Hurmatli ota-onalar va MTT xodimlari!
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi sizlarga shuni ma’lum qiladiki, bolalarning MTTda bo‘lgan davri uchun to‘langan to‘lovlarning qayta hisoblanishi 2016 yil 23 avgustdagi №2821 sonli “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktab-internatlarda bolalarning ta’minoti uchun to‘lovni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan quyidagicha amalga oshiriladi:
— MTTda bolaning ta’minoti uchun olingan to‘lovlar uni ovqatlantirishga yo‘naltiriladi (Nizomning 2-bandi);
— agar bola 3 kundan ko‘p muddat mobaynida MTTga bormagan bo‘lsa, bu davr uchun amalga oshirilgan to‘lov bolalarning MTTda bo‘lishi bo‘yicha kelgusi to‘lovlarni amalga oshirishda inobatga olinadi (Nizomning 13-bandi);
— bola MTTga borishni to‘xtatgudek bo‘lsa, to‘lov bir oy uchun emas, balki uning MTTda bo‘lgan kuni uchungina amalga oshiriladi (Nizomning 14-bandi).
Nizomning yuqoridagi bandlaridan kelib chiqqan holda bolani MTTdagi ta’minoti uchun to‘lovni qayta hisoblashning quyidagi tartibi belgilangan:
1. Maktabgacha ta’lim tashkilotini tugatib, maktabga chiqadigan bolalar uchun oldindan kelgusi davrga to‘langan mablag‘lar ota-onasining arizasi asosida qaytarib beriladi.
2. 2020/2021-o‘quv yilida maktabgacha ta’lim tashkilotiga qatnashda davom etadigan bolalar uchun oldindan to‘langan mablag‘lar kelgusi oylar uchun to‘lovlarni undirishda inobatga olinadi.