Joriy yilning 31-yanvari Maktabgacha taʼlim vazirligida Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha Operatsion rahbari janob Muhammad Almasoud boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Maktabgacha taʼlim vazirligi va Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Maktabgacha taʼlim tizimida nodavlat sektorini rivojlantirishga koʻmaklashish” loyiha va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Muhammad Almasoud Oʻzbekiston Respublikasi bilan turli yoʻnalishlarda, jumladan, maktabgacha taʼlim sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tarafdori ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining strategik rivojlanishining ajralmas qismi boʻlgan maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish muhimligi ham qayd etib oʻtildi.
Shu bilan birga, maktabgacha taʼlim vazirligining 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish va maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini koʻpaytirish borasidagi muvaffaqiyatli faoliyati alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar natijasida tomonlar joriy loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida birgalikdagi ishlarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishdilar.