Joriy yilning 27-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “Mercy Corps” xalqaro nodavlat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali oʻrtasida oʻzaro MEMORANDUM imzolandi. Mazkur memorandum doirasida Oʻzbekistonda MakGovern-Doul xalqaro taʼlim uchun oziq-ovqat dasturi (keyingi oʻrinlarda - Loyiha)ni amalga oshirish doirasida maktabgacha taʼlim tizimida bolalar ovqatlanishi sohasida hamkorlik qilish yuzasidan oʻzaro fikr hamda kelishuvlar almashinuvi tashkil etildi.
Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asoslanadi va muvofiqlashtiriladi. Maʼlumot oʻrnida shuni aytish joizki, Memorandum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi 4887-sonli “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaroriga va 2019-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan.
Maʼlumki, Maktabgacha taʼlim vazirligining asosiy vazifalaridan biri, sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iboratdir. Mercy Corps Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda davlat maktabagacha taʼlim tashkilotlaridagi, tarbiyalanuvchilarning sogʻlom ovqatlanish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha ish olib boradi. Shuningdek, AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi (USDA) tomonidan moliyalashtiriladigan va Mercy Corps amalga oshiradigan ushbu loyiha mahalliy, mintaqaviy va milliy darajadagi turli hamkorlar tomonidan tarbiyalanuvchilarning sogʻlom ovqatlanishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida mavjud hukumat va rivojlanish boʻyicha hamkorlarning tashabbuslariga mos hamda ularga asoslangan holda muvofiqlashtirilganligi bilan ajralib turdi.
Tadbir davomida loyihaning umumiy qiymati 21 mln. 705 ming (yigirma bir million yetti yuz besh ming) AQSH dollarini tashkil qilishi, hamda mazkur raqamlar tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi (USDA) tomonidan tasdiqlangan holda oʻzgartirilishi mumkinligi xususida soʻz yuritildi.
Loyihani amalga oshirishda Tomonlar toʻgʻridan-toʻgʻri, vakolatli hamkorlari va vakillari tomonlar kelishuviga koʻra ishtirok etishlari mumkin. Oshxona, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi infratuzilmasini takomillashtirishiga talab boʻlgan 410 davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari MTV tomonidan tanlab olinadi. MakGovern-Doul xalqaro Taʼlim uchun oziq-ovqat dasturi doirasida Mercy Corps qoʻshimcha 35 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oshxona, suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi infratuzilmasini takomillashtirishni amalga oshirish boʻyicha “ACTED” (Texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi) bilan hamkorlik qiladi. Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan ushbu 35 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tanlab olinadi. Memorandumda Mercy Corps va “ACTED” oʻrtasida oʻzaro imzolangan grant shartnoma loyihaning ajralmas qismi hisoblanishi taʼkidlandi. Tadbir soʻngida Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar tegishli mutasaddilardan oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Axborot xizmati.