Har qanday davlat siyosatining insonparvar tamoyillarga asoslanishi, jamiyatda aholining nogiron va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yaratilgan shart-sharoitlar, ularning erkin, farovon yashashi uchun kerak boʼlgan barcha sohadagi qoʼllab-quvvatlanishlari bilan belgilanadi. Аlohida yordamga muhtoj boʼlgan bolalarning taʼlim olish jarayonini isloh qilib borish, rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, har bir davlat va jamiyat oldida turgan masaladir. Ularning ijtimoiy hayotda munosib tarzda oʼz oʼrnini topishi, bevosita ishtirok etishi uchun taʼlimni toʼlaqonli oʼzlashtirishi hamda uning zamirida muayyan kasb-hunarni egallay olishi lozim. Oddiy sharoitlarda, maktabgacha taʼlim tizimida kamol topgan, tibbiy jihatdan sogʼligida nuqsoni bor boʼlgan bolalar olgan taʼlimining darajasi ularning ijtimoiy reabilitatsiyasi, moslashuvi hamda jamiyat hayotiga samarali uygʼunlashuvining muvaffaqiyatiga bevosita taʼsir koʼrsatadi. Yaʼni mazkur taʼlim tizimi sharoitida bilimlarni egallagan, ijtimoiy hayotda yashash uchun zaruriy sanalgan koʼnikmalar va kasb hunarni egallagan har qanday nogironligi boʼlgan shaxs oʼzgarishlar jarayoniga tez va qulay moslashib, shaxsiy va oilasining hayotini farovonlashtirishi orqali mamlakat aholisi turmush darajasining yuqorilashuvini taʼminlaydi. Shu jihat bilan bogʼliq holda taʼlim tashkilotlarining bugungi vazifasi alohida yordamga muhtoj bolalarni oʼz oilasi, mahallasida oʼsib kamol topishiga qulay sharoit yaratib berish orqali zamonaviy bilimlar, hayotga toʼsiqlarsiz uygʼunlashib ketishining omili sanalgan ijtimoiy malakalar bilan qurollantirish, mustaqil ravishda faoliyat koʼrsata olishga oʼrgatishdan iborat etib belgilanmoqda.
Maktabgacha taʼlim vaziri hamda tegishli boshqarma boshliqlari bolajonlar uchun korreksion-pedagogik va reabilitatsiya uskunalari bilan Chilonzor tumanidagi 289-sonli va Qibray tumanidagi 34-sonli koʼptarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotiga tashrif buyurishdi. Uchrashuvda bolajonlar tomonidan sheʼrlar, raqslar ijro etildi. Koʼngli koʼtarilgan qalbi murgʼak shirintoylarni koʼrganda, inson beixtiyor koʼngli shod boʼladi. Tadbir soʼngida har bitta bolajonga sovgʼalar taqdim etildi. Аyniqsa, tadbirga tashrif buyurgan ota-onalar tomonidan aynan shunday bolajonlar jamiyatda oʼz oʼrnini topishi maqsadida qilinayotgan saʼy-harakatlari uchun minnadorchilik bildirildi. Аlbatta, bu kabi insonparvarlik siyosatining davlat tomonidan amalga oshirilishi, alohida ehtiyojga ega boʼlgan bolalarni jamiyat hayotiga faol aralashuvi, qolaversa jamiyatda oʼz oʼrniga ega boʼlishi kabi maqsadlar olgʼa surilayotganligining bevosita guvohi boʼlmoqdamiz. Bu kabi yuksak eʼtibordan ota-onalarning xursandchiligi cheksizdir, shu bilan birga farzandining ertasi uchun davlat qaygʼurayotganligidan koʼngillari tinch va xotirjamligi ularning chehralaridan anglash qiyin emas.
Maktabgacha taʼlim vazirligi Аxborot xizmati