2022-yil 14-22-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari pedagoglarining kasbiy mahoratini oshirish, ularga metodik yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etish maqsadida “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlov guruhlari pedagoglari uchun «Ilm yoʻli” variativ dasturi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etildi.
Mazkur oʻquv kurslar Maktabgacha taʼlim vazirligi tasarrufidagi Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahar filiali, Toshkentdagi Puchon universiteti, respublika oliy taʼlim muassasalari hamda pedagogika kollejlarining tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan masofaviy va anʼanaviy tarzda olib borildi .
Qisqa muddatli oʻquv kurslarida respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda pedagogika kollejlarida tashkil etilgan majburiy tayyorlov guruhlarining 3300 dan ziyod pedagoglari faol ishtirok etdilar.
Oʻquv kursi davomida tinglovchilar “Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan Davlat talablarining mazmun va mohiyati”, “Ilm yoʻli” variativ dasturining maqsadi, vazifalari va tamoyillari», “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash guruhlarida umumiy guruhli taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish”, “Ilm yoʻli” variativ dasturi asosida oʻqitishga yondashuvlar» kabi mavzular doirasida oʻz bilim va koʻnikmalarini mustahkamladilar.