Bugungi kungi ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasida inson hayoti davomida oladigan barcha ma’lumotning yetmish foizini besh yoshgacha bo‘lgan davrda olishi aniqlangan. Shu bois yurtimizda maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining ajralmas bo‘lagiga aylangan. Uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, shu asnoda bolaning intellektual shaxsini shakllantirish, ta’lim xizmatlarini yaratish orqali sifat darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sohadagi izchil islohotlarning natijasidir. Mamlakat kelajagi, inson hayotining barcha sohalarini rivojlantirish va amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati bevosita ta’lim va ilm-fan sohasidagi siyosatning samaradorligiga bog‘liq. O‘zbekiston ta’lim va ilm-fan ustuvorligini e’tirof etgan holda, ta’limning sifati va erkinligini ta’minlash, bu sohada davlat boshqaruvining samarali tizimini yaratish bo‘yicha tizimli va keng doiradagi chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
So‘nggi besh yilda maktabgacha ta’lim sohasida 83 ta qator normativ-huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Bular jumlasiga 3 ta qonun, 2 ta Prezident Farmoni, 19 ta Prezident qarorlari, 42 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 7 ta Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, 10 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar kiradi.
So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasi asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi.
Jumladan,
Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini oshirish hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkazish;
2022-2023-yillarda 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga, 2024/2025 o‘quv yili yakuniga qadar 100 foizga yetkazish;
maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali 7 mingdan ziyod yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish;
maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish;
2022–2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarni malakasini oshirish;
maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish kabi vazifalar keyingi yillar uchun asosiy vazifalar qilib belgilab olindi.
Mamlakatimizda 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017-yilda 708,247 nafar (27,7%), 2018-yil 932,310 nafar (37,7%), 2019-yil 1,413,290 nafar (52,3%), 2020-yil 1,699,566 nafar (60,9%),
2021-yil 1,895,148 nafar (67,2%) 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Bundan foizlar ko‘rsatkichi yildan-yilga ortib borganini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda, bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonining o‘sishida ijobiy ko‘rsatkichlar kuzatilayotganini aytish o‘rinli. 2017-yilda respublika miqyosida 5 211 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mazkur ko‘rsatkich 27 609 taga yetgani quvonarli holdir.
Bugungi kunda vazirlik maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalda joriy etish, o‘quv jarayonida innovasion pedagogik texnologiyalarni, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, ularni o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar bilan ta’minlash hamda pedagog xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha muhim maqsad va vazifalarni bajarib kelmoqda. Shuningdek, mazkur sohada mavjud bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatishda moslashuvchanlikni ta’minlash, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida, maktabgacha ta’limning turli xil muqobil shakllarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar olib bormoqda.
Muhim o‘zgarishlardan yana biri shundaki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bog‘chalar shaklida o‘qitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Butun respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qisqa muddatli ya’ni, to‘liq kunli bo‘lmagan guruhlar kabi ta’limning muqobil shakli joriy etilmoqda.
Buyuk mutafakkirimiz Abdulla Avloniy bejizga bolani idishda turgan suvga qiyoslamagan. Suv qaysi rangdagi va qanday hajmdagi idishda turganiga qarab, xuddi shu tusda toblanadi degan ular. Bu haqiqat to hozirga qadar o‘z mohiyatini saqlab qolmoqda. Biz tomondan bolalarga qaratilgan e’tibor ila, ularning kelajak poydevori mustahkam quriladi. Maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim tarbiya olayotgan bolajonlarimiz – bizning kelajagimiz. Ularning jajji ko‘zlaridagi cheksiz mehr, murg‘ak qalblaridagi bir olam go‘zal orzulariga qanot bo‘lamiz desak, haqiqatga mosdir. Mittivoylarni rag‘batlantirish, ular bilan “bolalar tili”da so‘zlashish, dunyo mo‘jizalari eshiklarini ochish har birimizning vazifamizdir. Maktabgacha ta’lim tizimiga qamrovni yanada kengaytirish, bolajonlarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish oldimizga qo‘ygan asosiy vazifamizdir.
Movluda Asqarxo'jayeva,
Maktabgacha ta’lim vaziriligi
Axborot xizmati rahbari