Joriy yil fevral oyining birinchi kunida ijtimoiy tarmoqda Namangan shahrida joylashgan Davlatobod tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli 42-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati toʻgʻrisida videoyozuv tarqaldi.
Mazkur voqelik viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi huzurida tuzilgan tezkor guruh tomonidan joyida, xolisona oʻrganildi.
Oʻrganishda tashkilot ish beruvchisi va boshqa xodimlar bilan tashkilotning OSHPAZ XODIMI oʻrtasida uzoq vaqtdan buyon nizoli munosabat davom etib kelganligi, shu tufayli yuqorida qayd etilgan videoyozuv noxolis, qasddan uyushtirilgan holda tasvirga tushirilib, ijtimoiy tarmoqda tarqatilganligi aniqlandi.
Yaʼni, tashkilotda ishlovchi OSHPAZ XODIMAning Davlatobod tuman hokimiga yoʻllagan eʼtirozli (bir guruh xodimlar unga bosim oʻtkazayotganligi ustidan shikoyat qilgan) murojaati tuman hokimligi tomonidan joriy yilning 18-yanvar kuni oʻrganib chiqilgan. Qayd etilgan xulosalar tegishliligi boʻyicha tashkilotning Kuzatuv Kengashiga taqdim etilgan.
Joriy yilning 21-yanvar kuni Kuzatuv Kengashi tuman hokimligi taqdim etgan xulosalarga asoslanib, OSHPAZ XODIMAni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Ushbu qaror tashkilotning Kasaba uyushmasi yigʻilishida ham koʻrib chiqilgan. Unga koʻra, uyushmaning 8 nafar aʼzosi betarafligini, 3 nafar aʼzosi OSHPAZ XODIMAning ishlash, 19 nafar aʼzo esa, ishdan ketkazish toʻgʻrisida munosabat bildirgan.
Taʼkidlash joizki, videoyozuv aynan shu kuni, yaʼni, joriy yilning 24-yanvar sanasida OSHPAZ XODIMAning tarafdorlari tomonidan tashkilotdagi “Qoʻngʻiroqcha” guruhini oʻsha kun uchun tayyorlangan birinchi (suyuq) taom bilan ovqatlantirish paytida belgilangan taomil (ratsion) asosida tayyorlangan taomni sifatsiz koʻrsatish maqsadida uning tarkibidagi goʻsht va yogʻ mahsulotlarini terib olgan holda tasvirga olingan. Holbuki, oʻsha kungi tayyorlangan taomlardan tanovul qilgan boshqa guruhlarda bunday eʼtirozlar boʻlmaganligi, taqdim etilgan ovqatlar meʼyorida boʻlganligi aytildi.
Achinarlisi, tashkilot faoliyatiga nisbatan ota-onalarning salbiy munosabatini shakllantirishga uringan tarafkashlar ushbu tasvirni 24-yanvardan 25-yanvarga oʻtar kechasi davomida har bir ota-onaga tarqatib chiqishgan. Yuborilgan videoyozuv ostida tashkilotni obroʻsizlantirishga, odamlarda maktabgacha taʼlim tizimiga ishonchsizsizlik kayfiyati hosil qilishga qaratilgan soʻzlar qoldirilgan.
Eslatib oʻtamiz: kasbiy-axloqiy jihatlari 2 ta vakolatli Kengashda koʻrib chiqilgan OSHPAZ XODIMA joriy yilning 24-yanvar kunidan 28-yanvar kuniga qadar ishga kelmagan.
OSHPAZ XODIMA tashkilot direktorining joriy yil 31-yanvardagi Kuzatuv Kengashi hamda Kasaba uyushmasi qarorlariga va boshqa hujjatlarga asoslanib chiqargan buyrugʻi bilan vazifasidan ozod etilgan.
Oʻrganish davomida ushbu videoyozuvni maʼlum tarafkashlar tomonidan “Telegram” kanali orqali qabul qilib olib, oqibatda yomon kayfiyat taʼsiriga tushib qolgan va buning natijasida mazkur videoyozuvni “Namanganliklar” ijtimoiy tarmogʻiga joylashtirishga sababchi boʻlgan “O.A” ism-sharifli ayol bilan suhbatlashildi.
Suhbat jarayonida “O.A” jamiyatdagi salbiy holatlarga tabiatan befarq emasligini bildirdi va:
“Mazkur tashkilotda bir nafar farzandim tarbiyalanadi. Videoyeyozuvni koʻrganim zahoti mendagi tuygʻular qattiq gʻalayon qildi: “nahotki, mening farzandim, qolaversa, boshqa farzandlar tarbiyasi, ularning sogʻlom rivojlanishi ishonib topshirilgan tashkilotdagi ahvol shu boʻlsa” degan ishtibohga berildim. Shundan soʻng, videoyozuvni “Namanganliklar” kanaliga taqdim etdim. Keyinchalik bildimki, mazkur holatda men tashkilotda ishlovchi ayrim xodimlarning oʻzaro kelishmovchiligi tufayli vujudga kelgan oqibatsizlikning “qurol”i boʻlib xizmat qilibman. Toʻgʻrirogʻi, mening taʼsirchanligimdan ular “oqilona” foydalanishib, meni “qurol”ga aylantirishibdi. Masalaning asl mohiyatini bilmaganim bois, ushbu videoni ijtimoiy tarmoqda yoritilishiga sababchi boʻlib qolibman», – dedi u.
Namangan viloyat Maktabgacha taʼlim boshqarmasi yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqda berilgan videoyozuvda bildirilgan iddaoni mutlaqo rad etadi. Ayni paytda barcha ijtimoiy tarmoq adminlarini, xususan, “Namanganliklar” kanalining muhtaram jonkuyarlarini har qanday axborotni talqin va tahlil etishda xolislik va haqqoniylik prinsiplariga qatʼiy amal qilishlikka, shuning bilan birga, har qanday masalani yoritishdan avval, uning mazmun-mohiyatini, maqsadini chuqur oʻrganishlikka chaqiradi. Zotan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XV bob, 67-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning toʻgʻriligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar”, deyiladi.
Ayni paytda Maktabgacha taʼlim boshqarmasi yuqorida bayon etilganlarni huquqiy jihatdan toʻliq oʻrganish va bu holatga qonuniy baho berilishini koʻzlab, oʻzining tegishli tashkilotlari orqali huquq-tartibot organlariga murojaat yoʻllaganligini bildiradi.