Buxoro viloyatining Jondor tumanida 2017-yilda 22 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lgan va ularda jami 1 ming 720 nafar yoki maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning atigi 18 foizi qamrab olingan.
2023-yilning birinchi yarmida esa maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni 163 taga yetkazildi, ya'ni 32 ta davlat, 120 ta oilaviy va 11 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi bog'chalar faoliyati yo'lga qo'yildi. Bu esa sohada olib borilgan keng qamrovli ishlar hamda e'tiborning amaldagi ifodasidir.
Amaliy ishlarning davomi sifatida tumanning "Chorzona" mahallasida tadbirkor Nafisa To‘layeva tomonidan 50 o‘ringa mo‘ljallangan “Feruzabonu” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Maskanning ochilish marosimida tuman hokimligi, Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi mutasaddilari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, bolajonlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Ramziy lenta qirqilgach, tadbir qatnashchilari maktabgacha ta’lim tashkilotida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Ma'lumot uchun, bugunga kelib mazkur tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari umumiy soni 170 tani tashkil etmoqda.