Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lib, bolaning sog‘lom va mustaqil fikrini shakllantirish, qobiliyatini ro‘yobga chiqarish hamda bilim olishga intilishini rivojlantirish kabi maqsadlar yo‘lida ish olib boradi.
Mamlakatimizda 3–7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017-yilda qamrov 27,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018-yili 37,7 foiz, 2019-yili 52,3 foiz, 2020-yili 60,9 foiz, 2021-yili 67,2 foiz, 2022-yili 69,9 foizni, 2023-yilning bugungi kun holatida 72 foizga yetganini ko‘rish mumkin. Bu ko‘rsatkich yildan yilga ortib bormoqda.
Shu o‘rinda, 2017-yilda mamlakatimizda 5 ming 211 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 ming 792 taga yetgani quvonarli holdir.