Kuni-kecha Surxondaryo viloyatida UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili ishtirokida Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida viloyatimizda loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan amaliy ishlar muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar kelishib olindi. Shuningdek, Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Birlashgan millatlar tashkiloti bolalar jamg’armasi UNICEF tashkiloti tomonidan olib borilayotgan “Surxondaryo viloyatida inklyuziv ta’lim, ijtimoiy xizmatlar va yuridik yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida koʻp tilli taʼlimga yoʻnaltirilgan muqobil maktabgacha taʼlim guruhlari ochilishi rejalashtirildi.
Uchrashuvdan so'ng, loyiha bo'yicha UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi xodimlari, xalqaro ekspert Tereza Gonsales va Maktabgacha taʼlim agentligi vakili Termiz shahridagi bir nechta maktabgacha ta'lim tashklilotlarini ko'zdan kechirishdi.
Tashrif doirasida loyiha bo‘yicha tanlangan maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va metodistlari, hamda tarbiyachilari bilan suhbat o'tkazildi. Shuningdek, ota-onalar va mahalla vakillari bilan ham uchrashuvlar bo'lib o'tdi.