Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida 2021-yil 4-oktyabrdan 29-oktyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasidagi maktabgacha taʼlim mutaxassislari uchun treninglar oʻtkazilmoqda.
Treninglar MTV hamda Loyihani amalga oshirish guruhi mutaxassislari tomonidan tashkil etilmoqda va xalqaro maslahatchi, psixologiya fanlari nomzodi Zulfiya Veysova ishtirokida oʻtkazilmoqda. Treninglar “Oʻzbekistonda maktabgacha taʼlim tizimida bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvini joriy etish” mavzusida oʻtkazilmoqda.
Toshkent va Sirdaryo viloyatlari maktabgacha taʼlim muassasalarining mutaxassislari uchun treninglar 4-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazildi va unda 19 nafar mutaxassis qatnashdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining maktabgacha taʼlim mutaxassislari uchun treninglar 11-15-oktyabr kunlari Urganch shahrida oʻtdi.
18-22-oktyabr kunlari treninglar Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida oʻtkaziladi.
25-29-oktyabr kunlari esa treninglar Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarida oʻtkaziladi.
Treninglarda tuman maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktabgacha taʼlim boʻlimlari metodistlari, pedagoglari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining boshqa mutaxassislari ishtirok etadi.
Treninglarning asosiy maqsadi — maktabgacha taʼlim pedagoglarning malakasini oshirish hamda bolalarning kelgusida maktab hayotiga silliq oʻtishi va moslashishiga koʻmaklashadigan ularning yoshi va individual xususiyatlarni hisobga oluvchi bolaning shaxsiyatiga yoʻnaltirilgan turli yondashuvlarni maktabgacha taʼlim tashkilotlarining taʼlim-tarbiya jarayonida qoʻllash boʻyicha xalqaro standartlar asosida milliy master-trenerlarni barcha hududlar kesimida tayyorlashdan iborat. Trening davomida olingan bilim va koʻnikmalar mutaxassislar tomonidan bolalar bilan ishlashda amalda qoʻllaniladi.
Treninglar pedagoglarga bir-biridan oʻrganish imkoniyatini beruvchi kollegial taʼlim elementini oʻz ichiga oladi. Kelajakda milliy master-trenerlar kaskad usuli yordamida bevosita maktabgacha taʼlim tashkilotlari metodistlari va pedagoglariga taʼlim beradi.
1-modul boʻyicha oʻqitilgan kamida 100 nafar trener milliy master-trenerga aylanadi. 2022-yilning fevral oyida mazkur master-trenerlarni fasilitatsiya va treninglarni oʻtkazish koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan 2-modul boʻyicha trening oʻtkazish rejalashtirilgan.
Tayyorgarlikdan oʻtgan master-trenerlar loyiha doirasida 2024-yilga qadar boshqa maktabgacha taʼlim mutaxassislariga kaskad usuli yordamida taʼlim beradi. Loyiha doirasida belgilab qoʻyilganidek, 2024-yilga qadar 14,000 nafar maktabgacha taʼlim mutaxassisi maktabgacha taʼlim sohasida bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvi asosida oʻqitiladi.
Maʼlumot uchun: Jahon banki loyihasi 2020-2024-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Asosiy maqsadi — maktabgacha taʼlim xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining taʼlim muhiti sifatini yaxshilash (zarur mebellar, oʻquv-uslubiy va didaktik materiallar bilan moddiy-texnik jihozlash), taʼlim-tarbiya jarayonini yanada sifatli rejalashtirish, shuningdek, pedagog kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash salohiyatini oshirish maqsadida taʼlim sifatini tizimli ravishda oʻlchash uchun zarur mexanizm va vositalarni ishlab chiqishdan iborat.