Ijtimoiy tarmoqda fuqaro murojaatida bayon etilishicha, u farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish uchun 2021-yil noyabr oyida ariza bergani, ariza holatini tekshirish bo‘yicha saytga (search.mpe.uz) kirganida navbat ekranda har xil holatda aks etayotgani, bir hafta oldin 17-o‘rinda turgan bo‘lsa, keyinroq tekshirilganda esa 18-o‘ringa tushgani, shuningdek, vazirlikning quyidagi (99871 207-04-07, 99871 207-04-08) ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinganida operator bilan ulanishning imkoni bo‘lmaganidan shikoyat qilingan. So‘nggi paytlarda bu kabi murojaatlar soni keskin ortayotgani alohida urg‘ulangan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-sonli qaroriga binoan bolalar ikki xil turkumga ajratilgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilinadi. Bular: — Imtiyozga ega bo‘lgan bolalar, ya’ni ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari hamda maxsus kontingent (harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari, davlat umumta’lim maktablari pedagog xodimlarining bolalari); — Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bo‘lmagan bolalar, ya’niy oddiy fuqarolarning bolalari. Yo‘llanma chiqishi tartibi quyidagicha: Maktabgacha ta’lim tashkilotida joy bo‘shagan taqdirda imtiyozli bilan oddiy bola galma galdan qabul qilinadi. Ya’ni 10 ta bo‘sh joy bo‘lsa 5 ta imtiyozli, 5ta imtiyozsiz tarbiyalanuvchi bog‘chaga joylashtiriladi. Bo‘sh o‘rin bitta bo‘lgan taqdirda navbat kimda to‘xtagan bo‘lsa o‘shandan davom etadi. Ro‘yxatga qo‘yishni tekshirish: Ro‘yxatga qo‘yilgandan so‘ng bolaning MTTga joylashish navbatini my.gov.uz hamda search.mpe.uz saytlari orqali tekshirish mumkin. Tekshiruv davomida ikkita navbat ko‘rsatiladi: Birinchisi umumiy navbat, ya’ni nechta maktab yoshiga to‘lmagan bola bo‘lsa barchasining umumiy soni, Ikkinchisi yosh bo‘yicha navbat, bir yosh toifasidagi bolalarning soni. Navbatlar qachon o‘zgaradi: Navbatdagilarning miqdori bolalarning ro‘yxatga qo‘yilishi yoki chiqarilishiga qarab kamayishi, ko‘payishi mumkin. BU qanday yuz beradi? — Maktabgacha ta’lim tashkilotidan joy bo‘shab bola bog‘chaga qabul qilinsa navbat oldinga siljiydi; — Ota ona o‘z hohishi bilan arizasini qaytarib olsa, yoinki belgilangan muddatda farzandini bog‘chaga bermasa navbat qisqaradi; — Bolaning yoshi ulg‘aysa bir yosh toifasidan boshqa yosh toifasiga o‘tsa bir ro‘yxatdan o‘chirilib ikkinchisiga kiritiladi. Bu holat o‘z navbatida qaysidir yoshdagi bolalarning kamayib, qaysidir yoshdagilarining ko‘payishiga olib keladi. Yuqoridagi murojaatga javob ham bolalarning yosh toifalarining o‘zgarishidir.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qaroriga binoan bolalar ikki xil turkumga ajratilgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlarga qabul qilinadi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati
MAKTABGACHA TA’LIM SOHASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN TADBIRKORLAR DIQQATIGA!!!
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat-sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida (keyingi o‘rinlarda – MTT) xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomatini “Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi orqali elektron yo‘qlama qilish jarayoni bo‘yicha ko‘plab tushunmovchiliklar va e’tirozlar vujudga kelmoqda. Ushbu masalaga oydinlik kiritish va muammolarning ildizini aniqlashtirish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi. 1. Nodavlat maktabgacha ta’lim sektorini rivojlantirish va kengaytirish hamda davlat-sheriklik asosidagi MTTni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga asosan davlat-sheriklik asosidagi MTTga qator subsidiyalar ajratilib kelinmoqda. 2021 yilda subsidiya uchun 1,2 trln.so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 1,5 trln.so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Biroq, ushbu subsidiyani olish uchun ayrim tadbirkorlar tomonidan tarbiyalanuvchilar soni va ularning MTTga davomat etgan kunlarini sun’iy ravishda oshirib, hisobotlarni sohtalashtirish holatlari ko‘plab aniqlanmoqda. Bu esa davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishda to‘siqlik qilmoqda. Misol uchun, 2022 yilning 1-yarmida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida Samarqand, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining bir qator tumanlarida davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlar tomonidan subsidiyalarni noqonuniy o‘zlashtirish holatlari aniqlangan. 2. Ushbu holatni bartaraf etish hamda subsidiya jarayonlarini raqamlashtirish orqali uni shaffofligini ta’minlash, ushbu jarayonlarda inson omilini yo‘qotish orqali tadbirkorlar uchun byurokratik to‘sqinlar va korrupsion faktorlarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlariga asosan davlat-sheriklik asosidagi MTTlarda xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomatini orqali elektron yo‘qlama qilish va subsidiya hajmini har bir tadbirkor uchun alohida hisoblab, to‘lashga mo‘ljallangan “Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Ushbu tizim va mobil ilova 2022-yilning 1 iyunidan boshlab respublikamizning barcha hududlardagi DXSH asosidagi MTTlariga sinov tariqasida foydalanish uchun joriy etildi va doimiy ravishda takomillashtirilib kelindi (shuning uchun hozirgi kungacha mobil ilovaning bir nechta takomillashtirilgan talqinlari (versiyalari) ishlab chiqildi). Afsuski, ushbu jarayonida ayrim “ishbilarmon” tadbirkorlar MTTlarga haqiqatga kelmagan bolalarni ularning fotosuratlari orqali yo‘qlama qilish va MTT hududidan tashqariga chiqqan (yoki boshqa MTTga borgan) holda bolalar davomatini yo‘qlama qilish orqali tizimni “aldash” holatlari ko‘plab aniqlandi. 3. Byudjet mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilishini oldini olish maqsadida axborot tizimining mobil ilovasi yanada takimollashtirildi: davomatni elektron yo‘qlama qilish uchun har bir MTTning aniq joylashinuvi (geolokasiyasi)ni ko‘rsatish va odamning haqiqiyligini (fotosurat emasligini) aniqlovchi funksiyalar qo‘shildi. Biroq, ushbu mobil ilovadan foydalanishda ham ko‘plab tadbirkorlarda muammolar kuzatilmoqda. Buning sabablari quyidagicha: a) ko‘plab tadbirkorlarlar axborot tizimda MTTning aniq joylashuvini (geolokasiyasini) umuman ko‘rsatmagan yoki noto‘g‘ri ko‘rsatgan. Ma’lumot uchun: axborot tizimi 3 oy ilgari joriy etilgan bo‘lsada, 2022-yilning 7-sentyabriga qadar 3,3 mingta davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlarning lokasiyasi hanuzgacha belgilanmagan. Shundan 1,0 mingtasi (30 %) Qashqadaryo viloyatida belgilanmagan. b) MTTning aniq joylashuvini (geolokasiyasini) belgilash, MTT va uning xodimlari to‘g‘risida ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun tadbirkorlar o‘zning Elektron raqamli imzosidan foydalanishi zarur. Biroq, ayrim tadbirkorlar o‘z Elektron raqamli imzosidan mustaqqil foydalanish ko‘nikmalarga yega emasligi sababli, geolokasiya va boshqa ma’lumotlarni axborot tizimiga kirita olmayotganligi aniqlanmoqda. v) MTTga kelmagan tarbiyalanuvchi va xodimning davomatini fotosuratidan yo‘qlama qilish imkoniyatini bartaraf etish uchun axborot tizim va uning mobil ilovasi funksiyalari yanada kuchaytirildi. Bu holatda, texnik imkoniyatlari past bo‘lgan ayrim mobil telefonlar mobil ilovani ishlata olmasligi mumkin. Chunki, faqatgina axborot tizimi imkoniyatlarini kengaytirish orqali odamning realligini aniqlab bo‘lmaydi, buning uchun telefonning texnik imkoniyatlari ham yetarli bo‘lishi zarur. Buni to‘g‘ri tushunishingizlarni so‘raymiz. 4. Biz tadbirkorlarning xarajati oshishiga tarafdor emasmiz. Biroq, axborot tizimi imkoniyatlarini passaytirsak, yana fotosuratdan yo‘qlama qilish davom etiladi va subsidiyaning noqonuniy o‘zlashtirilishiga olib keladi. Bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishiga hech kimning haqqi yo‘q. Shunga qadar barcha tadbirkorlardan MTT lokasiyasini to‘g‘ri belgilab olishingizni hamda MTT va xodimlarga tegishli barcha ma’lumotlarni to‘liq va sifatli axborot tizimiga kiritishini so‘raymiz. Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning quyi boshqarma va bo‘limlari xodimlari sizlarga bu yo‘nalishda har qanday ko‘mak berishga doim tayyor. Savollaringiz bo‘lganda, maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida mpe.uz orqali quyida mutasaddi xodimlarning telefonlari orqali murojaat qilishingiz mumkin. (Izoh: Yuqoridagi xodimlarning raqamlariga haftaning ish kunlarida soat 9-00 dan 18-00ga qadar qo'ng'iroq qilishingiz tavsiya etiladi ) Bundan tashqari, bir necha kun davomida axborot tizimidagi muammolar sababli hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 sentyabrgacha tizimga barcha ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritgan tadbirkorlar mablag‘ yo‘qotishiga yo‘l qo‘yimaydi. Har qanday vaziyatda halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi. Buning uchun biz barcha choralar ko‘rishimizni ma’lum qilamiz. Yuqoridagilarni to‘g‘ri qabul qilib, subsidiyalar ajratish tizimini raqamlashtirish orqali uni shaffoflashtirish va byurokratik to‘sqinlarni yo‘qotish yo‘lida o‘z hissangizni qo‘shishga sizlarni chorlaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati
MTV: Saudiya Arabistoni Podshohligining vakillari Maktabgacha ta’lim vazirligida
Joriy yilning 12-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin hamda Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Yusuf bin Solih Ad-Gahra Al-Otaibiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar maktabgacha ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini hamda keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilibgina qolmay balki joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasining o‘tkazilishi yuzasidan rejalashtirilgan ishlar haqida tanishishdi, mehmonlar o‘z qiziqqan savollariga javob olishdi. Janob Yusuf bin Solih ochilish nutqida, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha o‘zaro manfaatli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanligini, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining strategik rivojlanishining ajralmas qismi bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Diplomatik missiya rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahnamoligi va diqqat e’tiborida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy natijalarini ham yuqori baholadi. Elchining so‘zlariga ko‘ra, 30 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Saudiya Arabistoni Podshohligiga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha to‘liq sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot va 15 ta hujjat qabul qilinib, umumiy summadagi 12 milliard dollardan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolangan.Muzokaralar chog‘ida Saudiya Arabistoni vakillari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasiga bag‘ishlangan xalqaro forum va ko‘rgazma doirasidagi har qanday birgalikdagi sa’y-harakatlarda eng faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shishiga ishontirdi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati
Xitoy va O‘zbekiston munosabatlarining yorqin kelajagini birgalikda yaratamiz
"Bu yer boshoqli don yetishtirishga qulay bo‘lib, mo‘l-ko‘l gul, meva beradi". Bundan 1300 yil muqaddam Tan sulolasining buyuk alloma-rohibi Syuan Zang sayohatga oid eslatmalarida obod Samarqandning chizmalarini chizgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan men hamkasbim bilan Xitoy-O‘zbekiston hamkorligi rejasini belgilash va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun yana go‘zal Samarqand shahriga tashrif buyuraman. Xitoy va O‘zbekiston buyuk sivilizatsiyaga ega qadimiy davlatlardir. Buyuk Ipak yo‘li xalqlarimiz o‘rtasidagi 2000 yildan ortiq do‘stona aloqalardan dalolat beradi. G‘arbiy Xan sulolasidan Chjan Tsyan, Tan sulolasidan Syuan Zang, Min sulolasidan Chen Cheng o‘z vaqtida O‘zbekiston hududiga kelib, Toshkent, Samarqand va boshqa mashhur shaharlarda bo‘lib, tarixiy rishtalarning izlarini qoldirgan. Yuan sulolasi davrida asli buxorolik Seyid Ajal Shamsuddin Xitoyning Yunnan viloyatiga hokim etib tayinlangan. Samarqandlik Vu Chju 14-asr oʻrtalarida Xitoyda Nankin shahrida rasadxona qurilishida qatnashgan. Mamlakatlarimiz xalqlari bugungi kungacha yuqorida sanab o’tilgan tarixiy shaxslarning Xitoy-O‘zbekiston do‘stligining kashshoflari va elchilari bo’lganligi haqida yaxshi xotiralar saqlab kelmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragidagi yirik davlat. Mamlakat mustaqillikka erishgan 31 yil ichida davlat taraqqiyoti va milliy tiklanish borasida ulkan natijalarga erishdi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida o‘zbek xalqi yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan kampaniya boshlaganini alohida ta’kidlash joiz. Turli sohalarda olib borilayotgan islohot va taraqqiyot jadal sur’atga kirdi. Mamlakat butunlay yangi qiyofa kasb etdi, munosib turmush sharoiti yaratildi, xalqaro maydondagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlandi. Do‘stona qo‘shni va har tomonlama strategik hamkor sifatida muvaffaqiyatlaringizni chin dildan qutlaymiz. Joriy yil Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. 30 yil davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, yaxshi qoʻshnichilik va doʻstlik, oʻzaro yordam va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan koʻp qirrali hamkorlik urugʻdek unib, jadal rivojlanib, oʻzining yuksak samaralarini bera boshladi. Ikki davlat ishonchli do‘stdir. 2016-yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvlar, telefon suhbatlari va xabarlar almashish orqali yaqin aloqalar o‘rnatib kelinmoqda. Bizda yaxshi ish aloqalari va chuqur shaxsiy do'stlik bor. Davlatlarimiz har tomonlama strategik sheriklik ruhida asosiy manfaatlarga taalluqli masalalar bo‘yicha bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, milliy rivojlanish strategiyasini ilgari surishda bir-biriga yordam beradi, islohotlarni kengaytirish va ochiqlik bo‘yicha bir-birining tajribasini o‘rganadi, iqtisodiyot rivojiga ijobiy energiya olib keladi. Ikki davlat birgalikda taraqqiyot yo‘lida ishonchli hamkorlardir. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi va uning iqtisodiyotiga sarmoya kiritishning asosiy manbai hisoblanadi. 2021-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8 milliard dollardan oshdi, joriy yilning birinchi yarmida esa qariyb 5 milliard dollarni tashkil etdi.Yillik tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollarni tashkil etish sari izchil rivojlanmoqda – bir kamar, bir yo'lni birgalikda amalga oshirish doirasida. Muhim qo‘shma loyihalar tizimli ravishda ilgari surilmoqda. “Xitoy – Markaziy Osiyo” gaz quvurining barcha 4 ta liniyasi Oʻzbekiston hududidan oʻtadi. Qamchiq dovoni orqali Markaziy Osiyodagi eng uzun temir yo‘l tunneli foydalanishga topshirildi. Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston avtomobil yo'li va Xitoy-Qozog'iston-O'zbekiston temir yo'l tranzitining o'tkazuvchanlik salohiyati izchil rivojlantirilmoqda. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. O‘zbekiston ichki davlatdan mintaqadagi aloqa markaziga aylanmoqda. Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida yangi energiya manbalari, qishloq xo‘jaligi, moliya va zamonaviy telekommunikatsiyalar sohalarida faol hamkorlik qilinib, bu xalqlarimizga sezilarli foyda keltirmoqda. Ikki davlat sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishning munosib namunasini ko‘rsatdi. Birgalikda turli xil qiziqarli tadbirlar, jumladan, san'at festivallari, galakontsertlar, ko'rgazmalar, seminarlar o'tkaziladi. Talabalar almashinuvi, adabiy asarlar tarjimasi va nashri, kinematografiya, teleko‘rsatuvlar tarjimasi va namoyishi, hududlararo aloqalar va kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani xalqlarimizni yaqinlashtirishga samarali xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekiston uchun 6500 dan ortiq turli profilli mutaxassislarni tayyorlab berdi, ular bugungi kunda mamlakatlarimiz o’rtasidagi munosabatlarni isloh qilish va taraqqiy ettirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Toshkent va Samarqanddagi Konfutsiy institutlaridan sinologlarning butun bir galaktikasi chiqdi, ular xitoy-o‘zbek do‘stligining haqiqiy xabarchilaridir. Turizm sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Go‘zal O‘zbekistonga tashrif buyurish imkoniga ega bo‘lgan xitoylik sayyohlar soni ortib bormoqda. 2013-yilda Samarqandga tashrifim chog‘ida qadimiy Xiva shahrini arxeologik restavratsiya qilish loyihasi boshlangani e’lon qilingan edi. Endilikda bu loyiha allaqachon muvaffaqiyatli yakunlanib, qadimiy Xiva shahriga yangicha ko‘rk bag‘ishladi. Ikki davlat hamisha aka-ukadek bir-biriga yordam beradi. Xitoy va O‘zbekistonni hayotiy manfaatlar va umumiy kelajak birlashtirib turadi. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama asosda, ham ShHT ham boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida tashqi aralashuvga birgalikda qarshi turish, “yovuzlikning uch kuchi”, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, tezkor axborot almashinuvini oshirish , umumiy xavfsizlik nomidan kadrlar tayyorlash ko'lamini kengaytirishda yaqindan hamkorlik qilmoqda. Koronavirus infeksiyasi avj olgan paytdan boshlab ikki davlat hamjihatlik va o‘zaro yordam ruhida epidemiyaga qarshi hamkorlikni faollashtirmoqda. O‘zbekistonda pandemiyaga qarshi kurashda eng ommabop bo‘lgan Xitoy vaksinasining qo‘shma ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi, birgalikda yaratilgan preparat klinik qo‘llash uchun ma’qullanib, odamlar hayoti va salomatligining ishonchli himoyasiga aylandi. Ikki ming yillik do‘stona almashinuvlar va o‘zaro manfaatli aloqalarning 30 yillik amaliyoti har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash davr tendensiyalari, ikki mamlakat va xalqlarning tub manfaatlariga hamohang ekanini ko‘rsatadi. O‘tmish va kelajak chorrahasida turib, biz Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining kelajagiga umid va ishonch bilan qaraymiz. Birinchidan, o'zaro yordamni oshirish va o'zaro ishonchni mustahkamlash muhimdir. Strategik ahamiyat va uzoq muddatli manfaatlarni hisobga olgan holda, Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini yangi davrda rivojlantirish rejasini belgilab olish zarur. Xususan, oliy va yuksak darajadagi aloqalarni faollashtirish, o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlash, davlat boshqaruvi sohasida tajriba almashishni chuqurlashtirish, asosiy manfaatlarga daxldor masalalarda bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlash. Xitoy O‘zbekistonni o‘zining milliy voqeliklariga mos ravishda rivojlanish yo‘lini tanlashini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, O‘zbekistonning ichki ishlariga tashqaridan aralashishga qaratilgan har qanday urinishlarga qarshi chiqadi. Ikkinchidan, umumiy taraqqiyot va farovonlik yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish muhimdir. Ikki davlatning milliy rivojlanish strategiyalarini bogʻlash boʻyicha ishlarni jadallashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va yirik loyihalar boʻyicha hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini birgalikda ishlab chiqish zarur. Rivojlanishning yangi bosqichida Xitoy yangi rivojlanish me'morchiligini jadal ravishda shakllantirmoqda. O‘zbekistonni jadal sur’atlar bilan olg‘a surilayotgan taraqqiyot “ekspressi” bortida ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Biz o‘zbek do‘stlarimiz bilan rivojlanish imkoniyatlarini baham ko‘rishga tayyormiz. Kelgusi yil “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligi nishonlanadi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatlarimiz mavjud natijalardan kelib chiqib, yuqori sifatli rivojlanishga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishi, qashshoqlikni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishi, Xitoy va O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli hamkorligi ikki mamlakat xalqlariga yanada ko‘proq foyda keltirishi zarur. Xitoy O‘zbekiston bilan Global taraqqiyot tashabbusini faol amalga oshirishga, rivojlanayotgan mamlakatlar umumiy manfaatlarini birgalikda himoya qilishga, universal va muvozanatli rivojlanish, o‘zaro manfaatli hamkorlik va umumiy farovonlik tamoyillariga asoslangan rivojlanish arxitekturasini shakllantirishga tayyor. Uchinchidan, xavf va qiyinchiliklarni yengish uchun xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimdir. Mamlakatlarimiz xavfsizlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishi, tashqi kuchlarning mintaqa barqarorligiga putur yetkazish urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik, rivojlanish uchun qulay tashqi sharoitlar yaratishi zarur. Afg'oniston bizning umumiy qo'shnimiz. Afg‘onistondagi tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik mamlakatlarimiz manfaatlariga mos keladi. Xitoy O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishdagi beqiyos rolini yuqori baholaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda Global xavfsizlik tashabbusini amalga oshirishga, yangi tahdid va qiyinchiliklarga qarshi turishga, tinchlik, barqarorlik va xalqaro adolatni himoya qilishga tayyormiz. To‘rtinchidan, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish uchun madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish muhimdir. Odamlarning yaqinlashishi muloqotga asoslanadi. Xitoy-O‘zbekiston do‘stligi rishtalari chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm, arxeologiya va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro madaniyat markazlari tashkil etish va seminarlar ochishni jadallashtirishimiz kerak. “Lu Ban ustaxonasi” ham keng ko‘lamli madaniy-gumanitar almashinuvlarning ajoyib sxemasini shakllantirish, Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish va ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligini avloddan-avlodga yetkazish maqsadida tashkil qilinmoqda. O‘zbekistonda men ham bo‘lajak Samarqand sammitida ishtirok etaman. Bu yil ShHT Nizomi imzolanganiga 20 yil, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 15 yil to‘ldi. Tashkilot ularda mustahkamlab qo‘yilgan maqsad va tamoyillarga amal qilgan holda, “Shanxay ruhi”ga muvofiq, ishtirokchi-mamlakatlarning barqarorligi va birgalikda rivojlanishiga ko‘maklashadi, o‘zaro hurmat, tenglik va tenglik bilan ajralib turadigan yangi turdagi xalqaro munosabatlarni barpo etish, adolat, o‘zaro manfaatli hamkorlik namunasini ko‘rsatadi. Bugungi kunda ShHT Yevroosiyoda va butun dunyoda muhim konstruktiv kuchdir. Noqulay epidemiologik vaziyatga qaramay, O‘zbekiston o‘z raisligi davrida ishtirokchi davlatlar bilan jadal almashinuv va aloqalarni amalga oshirib, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarib, Tashkilotning sog‘lom va barqaror rivojlanish dinamikasini saqlab qolishga hissa qo‘shmoqda. Biz buni juda qadrlaymiz. Ishonchim komilki, Samarqand sammiti birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan yuqori saviyada o‘tadi va mintaqada tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida ShHTning taqdiri mushtarak hamjamiyatini shakllantirishga katta hissa qo‘shadi. Yurakda intilish bo'lsa, maqsad sari yo'l uzoq ko'rinmaydi. Biz O‘zbekiston tomoni bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon shakllangan ezgu an’anani davom ettirishda hamda yangi tarixiy sharoitda Xitoy va O'zbekiston taqdirining mushtarak hamjamiyatini yanada shakllantirish yo‘lida milliy taraqqiyot va tiklanishning keng yo‘lidan birgalikda olg‘a borishga tayyormiz. Si Szinpin, Xitoy Xalq Respublikasi raisi
2022-yil 9-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “Qo‘ng‘irtog‘” MFY Kamandi qishlog‘ida mudhish hodisa sodir bo‘lib, natijada oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi 2,5 yoshli Turdiniyozov Afruzbek vafot etdi. Voqea xabari yetib kelishi bilanoq, Maktabgacha ta’lim vazirligi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida kompleks tekshiruvni boshladi. Tekshiruvda quyidagilar aniqlandi: Turdiniyozov Afruzbek Bobur o‘g‘li 2020-yil 22-martda tug‘ilgan bo‘lib, 2022-yil 8-sentyabrdan norasmiy ravishda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashni boshlagan, ya’ni baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun bolaning ushbu bog‘chaga bor-yo‘g‘i ikkinchi qatnovi bo‘lgan. Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti temir yo‘ldan 259 metr uzoqlikda joylashgan. 2022-yil 9-sentyabr kuni soat 15:00 atrofida Turdiniyozov Afruzbek maktabgacha ta’lim tashkiloti hududidan yugurib chiqib, temir yo‘l tomon, o‘z uyi tarafga yo‘l olgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi bolaning yo‘qligini payqashgandan so‘ng, Turdiniyozov Afruzbekni qishloqdan qidira boshlashgan. Turdiniyozov Afruzbek soat 15:33 da jadvalga muvofiq “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdi harakatlanayotgan Qarshi-Maroqand temir yo‘lida edi. Buning natijasida baxtsiz hodisa yuz bergan. Bola olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. Ma’lumot uchun: Mazkur tadbirkor davlat xizmatlari markazi tomonidan 02.07.2021 yilda berilgan №1420115-sonli guvohnoma asosida faoliyat yuritadi. Tadbirkor Rahmatova Dilnoza Shavkatovna va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida 27.07.2021 yildagi №16647-0/05-sonli shartnoma tuzilgan. 2021-yil 2-avgustda Davlat xizmatlari markazi tomonidan faoliyat boshlanganligi to‘g‘risida №008606-sonli guvohnoma berilgan. Tashkilot faoliyati talablarga javob berishi to‘g‘risida 07.06.2021 yildagi Koson tumani sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligi xizmatining va 02.07.2021 yildagi Koson tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xulosalari mavjud. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagoglari va rahbarining ehtiyotsizligi va loqayd munosabati bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi yuqoridagi faktlar inobatga olinib, barcha materiallar zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi. Mazkur oilaviy tipdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatildi. Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlil natijalari viloyat va shahar boshqarmalari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlari ishtirokida 2022-yil 12-sentyabrda o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda ko‘rib chiqilib, uning yakuniga ko‘ra Maktabgacha ta’lim vazirining “O‘zbekiston Respublikasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi 196-son buyrug‘i qabul qilindi. 2022-yil 13-sentyabr kuni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari rahbarlarining tuman/shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari boshliqlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirokida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan favqulodda yig‘ilishlari o‘tkazildi. O‘z navbatida, 2022-yil 17-sentyabr kuni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari mudirlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barcha xodimlari (tarbiyachilar, tarbiyachi yordamchilari va boshqa barcha xodimlar, shu jumladan, texnik xodimlar) ga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashda chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdilar. Maktabgacha ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida shu tartibdagi ishlar muntazam ravishda olib boriladi. Maktabgacha ta’lim vazirligi hududiy maktabgacha ta’lim boshqarmalari boshliqlari o‘z kasbiy burchlariga loqayd yoki vijdonsiz munosabatda bo‘lganliklari, xizmat vazifalarini zarur darajada bajarmaganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida qattiq ogohlantirildi. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 116-moddasi, 3-qismida: Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Afruzbekning oila a’zolariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildiradi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati
2022-yil 3-26 - oktyabr kunlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi JICAning “Maktabgacha ta’limda inklyuziv ta’lim amaliyotini mustahkamlash” nomli loyihasi doirasida “Inklyuziv ta’lim tajribasini rivojlantirish” mavzusida o‘quv-trening mashg‘uloti o‘tkazilmoqda. O‘quv-trening mashg‘ulotining asosiy maqsadi - O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, ularni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish, ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash borasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan Yaponiya - O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida tajriba almashish va tavsiyalarni qabul qilishdir. O‘quv-treningda inklyuziv ta’limning nazariy va amaliy masalalari quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etiladi: 1. Inklyuziv ta’lim falsafasi va amaliyoti/Maxsus ta’lim ehtiyojlari. 2. Nogironlik nima? 3. Qulaylik yaratish/o‘qish uchun qulay sharoit yaratish (Yaponiya misolida). 4. Alohida ta’lim ehtiyojli bolalar uchun korreksion sinf/Resursxonasi/multidistiplinar mutaxassislar komandasi. 5. O‘quv dasturini moslashtirish. 6. Ko‘rish, eshitish qobiliyatlarining buzilish xususiyatlari va o‘qitish metodikasi (Yaponiya misolida). 7. Intellektual/aqliy zaif nogironlik xususiyatlari va o‘qitish metodikasi (Yaponiya misolida). 8. Inklyuziv muhit bo‘yicha master klass. Kam ta’minlangan nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash. 9. Oilaviy sharoitlarini o‘rganish. 10. Individual ta’lim rejasi va ta’lim dasturini bola extiyojiga moslashtirish. 11. O‘quv-trening davomida har bir ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari bilan tanishish. O‘quv-trening ishtirokchilari bilan Yaponiya misolida O‘zbekistonda inklyuziv ta’limning rivojlantirish istiqbollari bilan bog‘liq dolzarb muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha metodik hamda amaliy masalalarni atroflicha muhokama qilish ko‘zda tutilgan. O‘quv-trening ishtirokchilarining xulosalari asosida ular tomonidan ishlab chiqiladigan yakuniy tavsiyalar respublikamizdagi inklyuziv ta’lim yo‘nalishini zamonaviy talablar darajasida rivojlantirish yo‘lidagi alohida ahamiyatga ega bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati
Maktabgacha ta’lim vazirligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin va Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Zurab Abdushelishvili o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar maktabgacha ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini hamda keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar. Suhbat davomida joriy yilning 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKOning Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasini tashkil etish va oʻtkazish bilan bog‘liq hamkorlik masalalari muhokama qilindi. O‘z nutqi boshida janob Zurab Abdushelishvili Gruziya O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini alohida ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotining ajralmas qismi bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Diplomatik missiya rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligi va diqqat e’tibori natijasida maktabgacha ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlarning asosiy natijalarini ham yuqori baholadi. Delegatsiyasi rahbari Gruziya O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini qiziqish bilan kuzatishda davom etayotganini alohida ta’kidladi. Mehmonning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston maktabgacha ta’lim sohasida salmoqli natijalarga erishmoqda. Elchixona vakillarining alohida e’tibori O‘zbekiston Respublikasining maktabgacha ta’lim sohasidagi innovatsion g‘oyalarini Gruziyadagi maktabgacha ta’lim tizimiga tajriba asosida joriy etishga qaratildi. Shuningdek, Janob Zurab Abdushelishvili Toshkent shahrida joriy yilning 14-16 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan YUNESKOning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasi”ni tashkil etish va o‘tkazishga katta qiziqish bildirdi. Elchining soʻzlariga koʻra, Gruziya boʻlajak xalqaro forum doirasidagi har qanday birgalikdagi saʼy-harakatlarda faol ishtirok etishi va munosib hissa qoʻshishini ma’lum qildi. Uchrashuv yakunida, maktabgacha ta'lim sohasida ikkitomonlama samarali natijalarga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi va Gruziya o‘rtasida uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi to‘g‘risida kelishildi.
Rossiya-O‘zbekiston III taʼlim forumiga start berildi
Ayni damda Maktabgacha taʼlim vaziri o'rinbosari U.Begimqulov ushbu forumdagi moderatorligi jarayonida keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib borayotganligi, birgina 2021-yilda mamlakatimizda Rossiyaning 4 ta nufuzli oliy taʼlim muassasasi filiali ochilgani bu sohadagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filiali faoliyat yuritayotganligi ikki davlat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilib, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi, talabalarning turli grant loyihalarda qatnashishi muntazamlik kasb etayotganligi quvonarli ekanligini aytib o'tdi. Ayniqsa, maktabgacha taʼlim sohasidagi ikki davlatning hamkorligi muhim o‘rin egallashi taʼkidlandi. So'ng, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va strategik rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi I.Grosheva ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida nutq so‘zladi. Bizni kuzatib boring, forum doirasidagi yangiliklarni yoritishda davom etamiz. Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati
Sal avval xabar berganimizdek, ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar borasida, Maktabgacha taʼlim vazirligining Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi I.Grosheva nutq so‘zladi. I.Grosheva o‘z nutqida, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 3-7 yoshli 2 million 800 ming nafar bola mavjud bo‘lib, shundan 1 million 959 ming 21 nafar bola yoki maktabgacha yoshdagi aholining 69,5 foizi maktabgacha taʼlim tizimi bilan qamrab olinganligi, 2017-yildan boshlab qamrovning o‘sish dinamikasini kuzatilganda, yaʼni 2017-yilda - 27,7%; 2018-yilda - 37,7%; 2019-yilda - 52,3%; 2020-yilda - 60,9%; 2021-yilda - 67,2% ni tashkil etganligini taʼkidladi. O‘zbekistonning barcha hududlarida bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan qamrab olish 50 foizdan oshganligi, avvallari, ayniqsa, qishloq joylarda bolalarni qamrab olish 12 foizdan oshmaganligi aytib o‘tildi. Shuningdek, 2018-yildan boshlab 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy bepul maktabga tayyorlash bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, bunda qamrov 84 foizni tashkil etadi va 2025-yilga borib 100 foizga yetishi kutilmoqda. Albatta, bu kabi yuqori natijalarga erishishda samarali xalqaro hamkorlik talab etiladi. Taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik haqida gapirganda, Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi samaralarini qayd etmay bo‘lmaydi. Hozirda maktabgacha taʼlim tizimida nufuzli universitetning filiali muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda - bu A. I. Gersen nomidagi Rossiya davlat universitetining Toshkentdagi filialidir. 2021-yilda o‘z eshiklarini ochgan A. I. Gersenda 1- va 2-kurslarda 600 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitet diplomi O‘zbekistonda oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi. 2021-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Rossiya-O‘zbekiston II ta'lim forumi doirasida Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi o‘rtasida "Mittivoy"("Малыш") qo‘shma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim sifatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash imkonini beruvchi yagona tizimda tuzilgan tadbirlar dasturidir. "Mittivoy"("Малыш") loyihasining asosiy maqsadlari — muhim tadqiqot muammolarini hal etishdan iborat. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida jami 1384 nafar mutaxassis, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari va direktorlari so‘rov va test sinovlaridan o‘tkazildi. "O‘ylaymizki, hamkorlikda amalga oshirilayotgan "Mittivoy"("Малыш") loyihasi maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining malakasini oshirishga, fan-taʼlimda rivojlantiruvchi muhitni, samarali tilni taʼminlash bo‘yicha milliy muhitda yo‘naltirilgan dastur metodologiyasini yaratishga yordam beradi. Ishonchim komilki, bundan keyingi hamkorlikdagi ishlar uchun poydevor avvalgidek, kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar, madaniy-gumanitar loyihalar bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston hamkorligining asosiy yo‘nalishlari bo‘lib qoladi", - deya so‘zini yakunladi I.Grosheva. Bizni kuzatib boring, forum doirasidagi yangiliklarni yoritishda davom etamiz. Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati
Huquqiy “Maʼrifat soati”da qabul qilingan hujjatlarga sharhlar berib o‘tildi
Har juma kuni vazirlik xodimlari uchun tashkil qilinadigan huquqiy savodxonlik darsida o‘tgan haftada imzolangan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tanishtirib o‘tildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 oktyabrdagi 612-son Qarori mazmuni qisqacha tushuntirib berildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi 826-son Qaroriga 1- va 2-ilovalarning qo‘shimcha mazmundagi izoh bilan to‘ldirilishi ham izohlab o‘tildi. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi “Maktabgacha taʼlim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq, ushbu ilovada ko‘rsatilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qayta tashkil etish va tugatish huquqiga ega. “Maʼrifat soati” davomida, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi 572-son Qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 8-bandiga kiritilgan o‘zgarishlarga ham izoh berildi. Izohda aytilishicha, quyidagi pedagog kadrlarga malaka toifasi (lavozim) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (attestatsiyadan o‘tkazilmasdan) beriladi: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan ro‘yxati tasdiqlanadigan sport musobaqalarining tuman (shahar) bosqichi g‘olibini (1-o‘rin) tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yo‘riqchilariga — ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi); Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘olibini (1-o‘rin) tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yo‘riqchilariga — birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi); Xalqaro hamda respublika bosqichi g‘olibi va sovrindorlarini (1 — 3-o‘rin) tayyorlagan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining jismoniy tarbiya yo‘riqchilariga — oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi). Huquqiy savodxonlik dars jarayonida joriy yilning 20-oktyabridagi PQ–405-son hamda PQ-407-son, 25-oktyabrdagi PQ–408-son va PQ–409-son, 26-oktyabridagi PQ–411-son hamda PQ–412-sonli Prezident Qarorlari, shuningdek, 24-oktyabrda qabul qilingan 616-sonli Hukumat Qaroriga ham qisqacha sharhlar berib o‘tildi. Maktabgacha ta'lim vazirligi Axborot xizmati