O‘zbekiston prezidentining “O‘zbekiston—2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston—2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Kelgusi 7 yilda mamlakatimizning asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalari joriy yilning 31-iyulidan boshlab regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallarida keng jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlari oson qabul qilish va tushunish uchun qulay shaklda ifodalangan bo‘lib, unda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarida muddatlar va ijrochilar kesimidagi amaliy vazifalar, erishiladigan aniq maqsadli ko‘rsatkichlar va strategiyani amalga oshirish doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda.
Fuqarolardan loyihalarning muhokamasida faol ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflarni regulation.gov.uz va 2030.strategy.uz portallariga yuborishlarini so‘raymiz.
Jamoatchilik muhokamasi 2023-yil 9-avgustga qadar davom etadi.
Unutmang, Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!