
Xabaringiz bor, mazkur hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Alberto Byankoli va Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin imzolashgan edi.
Unga asosan, O‘zbekistonda pedagodlarning malakasini oshirish bo‘yicha 14 ta hududiy klaster markazlari tashkil etiladi.
Ushbu markazlar Islom taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan “O‘zbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida ochilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning maqsadi maktabgacha ta’lim sifatini oshirish va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Hamkor tashkilotlar bolalar bog‘chalarida, jumladan, mamlakatimizning chekka hududlaridagi ta’lim muhitini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Loyiha doirasida UNICEF maktabgacha ta’lim xizmatlarining sifat standartlariga javob berishini ta’minlash bo‘yicha jahon tajribasidan foydalangan holda Agentlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Hamkor tashkilotlar o‘z sa’y-harakatlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog va rahbarlarining malakasini oshirishga, shuningdek, malaka oshirish tizimini isloh qilishga qaratadi.