Ijtimoiy tarmoqda fuqaro murojaatida bayon etilishicha, u farzandini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish uchun 2021-yil noyabr oyida ariza bergani, ariza holatini tekshirish bo‘yicha saytga (search.mpe.uz) kirganida navbat ekranda har xil holatda aks etayotgani, bir hafta oldin 17-o‘rinda turgan bo‘lsa, keyinroq tekshirilganda esa 18-o‘ringa tushgani, shuningdek, vazirlikning quyidagi (99871 207-04-07, 99871 207-04-08) ishonch raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinganida operator bilan ulanishning imkoni bo‘lmaganidan shikoyat qilingan. So‘nggi paytlarda bu kabi murojaatlar soni keskin ortayotgani alohida urg‘ulangan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Maktabgacha ta’lim vazirligi quyidagilarni ma'lum qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-sonli qaroriga binoan bolalar ikki xil turkumga ajratilgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilinadi.
Bular:
— Imtiyozga ega bo‘lgan bolalar, ya’ni ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlari hamda maxsus kontingent (harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari, davlat umumta’lim maktablari pedagog xodimlarining bolalari);
— Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bo‘lmagan bolalar, ya’niy oddiy fuqarolarning bolalari.
Yo‘llanma chiqishi tartibi quyidagicha:
Maktabgacha ta’lim tashkilotida joy bo‘shagan taqdirda imtiyozli bilan oddiy bola galma galdan qabul qilinadi. Ya’ni 10 ta bo‘sh joy bo‘lsa 5 ta imtiyozli, 5ta imtiyozsiz tarbiyalanuvchi bog‘chaga joylashtiriladi. Bo‘sh o‘rin bitta bo‘lgan taqdirda navbat kimda to‘xtagan bo‘lsa o‘shandan davom etadi.
Ro‘yxatga qo‘yishni tekshirish:
Ro‘yxatga qo‘yilgandan so‘ng bolaning MTTga joylashish navbatini my.gov.uz hamda search.mpe.uz saytlari orqali tekshirish mumkin. Tekshiruv davomida ikkita navbat ko‘rsatiladi: Birinchisi umumiy navbat, ya’ni nechta maktab yoshiga to‘lmagan bola bo‘lsa barchasining umumiy soni, Ikkinchisi yosh bo‘yicha navbat, bir yosh toifasidagi bolalarning soni.
Navbatlar qachon o‘zgaradi:
Navbatdagilarning miqdori bolalarning ro‘yxatga qo‘yilishi yoki chiqarilishiga qarab kamayishi, ko‘payishi mumkin. BU qanday yuz beradi?
— Maktabgacha ta’lim tashkilotidan joy bo‘shab bola bog‘chaga qabul qilinsa navbat oldinga siljiydi;
— Ota ona o‘z hohishi bilan arizasini qaytarib olsa, yoinki belgilangan muddatda farzandini bog‘chaga bermasa navbat qisqaradi;
— Bolaning yoshi ulg‘aysa bir yosh toifasidan boshqa yosh toifasiga o‘tsa bir ro‘yxatdan o‘chirilib ikkinchisiga kiritiladi. Bu holat o‘z navbatida qaysidir yoshdagi bolalarning kamayib, qaysidir yoshdagilarining ko‘payishiga olib keladi.
Yuqoridagi murojaatga javob ham bolalarning yosh toifalarining o‘zgarishidir.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 martdagi 244-sonli qaroriga binoan bolalar ikki xil turkumga ajratilgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotlarga qabul qilinadi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi Axborot xizmati