Bugun O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin "Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasi" rektori P.Kuzmin bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida P.Kuzmin mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining maktabgacha va maktab ta’limi sohasini takomillashtirish masalalariga e’tiborini yuqori darajada baholadi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya Maorif Vazirligi Akademiyasining Rossiya Federatsiyasi pedagog kadrlarining malakasini oshirish bo’yicha faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Rossiya tomoni Rossiya poytaxtining maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarini amalga oshirishda Moskva shahri tajribasiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, O‘zbekiston tomoni Rossiyaning "Raqamli ta’lim muhiti" (“Цифровая образовательная среда”) federal loyihasi, "Men yagona davlat imtihonidan o‘taman” (“Я сдам ЕГЭ”) loyihasi, qo‘shimcha professional ta’lim raqamli tarmog‘i va ta’limiy kontentdagi raqamli kutubxona bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishdagi Rossiya tajribasini o‘rganish, shuningdek, Rossiya ta’lim loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Maktabgacha ta’lim agentligi delegatsiyasini Moskva shahriga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.