. Unda quyidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. O‘tayotgan haftada ham muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va e’lon qilindi. Jumladan, 1. “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–107-son, 01.04.2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan tijorat banklari kreditlarining garov ta’minoti 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida ta’minlanadi. 2024-yil 1-martgacha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi. Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi. 2025-yil 1-yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi: respublikaning barcha hududlarida “Suv hisobi” AT joriy qilinadi; “Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi. 2023-yil avgustgacha 2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan hamda subsidiya mablag‘larining 50 foizini olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50 foizi tuman ishchi guruhi xulosasi asosida ajratiladi. 2023-yil 1-maygacha suv resurslaridan samarasiz foydalanish va suv xo‘jaligi ob’yektlarining gidrotexnik inshootlaridan noqonuniy foydalanish yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqiladi. 2. “Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–108-son, 04.04.2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil qilindi. Shuningdek, Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganish va amaliy takliflar tayyorlashga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lmagan “Yer islohotlari markazi”; Oliy maktab tuzilmasida yuridik shaxs bo‘lmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi va Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi tashkil etildi. Shuningdek, bizning xodimlarimizning ayrimlari Oliy maktabda magistratura yo‘nalishlarida ta’lim olayotganlarini inobatga olib, Oliy maktabning yangi asosiy vazifalaridan kelib chiqib himoya ishiga mavzularini tanlashlarini tavsiya etgan bo‘lar edik. 3. “Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–110-son, 04.04.2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra: iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladi; etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib o‘rnatiladi; sanitariya qonunchiligi va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini buzganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi; o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan, adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi; belgilangan talablar va shartlarning qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida lisenziyasi bekor qilingan yoki xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishi tugatilgan tadbirkorlarga quyidagi ro‘yxatda keltirilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishiga cheklovlar belgilanadi. 4. “2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–113-son, 05.04.2023 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-iyungacha paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi. 2023-yilda har bir viloyatda o‘rtacha 250-300 gektardan namunaviy bog‘-tokzorlar barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi. 5. Hukumat qarori (142-son, 04.04.2023 y.) bilan Bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Reglamentga ko‘ra, bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi. Shunga ko‘ra, ariza beruvchi (jismoniy yoki yuridik shaxs) DXMga o‘zi kelib yoki YAIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi. So‘rovnoma kelib tushgach, vakolatli organ bino va xonalarni 10 ish kuni ichida normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 10 foizi (30 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YAIDXP orqali murojaat etilganda mazkur miqdor 27 ming so‘mni tashkil etadi. Jismoniy shaxslar YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Shuningdek, qaror bilan Radiotexnik inshootlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish uchun sanitariya pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bunda radiotexnik inshootning sanitariya pasporti aholi yashash joylari istiqbolli rivojlantirilishi hamda sanitariya muhofaza zonasi o‘zgarishi inobatga olingan holda 3 yil muddatga beriladi. So‘rovnoma kelib tushgach, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari 14 kun muddatda radiotexnik inshootlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligini joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. 2023-yil 1-apreldan nimalar o‘zgaradi? Pensiyalar va nafaqalar miqdori oshadi; Majburiy attestasiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar ro‘yxati kengaytiriladi; Pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan kun davomida bepul foydalanadi; Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi; Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi; Avtotransportlar harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrgacha pasaytiriladi; Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilinadi; Ayrim tadbirkorlarga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi; Ayrim kasalliklarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi; Ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi; Professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari oshiriladi; Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi; Yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun mol-mulk solig‘i pasaytiruvchi koeffisiyentda to‘lanadi; Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi; Ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizasiya yig‘imidan ozod qilinadi. Huquqiy savodxonlik soati yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlangan haftaning muhim voqealari hamda davlat xizmatchilari uchun dolzarb mavzular haqida maʻlumot berib boruvchi “Siyosiy-maʻrifat soati” namoyish etildi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori bilan uchrashuv

2023-yilning 4-aprel kuni Maktabgacha ta’lim agentligida, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari - Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin hamda KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Pak Sunjin xonim o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar maktabgacha ta’lim sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini, shuningdek, Toshkent shahrida pedagog kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha Kompleks markaz hamda Innovatsion maktabgacha ta’lim tashkilotini qurishga qaratilgan qo‘shma loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar. Koreya delegatsiyasi rahbari o‘zining kirish nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan yosh bolalarni erta rivojlantirish sohasiga yuksak baho berdi. Koreya tomoni maktabgacha ta’lim sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish salohiyatini oshirishga intilayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Pak Sunjin xonim KOICA ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi amalga oshirilayotgan loyiha doirasida, jumladan, maktabgacha ta’lim sifatini oshirish va pedagogning kasbiy vakolatlarini rivojlantirishga qaratilgan yangi komponentlarni joriy etish orqali muloqot va hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish uchun ochiq ekanini ta’kidladi. Tomonlar qo‘shma loyiha doirasida barpo etilayotgan pedagog kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va rivojlantirish Kompleks markazi hamda Innovatsion maktabgacha ta’lim tashkiloti respublikaning maktabgacha ta’lim tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani moslashtirish va joriy etish hamda maktabgacha ta’lim tizimini yagona uzluksiz ta’lim tizimining eng muhim bo‘g‘ini sifatida yanada takomillashtirishning yana bir vositasi bo‘lishiga kelishib oldilar. KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktorining ta’kidlashicha, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha Agentlikning muvaffaqiyatli faoliyati alohida e’tiborga loyiqdir. Shu nuqtai nazardan, xalqaro nodavlat tashkilot vakili tomonidan O‘zbekiston tomoniga ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish va Toshkent shahrida pedagog kadrlarni tayyorlash, o‘qitish va rivojlantirish bo‘yicha Kompleks markaz hamda Innovatsion maktabgacha ta’lim tashkilotini barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish jarayonini jadallashtirish zarurligi to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.

Вид сайта
Размер шрифта