Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sogʼlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi farmonida velosiped sport turini rivojlantirish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Turizm va sport vazirligi, Oʼzbekiston velosiped sporti federatsiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda YeXHTning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari sport bilan shugʼullanishi uchun ularni zamonaviy begovellar – bolalar uchun pedalsiz velosipedlar bilan taʼminlash, “Oʼzbekistonda birinchi bolalar velomarafoni”ni oʼtkazish boʼyicha memorandum imzolangandi.
Memorandum doirasida 2021 yildan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich begovellar bilan taʼminlash koʼzda tu
tilgan.
Loyiha doirasida Toshkent shahridagi 13 ta maktabgacha taʼlim tashkilotiga dastlabki 400 ta begovel topshirildi. Shu munosabat bilan Yakkasaroy tumanidagi 369-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida begovel yetkazib berilgan muassasalar tarbiyachilari uchun trening oʼtkazilib, bolani begovelga oʼrgatish mahorati oʼrgatildi, begovelning foydali xususiyatlari, oʼziga xos jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
– Begovelning asosiy afzalligi shundaki, – deydi Oʼzbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Leysan Xazieva. – Bola odatdagi pedal velosipedga qaraganda unda muvozanatni saqlashni oʼrganishi osonroq. Begovel bolaning mushak-skelet tizimini mukammal darajada rivojlantiradi. Begovelda bola tanasini boshqarishni va harakatlarini tezlikda muvofiqlashtirishni oʼrganadi.
Loyiha doirasida maktabgacha taʼlim muassasalari oʼqituvchilari hamda ota-onalar uchun “Bolaga begovelda yurishni qanday oʼrgatish kerak?” nomli uslubiy qoʼllanma ishlab chiqildi. Oʼzbekiston velosiped sporti federatsiyasining tajribali murabbiylari hamda mahoratli sportchilari tomonidan amaliy mashgʼulotlar olib borildi.
– Bolajonlarni begovelga oʼrgatish jarayonida ularning ayrimlarida biroz hadik, baʼzi birlarida qoʼrquv, hayajon boʼldi, – deydi Oʼzbekiston milliy terma jamoa aʼzosi Yanina Kuskova. – Аmmo qiziqishlari ustunlik qilib, tezda begovelda yurish koʼnikmasini egallab olishdi. Oʼylaymanki, ular tarbiyachilari koʼmagida bir-necha kunlik mashqlardan soʼng, begovelni erkin boshqara olishadi.