Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari – Maktabgacha taʼlim agentligi direktori A. Shin joriy yilning 6-may kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining sobiq spikeri, deputat janob Pak Byon Suk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida maktabgacha ta’lim sohasidagi O‘zbekiston-Koreya hamkorligiga oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, Koreya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-sonli farmoni bilan qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalar bilan ham tanishtirildi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining sog‘lom ovqatlanishini yanada takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.
Uchrashuv konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi.
Eslatib oʻtamiz, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi vakillarining Maktabgacha taʼlim agentligiga ikkinchi yirik tashrifidir. Birinchi uchrashuv 2022-yilning avgustida bo‘lib o‘tgan.