Sayt test rejimida ishlamoqda

Rasmiy munosabat

news-detail

2022-yil 9-sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi “Qo‘ng‘irtog‘” MFY Kamandi qishlog‘ida mudhish hodisa sodir bo‘lib, natijada oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi 2,5 yoshli Turdiniyozov Afruzbek vafot etdi.

Voqea xabari yetib kelishi bilanoq, Maktabgacha ta’lim vazirligi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida kompleks tekshiruvni boshladi. Tekshiruvda quyidagilar aniqlandi:

Turdiniyozov Afruzbek Bobur o‘g‘li 2020-yil 22-martda tug‘ilgan bo‘lib, 2022-yil 8-sentyabrdan norasmiy ravishda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashni boshlagan, ya’ni baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun bolaning ushbu bog‘chaga bor-yo‘g‘i ikkinchi qatnovi bo‘lgan. Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti temir yo‘ldan 259 metr uzoqlikda joylashgan.

2022-yil 9-sentyabr kuni soat 15:00 atrofida Turdiniyozov Afruzbek maktabgacha ta’lim tashkiloti hududidan yugurib chiqib, temir yo‘l tomon, o‘z uyi tarafga yo‘l olgan. Tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisi bolaning yo‘qligini payqashgandan so‘ng, Turdiniyozov Afruzbekni qishloqdan qidira boshlashgan.

Turdiniyozov Afruzbek soat 15:33 da jadvalga muvofiq “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdi harakatlanayotgan Qarshi-Maroqand temir yo‘lida edi. Buning natijasida baxtsiz hodisa yuz bergan. Bola olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Ma’lumot uchun: Mazkur tadbirkor davlat xizmatlari markazi tomonidan 02.07.2021 yilda berilgan №1420115-sonli guvohnoma asosida faoliyat yuritadi. Tadbirkor Rahmatova Dilnoza Shavkatovna va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida 27.07.2021 yildagi №16647-0/05-sonli shartnoma tuzilgan. 2021-yil 2-avgustda Davlat xizmatlari markazi tomonidan faoliyat boshlanganligi to‘g‘risida №008606-sonli guvohnoma berilgan. Tashkilot faoliyati talablarga javob berishi to‘g‘risida 07.06.2021 yildagi Koson tumani sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va aholi salomatligi xizmatining va 02.07.2021 yildagi Koson tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xulosalari mavjud.

Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti pedagoglari va rahbarining ehtiyotsizligi va loqayd munosabati bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi yuqoridagi faktlar inobatga olinib, barcha materiallar zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuborildi. Mazkur oilaviy tipdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati to‘xtatildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlil natijalari viloyat va shahar boshqarmalari, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlari ishtirokida 2022-yil 12-sentyabrda o‘tkazilgan navbatdan tashqari yig‘ilishda ko‘rib chiqilib, uning yakuniga ko‘ra Maktabgacha ta’lim vazirining “O‘zbekiston Respublikasi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida”gi 196-son buyrug‘i qabul qilindi.

2022-yil 13-sentyabr kuni viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmalari rahbarlarining tuman/shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari boshliqlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirokida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish yuzasidan favqulodda yig‘ilishlari o‘tkazildi.

O‘z navbatida, 2022-yil 17-sentyabr kuni tuman maktabgacha ta’lim bo‘limlari mudirlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari maktabgacha ta’lim tashkilotlarining barcha xodimlari (tarbiyachilar, tarbiyachi yordamchilari va boshqa barcha xodimlar, shu jumladan, texnik xodimlar) ga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar xavfsizligini ta’minlashda chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdilar. Maktabgacha ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida shu tartibdagi ishlar muntazam ravishda olib boriladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi hududiy maktabgacha ta’lim boshqarmalari boshliqlari o‘z kasbiy burchlariga loqayd yoki vijdonsiz munosabatda bo‘lganliklari, xizmat vazifalarini zarur darajada bajarmaganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan javobgarlikka tortilishlari to‘g‘risida qattiq ogohlantirildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 116-moddasi, 3-qismida:  Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida nazarda tutilgan qilmishlar ehtiyotsizlik orqasida odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Afruzbekning oila a’zolariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildiradi.

 

Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
"Maktabdagi ovqatlantirish - umumiy rivojlanish vektori" xalqaro forumi o'tkazildi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatsiyasi, Vazirning birinchi o'rinbosari – Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin boshchiligida, MDH mamlakatlarida maktablarda sog’lom ovqatlantirish bo'yicha "Maktabdagi ovqatlantirish - umumiy rivojlanish vektori" xalqaro forumida ishtirok etish maqsadida hozirda Bishkek shahrida bo'lib turishibdi.Ushbu forumning maqsadi maktabda sog’lom ovqatlantirish sohasidagi milliy muammolarni hal qilish, ushbu soha samaradorligini oshirish uchun zamonaviy yechim va vositalarni izlash bo'yicha tajriba va fikr almashishdan iborat.Forumning ochilish marosimida Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vaziri D. Kendirbayeva, Bishkek shahri meri A. Junushaliyev va boshqa yuqori martabali shaxslar ishtirok etdilar.Tadbir davomida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatlari keng jamoatchilik oldida O'zbekiston Respublikasi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlantirish dasturlarining asosiy yutuqlari va rivojlanish yo'nalishlari to'g'risida taqdimot materiallari bilan chiqish qildilar, davra suhbatlarida qatnashdilar, shuningdek Bishkek shahridagi umumta'lim maktablariga tashrif buyurdilar.Shu bilan birga, Qirg'iziston tomonining taklifiga binoan A.Shin tomonidan delegatsiya bilan birgalikda Qirg'iziston maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari uchun "O'zbekistonning 2017-2023 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishdagi yutuqlari" mavzusida seminar o'tkazildi. Xususan, maktabgacha ta'lim sifatini va pedagog kadrlarning malakasini oshirish, maktabgacha ta'limning nodavlat sektorini kengaytirish, DXSH asosida MTTlarni tashkil etish, maktabgacha ta'limni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, shu jumladan oilaviy MTT larni tashkil etish mexanizmlarini avtomatlashtirish va nodavlat sektorga subsidiyalar ajratish, shuningdek, belgilangan davr davomidagi Maktabgacha ta'lim agentligining xalqaro hamkorlik natijalari kabi dolzarb yo'nalishlar bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi. Forum yakunlari bo'yicha MDHga a'zo davlatlarning ta'lim sohasidagi hamkorlik Kengashi doirasida har yili "MDH mamlakatlarida maktablarda ovqatlantirish masalalari bo'yicha xalqaro forum" o'tkazish to'g'risida Bishkek deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirildi.  

Maktabgacha ta'lim agentligi
Metodistlari uchun o‘quv-amaliy seminar

Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodistlari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. O‘quv-amaliy seminarda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 20 nafar metodistlari ishtirok etdilar. O‘quv-amaliy seminar jarayonida eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari oldida turgan asosiy maqsad va vazifalar, ularning faoliyatini tashkil etishga oid me’yoriy ish hujjatlari bilan ishlash, pedagogning kasbiy standarti, Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari hamda “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida bolalarni barcha rivojlanish sohalari bo‘yicha kompetensiyalarini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish yo‘llari”, shuningdek, tanlangan tumanlarda yagona uzluksiz metodik xizmatni tashkil etishda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Seminar yakunida ishtirokchilar uchun Agentlikda tashkil etilgan laboratoriyada maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuvlar bo‘yicha master klas o‘tkazildi. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining  2023 yil 3 noyabrdagi 532-sonli buyrug‘iga ko‘ra, uzluksiz yagona metodik xizmatni yo‘lga qo‘yish maqsadida Respublikadagi moddiy-texnik holati, metodik xizmat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va kadrlar salohiyati yuqori darajada bo‘lgan 26 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tanlab olinib, Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sifatida tashkil etildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
"Jaseng Medical Foundation" tadbiri bo'lib o'tdi

Bugun 23-noyabr kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 122-son DMTT da Koreya tibbiyot jamg'armasining "Jaseng Medical Foundation" tadbiri bo'lib o'tdi. Tadbir boshida bolalarimiz mehmonlarni engil ta'zim, chiroyli tabassum va milliy an'analar bilan kutib olishdi.  Muhokama davomida O'zbekiston va Koreya o'rtasidagi o'zaro tushunish va tadbirlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jamg'arma vakillari birgalikda bolalarni sog'lomlashtirish gimnastikasi bilan shug'ullanishga faol o'rgatishdi, chunki gimnastika chidamlilikni tarbiyalaydi va harakatlarning aniqligini shakllantiradi, shuningdek, mashg'ulotlar moslashuvchanlikni, epchillikni mukammal rivojlantiradi va o'rgatadi. Shuningdek, delegatsiya rahbari ushbu forumlar nafaqat poytaxtda, balki boshqa viloyatlarda ham o'tkazilishini ta'kidladi. Tadbir yakunida bolalar sevimli va mashhur televizion musiqaga raqsga tushishdi  Mehmonlar juda ko'p his-tuyg'ular va xotiralar bergan bolalarimizning aktivini ko'rishdan juda xursand bo'lishdi.

Вид сайта
Размер шрифта