Yangiliklar
Maktabgacha ta'lim agentligi
Hurmatli ota-onalar!

So‘nggi paytlarda maktabgacha ta’lim sohasida ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu sababli, eski axborot tizimida nosozliklar tez-tez sodir bo‘ldi: tizim o‘zgarishlar ortidan “ulgura olmadi” va ularning hammasini kirita olmadi. Shuning uchun biz tizimni hech qanday nosozliklarsiz to‘liq quvvat bilan ishlatish imkonini beruvchi profilaktika ishlarini olib bormoqdamiz. Biz maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimining "Bolalar bog'chasi" (BB) nomli yangi versiyasini yaratmoqdamiz. Uni qanday o‘zgarishlar kutmoqda? 1. Eski tizimda bolalar bog‘chasiga yo‘llanmalar har ikki soatda shakllantirilar edi. Yangi versiyada ular ariza topshirilgandan so‘ng darhol avtomatik ravishda onlayn tarzda shakllantiriladi. 2. Eski tizimda bolalar bog’chasining biron bir guruhiga biriktirilmagan bola umumiy ro‘yxatda qolar edi va yo‘llanmani shakllantirish esa kechiktirilishi mumkin edi. Endilikda esa bola yo‘llanma shakllantirilgan guruhga biriktiriladi. Bundan so‘ng bolalar bog'chasi mudiri yoki tuman axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rahbari tomonidan bolaning yo‘llanmasi bekor qilinishi yoki o'zgartirilishi mumkin emas. 3. Yangi versiyada biz inson tomonidan tizimga ta'sir qilishni imkon qadar cheklab qo‘ydik. Yangi BB axborot tizimiga o‘tish jarayoni bir necha kun davom etadi. Bu qanday sodir bo‘ladi? 1. Avvaliga ma'lumotlar eski EMIS tizimidan yangi "Bolalar bog'chasi" tizimiga o‘tkaziladi. Ma'lumotlarni o‘tkazish jarayonida bolalar bog'chalari, arizalar, yo‘llanmalar va bolalar haqidagi barcha ma'lumotlar o‘zgarishsiz qoladi. 2. Mas'ul mutaxassislar eski tizimdan ma'lumotlarni uzatishning to‘g'riligini qo‘shimcha ravishda tekshiradilar. 3. Viloyat va tumanlardagi yangi tizim foydalanuvchilari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari uchun yangi tizim bilan tanishtiruvchi seminarlar o‘tkaziladi. 4. Real vaqt rejimida bolalar bog'chasiga qabul qilish uchun arizaning natijasini ko‘rsatadigan yangi integratsiya shlyuziga o‘tish amalga oshiriladi. Bu esa agar ariza topshirishda maktabgacha ta'lim muassasasida joy mavjud bo‘lsa, siz darhol ro‘yxatga olish uchun yo‘llanma olishingizni anglatadi. 5. Foydalanuvchilar, viloyat va tuman axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek bolalar bog’chasi mudirlariga yangi tizimga kirish va undan foydalanish imkoniyati beriladi. 6. Yangi tizimga o‘tishda har doim xatolar aniqlanadi. Yakuniy bosqichda ular dasturda tuzatiladi. (Bug Fix) 7. To‘liq tekshiruv va xatolarni tuzatishdan so‘ng “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Korxona va firmalar rahbarlari diqqatiga!

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi mebel, oʻquv adabiyotlari, oʻquv-uslubiy va didaktik majmualar, didaktik oʻyinlar va oʻquv oʻyinchoqlari, boshqa mahsulotlarning marketing tadqiqotlari va narxlarini oʻrganish shuningdek, tender / tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi tashkilotning ish haqini aniqlash maqsadida marketing tadqiqotini oʻtkazadi. Tijorat takliflari quyidagi manzilda qabul qilinadi: 100070, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Amir Temur koʻchasi, 17-uy Telefon: (+998) 71 207-04-08 (800). Tovarlarning nomi va miqdori 1-ilovada koʻrsatilgan. Takliflarni qabul qilish 2022-yil 28-fevral soat 17:00 gacha (Toshkent vaqti bilan) el.pochta: equip@mpe.uz; sayt: mail.mpe.uz

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha ta’limda qamrov darajasini oshirish - pirovard maqsad!

Bugungi kungi ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olishi aniqlangan. Shu bois yurtimizda maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga aylangan. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, shu asnoda bolaning intellektual shaxsini shakllantirish, ta’lim xizmatlarini yaratish orqali sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sohadagi izchil islohotlarning natijasidir. Mamlakat kelajagi, inson hayotining barcha sohalarini rivojlantirish va amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati bevosita ta’lim va ilm-fan sohasidagi siyosatning samaradorligiga bog‘liq. O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan ustuvorligini e’tirof etgan holda, ta’limning sifati va erkinligini ta’minlash, bu sohada davlat boshqaruvining samarali tizimini yaratish bo‘yicha tizimli va keng doiradagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.   So‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 83 ta qator normativ-huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Bular jumlasiga 3 ta qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 19 ta Prezident qarorlari, 42 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 7 ta Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar kiradi.   So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.   Jumladan,   Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini oshirish  hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazish;   2022-2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish;   maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish;   maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;   2022–2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarni malakasini oshirish;   maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish kabi vazifalar  keyingi yillar uchun asosiy vazifalar qilib belgilab olindi.   Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017-yilda 708,247 nafar (27,7%),  2018-yil 932,310 nafar (37,7%), 2019-yil 1,413,290 nafar (52,3%), 2020-yil 1,699,566 nafar (60,9%), 2021-yil 1,895,148 nafar (67,2%) 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Bundan foizlar ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib borganini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining o‘sishida ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatilayotganini aytish o‘rinli. 2017-yilda respublika miqyosida 5 211 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mazkur ko‘rsatkich  27 609  taga yetgani quvonarli holdir.   Bugungi kunda vazirlik maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalda joriy etish, o‘quv jarayonida innovasion pedagogik texnologiyalarni, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ularni o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar bilan ta’minlash hamda pedagog xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha muhim maqsad va vazifalarni bajarib kelmoqda. Shuningdek, mazkur sohada mavjud bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatishda moslashuvchanlikni ta’minlash, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida, maktabgacha ta’limning turli xil muqobil shakllarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar olib bormoqda.   Muhim o‘zgarishlardan yana biri shundaki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bog‘chalar shaklida o‘qitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Butun respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qisqa muddatli ya’ni, to‘liq kunli bo‘lmagan guruhlar kabi ta’limning muqobil shakli joriy etilmoqda.   Buyuk mutafakkirimiz Abdulla Avloniy bejizga bolani idishda turgan suvga qiyoslamagan. Suv qaysi rangdagi va qanday hajmdagi idishda turganiga qarab, xuddi shu tusda toblanadi degan ular. Bu haqiqat to hozirga qadar o‘z mohiyatini saqlab qolmoqda. Biz tomondan bolalarga qaratilgan e’tibor ila, ularning kelajak poydevori mustahkam quriladi. Maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim tarbiya olayotgan bolajonlarimiz – bizning kelajagimiz. Ularning jajji ko‘zlaridagi cheksiz mehr, murg‘ak qalblaridagi bir olam go‘zal orzulariga qanot bo‘lamiz desak, haqiqatga mosdir. Mittivoylarni rag‘batlantirish, ular bilan “bolalar tili”da so‘zlashish, dunyo mo‘jizalari eshiklarini ochish har birimizning vazifamizdir. Maktabgacha ta’lim tizimiga qamrovni yanada kengaytirish, bolajonlarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish oldimizga qo‘ygan asosiy vazifamizdir.   Movluda Asqarxo'jayeva, Maktabgacha ta’lim vaziriligi Axborot xizmati rahbari

Maktabgacha ta'lim agentligi
Korrupsiya faktlariga doir murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari haqidagi yillik HISOBOT

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining yangilangan tuzilmasida (2021-yil 16-fevraldagi 16-sonli buyruqqa asosan) 3 nafar xodimdan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish boʻlimi joriy yilning aprel oyidan ish boshlagan. Tizimda korrupsion holatlarga kurashni samarali tashkil etish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirining 2021-yil 12-iyuldagi 131 sonli buyrugʻiga asosan boʻlim nomi Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish boʻlimiga oʻzgartirildi hamda barcha hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalarida 1 shtatdan bosh mutaxassislar ajratilgan. Vazirlikning 2021-yil 8-sentyabrdagi 170-sonli buyrugʻiga asosan boʻlim nomi “Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boshqarmasi”ga oʻzgartirildi hamda shtat soni 5 taga yetkazilgan. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan 158 ta murojaatdan 80 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali, 3 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi orqali, 54 tasi elektron pochta, yozma, ogʻzaki va turli tashkilotlar orqati, 6 tasi ishonch telefoni orqali hamda 15 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boʻshqarmasida tashkil etilgan telegram kanali orqali kelib tushgan. Kelgan murojaatlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar Olingan maʼlumotlar asosida huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumanidagi 12-sonli DMTT direktori va Namangan viloyati, Uychi tumani MTB hisobchisi pora bilan qoʻlga olingan. Kelib tushgan tezkor maʼlumotlarga asosan 8 ta holatda maktabgacha taʼlim boʻlim va tashkilotlarida oʻrganishlar oʻtkazilib, moliyaviy kamchiliklarga, taʼmagirlik hamda firibgarlik holatlari boʻyicha toʻplangan xujjatlar huquqni muxofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Korrupsion holatlarga aloqadorligi uchun 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Qoʻl ostidagi xodimlar faoliyati ustidan yetarli nazorat oʻrnatmaganligi sababli 3 nafar rahbar xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.   Noqonuniy xatti-xarakatlarni amalga oshirgan 6 nafar xodimlarga mehnat qonunchiligiga asosan “xayfsan” intizomiy jazo chorasigan.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Jamoatchilik muhokamasida faol boʻling! Fikr bildiring

1-yo'nalishСкачать 2-yo'nalishСкачать 3-yo'nalishСкачать 4-yo'nalishСкачать 5-yo'nalishСкачать

Maktabgacha ta'lim agentligi
Taʻziya

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Toshkent shahar 560-sonli davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori Dilrabo Sultonovaning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi. Dilrabo Sultonova ajoyib inson, isteʼdodli pedagog, mohir tashkilotchi sifatida tanilgan edi. Uning kasbiy mahorati, malakasi va yosh avlodni tarbiyalashdagi fidoyiligi hurmatga sazovordir. Dilrabo Sultonova “Alohida ehtiyojli bolalar bilan ishlashda nafaqat bilim, malaka va tajribaga egalik, balki ularni «his” eta olish muhimdir. Men oʻz ish faoliyatimda ularning rivojlanishlaridagi alohida oʻziga xosliklarni boricha “qalbdan his etaman” va barcha insonlarni shunga undayman», degan tamoyil asosida ishlagan. Dilrabo Sultonovaning yorqin xotirasi qalbimizda mangu qoladi.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Namanganda oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi

Namangan shahridagi 60-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi Taʼlim sifatini taʼminlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻlimi tomonidan oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi. Seminar kunning yarmiga qadar Namangan shahri va uning tarkibiga kiruvchi Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlaridagi Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining, kunning yarmidan keyin esa, mazkur hududlardagi Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining metodistlari uchun amalga oshirildi. Taʼkidlanishicha, 2021-yil davomida viloyatdagi jami 2 ming 565 ta davlat va oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga vazirlik tomonidan 132 turdagi 1 million 9 ming 676 dona, 5 milliard 123 million 209 ming 200 soʻmlik didaktik tarqatma materiallar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va oʻyinchoqlar bepul yetkazib berildi. Seminarda “Oʻyin orqali taʼlim olish”, “Shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv asosida taʼlim jarayonini rejalashtirish”, “Kuzatuv va baholash”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish”, «Maktabgacha taʼlimda taʼlim jarayonini individuallashtirish.  Shuningdek, viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan joriy yanvar – «Namangan viloyatida oʻquv-metodik adabiyotlar va didaktik tarqatmali materiallardan samarali foydalanishni oʻrganish oyligi», deb eʼlon qilindi. Shunga koʻra, seminar-treningda egallangan koʻnikma va malakalarni kaskad usulida davom ettirish yuzasidan tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi. Eslatib oʻtamiz, ushbu doiradagi seminar-treninglar viloyatning qolgan tumanlarida joriy oyning 22-yanvar kuniga qadar davom etadi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Navoiyda yana bir MTT foydalanishga topshirildi

Nurota tumani Gʻafur Gʻulom nomidagi MFYda 10-sonli davlat MTT foydalanishga topshirildi. Mazkur 150 oʻrinli MTT Investitsiya dasturi asosida 2 mlrd 575 mln soʻm mablagʻ sarflanib, toʻliq rekonstruksiya qilindi. Hozirda tashkilot davlat taʼlim-tarbiya standartlariga toʻla javob beradi va tarbiyalanuvchilarni maktab taʼlimiga sifatli tayyorlash uchun yetarli shart-sharoitlarga ega. Maʼlumot uchun. Nurota tumanida 84 ta MTT boʻlib, ulardan 19 tasi davlat, 59 tasi oilaviy va 6 tasi DXSH asosidagi MTTlardir. Hozirda tumandagi 3-7 yoshli bolalarning 69,3 %i maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan. Joriy yil soʻngiga qadar bu koʻrsatkichni 72,5 %gacha yetkazish maqsad qilingan. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi “2021-2023 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4936-sonli Qaroriga asosan 2021-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan 2 ta yangi davlat MTT qurish hamda 8 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

2022-yil 9-yanvar kuni “Kompromatuzb” telegramm kanali va Feysbuk ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirilgan «Agripinna Shinxonim quyi tizimni kapital tozalash kerak» sarlavhasi ostida chiqqan maqola yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil30-iyundagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 407-sonli qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra tashkil qilinishi belgilangan. Tanlovda tashabbuskor tadbirkorlar qatnashishlari uchun bir oy oldin Maktabgacha taʼlim vazirligining mdo.uz saytiga eʼlon joylashtirilib, barcha turdagi tadbirkorlar ishtirok etishlari uchun imkon yaratilgan. Qarorning 1-ilovasida “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etish boʻyicha tanlov komissiyaning namunaviy tarkibi” tasdiqlangan. Andijon viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasining birinchi oʻrinbosari namunaviy komissiya tarkibiga kiritilmagan. Oʻz navbatida, 2021-yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni autsorsing usulida tashkil etish boʻyicha komissiyasi yigʻilishning 24-sonli bayonnomasi” tasdiqlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tanlov ijtimoiy tarmoqlarda oshkoralik va shaffoflik asosida tashkil etilgan. Maktabgacha taʼlim vazirligining 24-sonli tasdiqlangan bayonnomasida “Universal autsorsing MCHJ” gʻolib boʻlganligi haqida maʼlumotlar mavjud emas.

Maktabgacha ta'lim agentligi
MTTlari sonini oshirish va qamrovni kengaytirishga oid brifing boʻlib oʻtdi

2021-yilda maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini oshirish va qamrovni kengaytirish yoʻnalishidagi ishlar haqida brifing boʻlib oʻtdi. Unda Maktabgacha  taʼlim vazirligi tomonidan 2021-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida MTTlarni loyiha- smeta va qurilish-montaj ishlari olib borilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-son qaroriga muvofiq, 2021-yilda jami 38 205 quvvat (oʻrin)ga ega 222 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari obyektlarini (22 ta yangi quriladigan va 200 ta rekonstruksiya qilinadigan) qurish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun jami 900,0 mlrd.soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil27-apreldagi 52-son Rayosati majlisi bayoniga muvofiq Boʻstonliq tumanidagi 14-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti dasturdan chiqarilgan. Shuningdek, Olmazor tumanidagi 4-son sobiq MTT hamda Mirobod tumanidagi sobiq arxitektura-qurilish kolleji negizidagi MTT tashkil etish obyektlariga Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer maydoni ajratilmaganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-avgustdagi 118-son Rayosati majlisi bayoniga muvofiq davlat dasturidan chiqarildi. Tasdiqlangan manzilli dasturga muvofiq 222 ta obyektdan: - 23 ta obyektlar yildan-yilga oʻtuvchi boʻldi; - 199 ta esa toʻliq foydalanishga topshirildi. 2021-yil 30-dekabr holatiga koʻra Investitsiya dasturi doirasidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti obyektlariga jami 743 mlrd. 783 mln soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Jumladan, jami 199 ta obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanib, qoʻshimcha ravishda ularda 9440 oʻrin (quvvat) yaratildi. Shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasida 13 ta obyektlarda 43 mlrd. 267 mln.soʻm mablagʻ moliyalashtirilib, qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi; Andijon viloyatida 13 ta obyektda 46 mlrd. 783 mln.soʻm Buxoro viloyatida 12 ta obyektda 41 mlrd. 719 mln.soʻm Jizzax viloyatida 10 ta obyektda 35 mlrd.990 mln.soʻm    Qashqadaryo viloyatida 16 ta obyektda 51 mlrd. 634 mln.soʻm Navoiy viloyatida 10 ta obyektda 25 mlrd.197 mln.soʻm Namangan viloyatida 12 ta obyektda 44 mlrd.146 mln.soʻm Samarqand viloyatida 16 ta obyektda 57 mlrd. 800 mln.soʻm Surxondaryo viloyatida 15 ta obyektda 47 mlrd. 338  mln.soʻm Sirdaryo viloyatida 13 ta obyektda 47 mlrd. 597 mln.soʻm Toshkent viloyatida 30 ta obyektda 101 mlrd. 360 mln.soʻm Fargʻona viloyatida 18 ta obyektda 71 mlrd. 433 mln.soʻm Xorazm viloyatida 8 ta obyektda 31 mlrd. 745 mln.soʻm Toshkent shahrida 13 ta obyektda 65 mlrd. 371 mln.soʻm mablagʻ moliyalashtirilib, qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlandi. 2022-yil Investitsiya dasturi doirasida belgilangan limitlarni oʻzlashtirish imkoniyati mavjud boʻlmagan  23 ta MTT obyektlarini (Buxoro viloyatida-2 ta, Toshkent viloyatida-15 ta, Toshkent shahrida-6 ta) yildan-yilga oʻtuvchi obyekt sifatida 2022-yil Investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan takliflar vakolatli organ Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga kiritildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
“Yana Samarqanddagi bogʻchalardan biridagi holat” yuzasidan rasmiy munosabat

“BABY LAND” xususiy bogʻchasida suratdagi bolakayga zulm qilishgan, uni urib badanining turli joylariga shikast yetkazishganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan maʼlumotlar yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi. Samarqand tumani “Buxoriy” MFY hududida joylashgan Baby Land (Kids academy) xususiy maktabgacha taʼlim tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2020-yil 09-mart kuni “Bexruzjon Intelekt” xususiy korxonasi tomonidan xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etish boʻyicha litsenziya (№MT 1248 soni) asosida faoliyat olib bormoqda. Holat yuzasidan dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra kichik guruh tarbiyachisi I.D. tomonidan 2022-yil 24-mart kuni 2019-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchi U.F. ga tan jarohatini yetkazilganligi yuzasidan tarbiyalanuvchining onasi fuqaro I.Sh. tomonidan Samarqand tumani IIBga yozma ravishda murojaat qilingan, hozirgi kunda tuman IIBsi tomonidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda. Tadbirkor tomonidan tarbiyachi I.D bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Maktabgacha taʼlim vazirligi bunday holatlarda xususiy bogʻchalarni litsenziyasini bekor qilish masalasini ilgari soʻradi, Har bir tadbirkor tashkil etayotgan bolalar bogʻchalariga tarbiyachi koʻnikmalari va mutaxassislarni jalb qilishi lozim.   Vazirlik tadbirkorlar eslatma ravishda qoʻyidagilarni bildiradi: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “MAXSUS ELEKTRON TIZIM ORQALI AYRIM FAOLIYAT TURLARINI LITSENZIYALASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YAGONA NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA”gi 80-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2 ilovasidagi 9 bandi «v» xatboshida belgilangan tartiblar asosida litsenziya olgan tadbirkor litsenziya shartlarini qoʻpol ravishda buzganligi toʻgʻrisida koʻrsatib oʻtilgan, unga koʻra litsenziya shartnomasi bekor qilinadi. (v) taʼlimning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda boʻlishi, taʼlim jarayonida urushni, zoʻravonlikni targʻib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, taʼlim oluvchilar jinsiga koʻra ajratib oʻqitilishiga (qonunchilikda ayrim oʻquv fanlarni ajratib oʻqitish boʻyicha belgilangan holatlar bundan mustasno), mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va maʼnaviy asoslari, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna solinishiga, Oʻzbekiston Respublikasi toʻgʻrisida notoʻgʻri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlari buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik*)

Maktabgacha ta'lim agentligi
“Men va mening oilam” kuni – bolalarni yaqindan bilish uchun yana bir qadam tashlandi

Toshkent viloyatidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Men va mening oilam” kuni tadbirlari boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbir maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan ota-onalarning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish, oila, mahalla va taʼlim tashkilotlari hamkorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida tanlov oʻtkazildi. Shartlar davomida ishtirokchilarning iqtidorlarini namoyon qilishga erishildi.Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari, bobo-buvilari, amaki-togʻalari hamda akalari ishtirokida “Otam, onam va men” sportchilar oilasi sport musobaqasi, “Kitobxon oila” koʻrik-tanlovi, “Bu mening oilam” mavzusidagi rasmlar tanlovi, “Hunarmand oila” koʻrgazmalari, “Oilada farzand tarbiyasiga eʼtibor”, “Mening farzandim — Vatanim faxri!” mavzularida psixologik treninglar olib borildi. Shuningdek, “Bir bolaga yetti qoʻshni – ota-ona”, “Bola aziz, odobi undan aziz”, “Farzand tarbiyasida ota-onaning oʻrni va masʼuliyati” kabi mavzulardagi oila-mahalla-taʼlim tashkilotlari hamkorligida davra suhbatlari oʻtkazildi.Ayniqsa, tarbiyachi-pedagoglar tomonidan “Men va mening oilam”, “Mening oilam-mening baxtim!” mavzularida tarbiyalanuvchilar ishtirokida olib borilgan ochiq mashgʻulotlardan bolajonlar oʻzgacha zavq oldi. “Zumradoylar davrasi» toʻgaragi aʼzolari ishtirokida buvijonlar bilan “Buvijonim oʻgitlari”, “Ona allasida mehr mujassam”, “Onam aytgan allalar” kabi mavzularda tadbirlar tashkillashtirildi. “Men va mening oilam” kunining yakunlari boʻyicha jarayonlarda faol ishtirok etgan ota-onalar, bobo-buvilar, amaki-togʻalar hamda akalari oʻrtasida turli xil nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblik aniqlanib, ularga faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Batafsil
Maktabgacha ta'lim agentligi
Shaxmat musobaqasi boʻlib oʻtdi

Bugun, 23-dekabr kuni Maktabgacha taʼlim vazirligi xodimlari oʻrtasidagi shaxmat musobaqasi oʻtkazildi. Musobaqaga M.Toshmatov va I.Mirxosilov hakamlik qildi. Musobaqa koʻtarinki ruhda kechdi. Gʻolib deb topilgan xodimlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Mazkur musobaqada ayol xodimlar orasidan: 1-oʻrin U.Ziyayevaga; 2-oʻrin N.Umirzakovaga; 3-oʻrin Sh.Teshaboyevaga. Erkak xodimlar orasidan: 1-oʻrin A.Abdusalomovga; 2-oʻrin S.Xodjiyevga; 3-oʻrin Sh.Kamolovga nasib etdi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
6 ming dona kitob nashr etildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida maktabgacha yoshdagi bolalar, pedagoglar va ota-onalar uchun 6 ming dona kitob nashr etildi. Kitoblar uchun viloyat hokimligi tomonidan mablagʻ ajratildi. Ushbu kitoblar maktabgacha yoshda ingliz, rus tillarini oʻrganishga moʻljallangan. Toʻplamda inglizcha — oʻzbekcha, inglizcha — ruscha, ish daftarchasi, reja, nutqni rivojlantirish ensiklopediyasi va bolalar psixologiyasiga oid kitoblar mavjud. Har bir kitob “Ilk qadam” davlat dasturi va maktabgacha taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarning ota-onalari uchun uslubiy yordamga mos keladi.  Shuningdek, konsepsiya maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ingliz — tojik, ingliz — qoraqalpoq va ingliz — qozoq tillari, shuningdek, tabiatni asrashga oid belgilar bilan eko-kitoblarni oʻrgatuvchi kitoblarni chiqarishni ham oʻz ichiga oladi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Koreya Respublikasi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari assotsiatsiyasi bilan Memorandum imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va Koreya Respublikasi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari assotsiatsiyasi oʻrtasida Memorandum imzolandi. Memorandumning maqsadi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarini malakasini oshirish sohasida qoʻshma oʻquv dasturlarini amalga oshirish, maktabgacha ta’limda innovatsion yondashuvlarni joriy etish, oʻquv jarayoni sifatini oshirish va Oʻzbekiston Respublikasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash orqali Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish. Shuningdek, oʻquv-uslubiy materiallar va adabiyotlarni birgalikda ishlab chiqish, MT tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, Oʻzbekiston va Koreya olimlari, metodistlari, oʻqituvchilari ishtirokida qoʻshma xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar oʻtkazish.

Maktabgacha ta'lim agentligi
KICCE (Janubiy Korea Respublikasi) bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi

Maktabgacha taʼlim vazirligi Koreyaning Bolalarga gʻamxoʻrlik va erta taʼlimni oʻrganish instituti (KICCE) oʻrtasida erta yoshdagi taʼlim tizimini takomillashtirish sohasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Ushbu Memorandumning asosiy maqsadi Koreya Respublikasi mutaxassislari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimining mustahkam ilmiy bazasini yaratish, shuningdek davlat standartlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni birgalikda ishlab chiqishdan iborat.Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimi uchun pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari ham memorandum doirasida amalga oshiriladi. Memorandumdan quyidagicha natijalar kutilmoqda:- qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va mustahkam qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish;- oʻquv-uslubiy majmualarni ishlab chiqish va maktabgacha yoshdagi bolalarni oʻqitish uchun didaktik materiallar;- Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari uchun milliy yoʻnaltirilgan oʻquv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish.

Maktabgacha ta'lim agentligi
KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha muhokamasi boʻlib oʻtdi

“Oʻzbekistonda Kadrlar tayyorlash, tarbiyalash va malakasini oshirish kompleks markazini qurish orqali maktabgacha taʼlim muassasalari pedagoglarining salohiyatini oshirish” loyihasini amalga oshirish yuzasidan muhokamalar olib borildi. Unda Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin hamda KOICA Bosh ofisi vitse-prezidenti Im Jong Xi xonim ishtirok etdi. Loyiha doirasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida “Kadrlar tayyorlash, tarbiyalash va malakasini oshirish kompleks markazi va innovatsion davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti” qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, maktabgacha taʼlim va erta rivojlanishda innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda maktabgacha taʼlimni targʻib qilish ishlari ham koʻzda tutilgan. Maʼlumot uchun: ushbu loyiha 2021-2026-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Vazirlik huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Xarid komissiyasi

145_xarid_komissiyasi_tarkibiСкачать

Maktabgacha ta'lim agentligi
Rasmiy munosabat

Maktabgacha ta'lim vazirligi "Rost24.uz" saytida e'lon qilingan jurnalistik surishtiruv yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi: Andijon viloyatida hozirda 64 ta mahallada bolalar bogʻchasi mavjud emas. Ushbu 64 ta MFY dagi bolajonlarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish yuzasidan 2022-2024-yillar davomida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari ochish rejalashtirilgan. Shuningdek viloyatda shu kunga qadar 84 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari filiallaridan 71 tasi asosiy davlat tashkilotlariga  aylantirilgan. 13 tasi davlat xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sifatida faoliyat koʻrsatishi uchun tadbirkorlarga berilgan. Barcha DMTTlar sovutgichlar bilan taʼminlangan. 2022-yil davlat dasturiga 17 ta (1 ta yangi qurilish, 16 ta rekonstruksiya) DMTTlar kiritildi va 2023-yil uchun 25 tasini dasturga kiritish takliflari ishlab chiqildi. Shuningdek, hozirda 16 ta (Asakada  4 ta, Boʻstonda 1 ta, Ulugʻnorda           1 ta, Paxtaobodda 4 ta, Shaxrixonda 6 ta) bogʻchaga ichimlik suvi tashib keltiriladi,  18 ta tashkilotning qisman atrofi oʻralmagan. Bundan tashqari, bugungi kunda viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida musiqa mashgʻulotlari oʻtish uchun sharoit yaratilgan hamda barchasida kichik kutubxonalar (kitobxonlik burchagi) tashkillashtirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi qaroriga asosan mamlakatimizdagi 53 ta tumanda 2021-2022-yillarda maktabgacha taʼlim qamrovini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, 1991-yilda Oʻzbekiston Respublikasida jami   10 134  ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan. Aholining oʻsish suratlari boʻlishiga qaramay MTTlar soni 2016-yilda 4 916 ta boʻlgan. 2017-yilda MTTlar soni  5 211 tani (4961 ta davlat va 250  ta nodavlat) tashkil etgan boʻlsa, bugunga qadar ularning soni, yaʼni 2021-yil sentyabr oyi holatiga koʻra 24 922 taga (6 382 ta davlat va 18 540  ta nodavlat) yetdi. Shuningdek, maqolada “Yangihayot tumanidagi   248, 99, 21, 24, 53, 204, 206-bogʻchalar qurilishi hali bitmagan”i taʼkidlangan. Aslida 248-DMTT Olmazor tumanida joylashgan boʻlib, tashkilotni rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi Investitsiya dasturi toʻgʻrisidagi PQ-4067-sonli qaroriga asosan tasdiqlangan. Obyektda qurilish-montaj ishlari bajarilayotgan vaqtida loyiha-smeta hujjatlarida koʻzda tutilmagan qoʻshimcha ish hajmlari borligi sababli pudratchi tashkilot tomonidan qoʻshimcha mablagʻ talab etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-noyabrdagi 159-sonli Rayosat bayoniga asosan 900,0 mln. soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilganligi va bugungi kunda mazkur obyektni rekonstruksiya qilish boʻyicha (2 bosqich ishlari uchun) tegishli vazirlik va idoralarga 2021-yildan 2022 yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Rayosat bayoniga kiritilishi boʻyicha takliflar berilgan. Yunusobod tumanidagi rekonstruksiya qilinishi lozim boʻlgan 99-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning pudratchi tashkilotiga nisbatan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan va hozirda prokuratura tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoiy ish boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Obyektni bugungi kunga qadar foydalanishga topshirilmaganligi va qurilish ishlari yakunlanmaganligi hamda qurilish normalariga zid ravishda qurganligi sababli pudrat tashkiloti bilan tuzilgan pudrat shartnomasi bir tomonlama bekor qilingan. Obyektni qurilish ishlari 2021-yildan 2022-yilga oʻtishi boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritilgan. Shayhontoxur tumanidagi 21-sonli MTTni rekonstruksiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning yer maydoni Fransiya elchixonasining hududiga tegishli boʻlganligi sababli qurilish ishlari toʻxtatilgan edi. Hozirgi kunda qurilish ishlariga ruxsat berilib, qurilish ishlari (tashqi obodonlashtirish, pardozlash, besetka, beton stayashka ishlari) amalga oshirilib, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Chilonzor tumanidagi 24-sonli MTTni rekonstruksiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2021-yil Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda rekonstruksiya qilish binosining qurilish ishlari yakunlangan, qoʻshimcha qurilish (oshxona) binosi va tashqi obodonlashtirish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda, joriy yil yakuniga qadar toʻliq foydalanishga topshiriladi Yunusobod tumanidagi 53-sonli MTTni rekonstruksiya qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda qurilish ishlari (tashqi obodonlashtirish, binoni ichki qismida rang berish ishlari) amalga oshirilib, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Chilonzor tumanidagi 204-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektda qurilish ishlari (kafel terish, laminat, tashqi obodonlashtirish) amalga oshirilmoqda, joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Yunusobod tumanidagi 206-sonli MTT Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-dekabrdagiPQ-4936-sonli qaroriga asosan 2020-yildan 2021-yilga oʻtuvchi obyekt boʻlib Investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur obyektning qurilish ishlari (kafel terish, laminat, tashqi obodonlashtirish) ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Koson tumanidagi “Zamin” MFYda 1976-yil,    “Binafsha” nomli sobiq 17-sonli MTM qurilgan boʻlib, bola qamrovi past boʻlganligi sababli 2014-yilda faoliyati toʻxtatilgan. 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya manzilli dasturiga kiritib rekonstruksiya qilish va davlat maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etish boʻyicha taklif berilgan. Hozirgi kunda loyihalash ishlari ketyapti. Namangan viloyati Chust tuman “Yangi yer” MFY hududida joylashgan 63-soni MTT 1971-yilda qurilgan. Quvvati 50-oʻrinli. Moslashtirilgan binoda faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda ushbu tashkilotga 66 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan. Bugungi kunga qadar tashkilotning asosiy binosining isitish tizimi, hojatxonasi va qoʻrgʻon devori tuman MTB tashabbusi hamda jalb etilgan homiylar koʻmagida taʼmirlangan. Bundan tashqari, joriy haftaning dastlabki kunlarida tashkilot hovlisidagi mavjud yoʻlaklar asfaltlab berildi.  Tashkilotda kapital rekonstruksiya ishlarini 2022-2025-yillar davomida “Investitsiya” davlat dasturi asosida amalga oshirish  rejalashtirilgan. Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi OʻRQ-595 sonli qarorning                  9-moddasida koʻra, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida litsenziyalar berish vakolati yuklatilgan. Shu sababli, mazkur xususiy maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻzlarining belgilagan Nizomiga koʻra, bolalar badal pulini tadbirkor oʻzi ixtiyoriy tartibda belgilaydi. Shuningdek, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat masalasi boʻyicha, unda shaffoflikni oshirish yuzasidan bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasi Toshkent shahri  Bektemir tumanida tajriba-sinov qismi boshlandi. Hozirda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarga sifatli taʼlim  berish maqsadida “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi ishlab chiqilgan. Shuningdek, Gersen nomidagi Moskva davlat Pedagogika Universitetining Toshkent shahri filiali hamda Maktabgacha taʼlim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida onlayn va offlayn tarzda soha muttaxassislari qayta tayyorlanmoqda. Bugungi kunda Investitsiya dasturi asosida viloyatlardagi eng chekka hududlarida maktabgacha taʼlim tashkilotlari qad rostlamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan chekka hududlardagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar badal puli 8 ta viloyatning 50 ga yaqin tumanlarida 50% chegirma qilindi. Bu esa mazkur hududdagi bolajonlarni maktabgacha taʼlim qamrovi kengayishiga xizmat qilmoqda. Maktabgacha taʼlim vazirligi maqolada keltirilgan maʼlumotlar va raqamlarning xato ekanligini qayd etadi. Xususan 2021-yilga kelib bogʻcha yoshidagi 2,8 million nafar bolaning 64,9 foizi maktabgacha taʼlimga bilan qamrab olinganini maʼlum qilamiz.  Xususan,  maqolada MTTlar soni ortmayotgani taʼkidlangan. Ushbu vajni rad etgan holda, aniq raqamlarni keltirsak: Oʻzbekistonda 35 mln. aholi istiqomat qilib, shundan 2,8 mln.ni 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar boʻlib, bunda aholining yillik oʻsishi 800 ming bolaga toʻgʻri keladi. Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 3-7 yoshli bolalarning umumiy sonidan (2,8 mln.) 1 829 328 bola (2017-yilda – 708 247; 2018-yilda – 932 310; 2019-yilda – 1 413 290; 2020-yilda – 1 699 566 bola) yoki maktabgacha yoshdagi aholining 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi (2017-yilda – 27,7%; 2018-yilda – 37,7%; 2019-yilda – 52,3%; 2020-yilda –60,9%). Shu bilan birga 2021-yil 3 chorak yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida 24 922 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti (2017-yilda – 5 211 ta; 2018-yilda – 7 104 ta; 2019-yilda – 13 530 ta; 2020-yilda – 18 254 ta), shu jumladan 6 382 ta davlat va 18 540  ta nodavlat, shu jumladan 803 ta xususiy, 16 646 ta oilaviy va DXSH doirasida 1 091 ta nodavlat MTT faoliyat koʻrsatmoqda. Yuqoridagi maʼlumotlar esa, foizlar koʻrsatkichi yildan-yilga ortib borganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, 2030-yilga kelib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan. Statistika qoʻmitasining maʼlumotida qayd etilishicha, 2021-yil yanvar holatiga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar jami  2.8 million nafarni tashkil etadi. Bu esa bugungi kunda bogʻcha yoshidagi bolalarning 64,9 foizi maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganini isbotlaydi. Shuningdek, Statistika qoʻmitasi tomonidan davlat va DXSH maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan bolalar soni eʼlon qilingan. Ushbu statistik maʼlumotlarda oilaviy va xususiy MTTlar haqida maʼlumot kiritilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3571-sonli qarori bilan 2018-yil 1-martdan va 1 sentabrdan boshlab maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari oylik maoshlari oshirilish boshlangan. 2018-yil 1 sentabrdan boshlab oʻqituvchilar, oliy maʼlumotga ega boʻlgan tayyorlov guruhi tarbiyachilari, psixologlar, logoped va defekteloglar umumtaʼlim maktablaridagi oʻqituvchilar maoshlariga tenglashtirilgan. 2019-yildan esa umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari malaka toifalariga qarab, oylik maoshlari 10-25% ga qadar oshirildi. Shunda, maktabgacha taʼlim tizimidagi oliy maʼlumotga ega tayyorlov guruhi tarbiyachilari maktablardagi oʻqituvchilarning oylik maoshlariga nisbatan 10-25%ga kam. Maktabgacha taʼlim vazirligi Moliya vazirligiga oliy maʼlumotga ega tarbiyachilarning oylik maoshini maktablardagi oʻqituvchilar maoshi bilan tenglashtirish, oshpazlar maoshini 2 barobar oshirish, xalqaro tajribaga asosan “pedagog statusi” amaliyotini yanada keng qoʻllash va maktabgacha taʼlim tizimi pedagog xodimlari umumtaʼlim maktablardagi oʻqituvchilar bilan bir xil miqdorda oylik maosh olishlari yuzasidan taklif bergan. Dastlabki hisob kitoblarga koʻra, mazkur takliflar ijrosi uchun 1,5 trln. soʻm mablagʻ ketishi hamda mazkur dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, mazkur yoʻnalishdagi ishlar toʻxtab qolmasligini vazirlik doimo oʻzining quyi tizimdagi xodimlarni mehnatiga yarasha haq toʻlash borasida reja va dasturlar ishlab chiqilayotganligini maʼlum qilamiz. Maktabgacha taʼlim vazirligi OAV lari uchun doim ochiqdir. Jurnalistlardan tekshirilmagan, aniq asoslarga tayanilmagan, tizimning shaʼniga putur yetkazadigan har qanday maʼlumotlarni OAVda eʼlon qilishdan avval Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati bilan hamkorlik qilishga chorlaymiz! Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati

Maktabgacha ta'lim agentligi
Maktabgacha taʼlim vazirligida yana bir uchrashuv boʻlib oʻtdi

Maktabgacha taʼlim vazirligi ham Mordoviya milliy tadqiqot universiteti vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ikki tashkilotning istiqbolli hamkorlik rejalari muhokama qilindi. Xususan uchrashuvda “Rus tili chet elda: innovatsion yondashuvlar va taʼlimning samarali amaliyotlari” mavzusida xalqaro ilmiy-metodik konferensiya tashkil etish xususida soʻz bordi. Shuningdek Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin Maktabgacha taʼlim siyosatini shakllantirish boʻyicha taʼlim va rivojlanish strategiyalari borasida soʻz yuritdi.Uchrashuvda kelgusi hamkorlik faoliyati borasida ijobiy fikrlar bildirildi.

Вид сайта
Размер шрифта