Namangan viloyati Kosonsoy tumanining ikki manzili – “Nurafshon” (sobiq “Qozoqovul”) hamda “Zamondosh” (sobiq “Chindovul”) mahallalarida biri 120, ikkinchisi 180 oʻrindan iborat zamonaviy, eng muhimi barcha qulayliklarga ega Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining yangi bunyod etilgan inshootlari foydalanishga topshirildi.
Dastlab “Nurafshon”da qad rostlagan 3-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boshlangan tantana mahalla ahlining uzoq yillar mobaynidagi orzu-istaklarini roʻyobga chiqardi. Chunki, qariyb 24 yildan buyon ishlamay turgan eski bogʻcha buzildi, uning oʻrnida “Kushon binokor Qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan yangisi barpo etildi.
Inshootga 2021-yilgi Davlat investitsiya Dasturi doirasida 3 milliard 371 million soʻm mablagʻ sarflandi. Natijada mazkur mahalladagi 120 nafar 3 – 7 yoshli bolani qamrab olish imkoni yaratildi. Shuningdek, hududdagi 30 nafar kishi kafolatlangan ish oʻrni bilan taʼminlandi.
Kunning ikkinchi yarmida tumanning “Zamondosh” mahallasida qad rostlagan 39-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ham yangi binosi ochildi. Mazkur inshoot qariyb 6 milliard 46 million soʻm mablagʻ evaziga qurib bitkazilgan.