So‘nggi paytlarda maktabgacha ta’lim sohasida ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu sababli, eski axborot tizimida nosozliklar tez-tez sodir bo‘ldi: tizim o‘zgarishlar ortidan “ulgura olmadi” va ularning hammasini kirita olmadi. Shuning uchun biz tizimni hech qanday nosozliklarsiz to‘liq quvvat bilan ishlatish imkonini beruvchi profilaktika ishlarini olib bormoqdamiz.
Biz maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimining "Bolalar bog'chasi" (BB) nomli yangi versiyasini yaratmoqdamiz. Uni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?
1. Eski tizimda bolalar bog‘chasiga yo‘llanmalar har ikki soatda shakllantirilar edi. Yangi versiyada ular ariza topshirilgandan so‘ng darhol avtomatik ravishda onlayn tarzda shakllantiriladi.
2. Eski tizimda bolalar bog’chasining biron bir guruhiga biriktirilmagan bola umumiy ro‘yxatda qolar edi va yo‘llanmani shakllantirish esa kechiktirilishi mumkin edi.
Endilikda esa bola yo‘llanma shakllantirilgan guruhga biriktiriladi. Bundan so‘ng bolalar bog'chasi mudiri yoki tuman axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rahbari tomonidan bolaning yo‘llanmasi bekor qilinishi yoki o'zgartirilishi mumkin emas.
3. Yangi versiyada biz inson tomonidan tizimga ta'sir qilishni imkon qadar cheklab qo‘ydik.
Yangi BB axborot tizimiga o‘tish jarayoni bir necha kun davom etadi. Bu qanday sodir bo‘ladi?
1. Avvaliga ma'lumotlar eski EMIS tizimidan yangi "Bolalar bog'chasi" tizimiga o‘tkaziladi. Ma'lumotlarni o‘tkazish jarayonida bolalar bog'chalari, arizalar, yo‘llanmalar va bolalar haqidagi barcha ma'lumotlar o‘zgarishsiz qoladi.
2. Mas'ul mutaxassislar eski tizimdan ma'lumotlarni uzatishning to‘g'riligini qo‘shimcha ravishda tekshiradilar.
3. Viloyat va tumanlardagi yangi tizim foydalanuvchilari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari uchun yangi tizim bilan tanishtiruvchi seminarlar o‘tkaziladi.
4. Real vaqt rejimida bolalar bog'chasiga qabul qilish uchun arizaning natijasini ko‘rsatadigan yangi integratsiya shlyuziga o‘tish amalga oshiriladi. Bu esa agar ariza topshirishda maktabgacha ta'lim muassasasida joy mavjud bo‘lsa, siz darhol ro‘yxatga olish uchun yo‘llanma olishingizni anglatadi.
5. Foydalanuvchilar, viloyat va tuman axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek bolalar bog’chasi mudirlariga yangi tizimga kirish va undan foydalanish imkoniyati beriladi.
6. Yangi tizimga o‘tishda har doim xatolar aniqlanadi. Yakuniy bosqichda ular dasturda tuzatiladi. (Bug Fix)
7. To‘liq tekshiruv va xatolarni tuzatishdan so‘ng “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.