2022-yil 9-fevralda Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 132-son qaroriga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi 66-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda qayd etilishcha, oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagilardan iborat:
Birinchidan, 3-bandning ikkinchi xatboshisi yangi tahrirda bayon etildi va unga koʻra, tayyorlov guruhlarida oʻquv yili joriy yil 2-sentyabrdan keyingi yil 31-maygacha boʻlgan davrni, yozgi sogʻlomlashtirish davri joriy yil 1-iyundan 31-avgustgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Avvalgi tahririda yozgi sogʻlomlashtirish davri nazarda tutilmagan;
Ikkinchidan, qarorning 2-ilovasi 4-bandining birinchi xatboshisiga oʻzgartirish kiritildi, unga muvofiq maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olinmagan bolalarning mavjud kontingenti tegishli organlar tomonidan may va iyun oylarida oʻrganiladi. Ilgari bu iyun va iyul oylarida amalga oshirilardi;
Uchinchidan, qarorning 2-ilovasining 6-bandi ham yangi tahrirda bayon etildi. Unga koʻra, endi tayyorlov guruhlariga kelgusi yilda 7 yoshga toʻladigan bolalar qabul qilinadi. Oldingi tahririda bu yosh tegishli yilning 1-sentyabrida 5 yoshu 6 oyni tashkil qilardi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 10.02.2022-yildan kuchga kirdi.