Siyosiy hayot
8-9-sentyabr kunlari Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti bo‘lib o‘tdi. 2022-yil 10-sentyabr kuni Sammit ishtirokchilari Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamorohligida ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurishdi. Kunning birinchi yarmida sammit qatnashchilari “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida bo‘lib, markazdan o‘rin olgan “Boqiy shahar” majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchada o‘zgacha taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, mehmonlar Koni Gil merosi markaziga borib, Samarqand qog‘ozlari ishlab chiqarilish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Shuningdek, delegasiya vakillari Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida bo‘ldilar. Ta’kidlash joiz, Amir Temurning suyukli nabirasi bo‘lgan Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiya fani rivojida muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan. E’tiborlisi, mehmonlar Mirzo Ulug‘bek haqida ko‘p eshitgani va uning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi beqiyos ekanini aytib o‘tishdi. Kunning ikkinchi yarmida sammit ishtirokchilari Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Mehmonlarga ushbu maqbara tarixi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Sohibqiron Amir Temur bobomiz 1404-yilda nevarasi Muhammad Sulton vafotidan keyin unga atab maqbara qurishni buyuradi. Oilaviy daxmaga aylangan Amir Temur maqbarasi Samarqandning janubi-sharqida bunyod etilgan salobatli imorat o‘laroq, o‘tmishimizdan so‘zlab turadi. Mehmonlar Registon maydonini ko‘zdan kechirar ekanlar, iliq taassurotlar olganlarini qayd etdilar. Uch mahobatli tarixiy obida — Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari bir butun ansamblni tashkil etishi ularning e’tiborini tortdi. Registon maydonini aylanish chog‘ida o‘sha davrda qurilgan binolarning o‘ziga xos uslublari, madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida so‘zlab berildi.
Batafsil15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi. Ushbu ma’lumotga ko‘ra unda, SHHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mongoliya va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi. Faxriy mehmon sifatida Turkiya Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan. Qayd etilishicha, Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari, SHHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Yakunda tashkilot faoliyatini kengaytirish va ustuvor sohalardagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plamining imzolanishi kutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bo‘lajak majlis SHHT yetakchilarining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan so‘ng o‘tgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi. Shuningdek, sammit O‘zbekiston Respublikasining SHHTdagi raisligiga yakun yasaydi.