Joriy yilning 12-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin hamda Saudiya Arabistoni Podshohligining Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Yusuf bin Solih Ad-Gahra Al-Otaibiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar maktabgacha ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollarini hamda keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilibgina qolmay balki joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasining o‘tkazilishi yuzasidan rejalashtirilgan ishlar haqida tanishishdi, mehmonlar o‘z qiziqqan savollariga javob olishdi. Janob Yusuf bin Solih ochilish nutqida, Saudiya Arabistoni O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlari, jumladan, maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik bo‘yicha o‘zaro manfaatli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanligini, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasining strategik rivojlanishining ajralmas qismi bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Diplomatik missiya rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahnamoligi va diqqat e’tiborida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy natijalarini ham yuqori baholadi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, 30 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Saudiya Arabistoni Podshohligiga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha to‘liq sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot va 15 ta hujjat qabul qilinib, umumiy summadagi 12 milliard dollardan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Muzokaralar chog‘ida Saudiya Arabistoni vakillari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” bo‘yicha II Butunjahon konferensiyasiga bag‘ishlangan xalqaro forum va ko‘rgazma doirasidagi har qanday birgalikdagi sa’y-harakatlarda eng faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shishiga ishontirdi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati