Kuni kecha Toshkent shahridagi Puchon universitetida bakalavriat yo‘nalishini tamomlagan bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu yil talabalar universitetni "Maktabgacha ta’lim" (141 nafar), "Menejment va koreys tili" (85 nafar), "Arxitektura" (86 nafar) yo'nalishlari bo'yicha muvaffaqiyatli tamomladilar.
Bitiruvchilarni tabriklash uchun tadbirga ko‘plab oliy martabali mehmonlar - Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Kim Xi Sang, elchixonaning ta'lim bo'yicha birinchi kotibi Pek Seung Xi, Toshkentdagi Sejong instituti direktori Xo Song Xyun, Maktabgacha taʼlim agentligi direktori Agrippina Shin, direktorning birinchi o'rinbosari Farruh Boboyev hamda o'rinbosar Oyatillo Rahmatillayev, Koreya madaniyat markazlari uyushmasi raisi, Oliy Majlis deputati Viktor Pak, A. I. Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori Sergey Barchenko tashrif buyurishdi.
Tantanavor va ko'tarinki ruhda o'tgan marosimda mehmonlar o'zlarining hayotiy va kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, O‘zbekiston Respublikasining jahon miqyosida rivojlanish istiqbollari haqida so'z yuritdilar.
Iqtidorli talabalarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.