Muhtaram Prezidentimiz jaddid bobolarimizning ushbu g‘oyasini doimiy shiorimiz bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidlagan edilar. Darhaqiqat, qayerdaki til, fikr, ish birligi bo‘lsa, ya’nikim hamjihatlik bor joyda olg‘a siljish, rivojlanish bo‘ladi.
Bugun Yangi O‘zbekiston oldida turgan eng dolzarb vazifa – yosh avlod kamoloti yo‘lida qayg‘urish, pirovardida esa, mamlakat kelajagini yuksak darajalarda rivojlantirishdan iborat. Hech shubha yo‘qki, yoshlarni munosib vorislar etib tarbiyalashning eng maqbul yo‘li, bu – ma’naviyat, bu – ma’rifat yo‘lidir!
To‘raqo‘rg‘on tumanining “Yakkatom” mahallasida joylashgan 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan “Ma’naviyat fidoiylari” shiori ostidagi tadbir ana shu yuksak maqsadlar ro‘yobi yo‘lida tashkil etildi.
Aytish joizki, mazkur mahalla tuman hokimi sektori hisoblanadi. Umuman olganda esa, hokim sektori hududida 13 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bor.
O‘tkazilgan tadbirga ana shu tashkilotlarning direktorlari, metodistlari taklif etildi. Unda so‘zga chiqqan tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘ba rahari Muhabbat Karimovaga ko‘ra:
– Biz maktabgacha ta’lim yoshidagi farzandalarimizni, ayniqsa, tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilarini maktabga sifatli tayyorlay olyapmizmi? Ularga qanday ta’lim, qanday tarbiya beryapmiz? Zamon bilan hamnafas qadam tashlayapmizmi? Farzandlarimizdagi tug‘ma qobiliyatlarni o‘stirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak? Ularni yaqin va uzoq tariximiz bilan kengroq tanishtirish, ulug‘ siymolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni farzandlarimizga ko‘proq singdirish uchun tarbiyachilarimizning o‘zlari qanday bilim va salohiyatga ega bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir orqali shu kabi savollarga javob topish bilan birgalikda amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi, – deydi u.
Shubha yo‘qki, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim ham son, ham sifat jihatdan o‘zgardi. Buning birgina misoli – mazkur tashkilot. Uning mana bu muhtasham binosi 2022-yilda davlat-investitsiya dasturi doirasida qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endilikda bu yerda 6 ta guruh kesimida qamrab olingan 140 nafar 3 – 7 yoshli bola, zamonaviy shart-sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga 11 nafar pedagog ta’limning “Ilk qadam” bosqichi sabog‘ini bermoqda.
Darhaqiqat, mazkur tadbirda o‘zbek xalqining buyuk siymolari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirildi. Ular ijodidan she’r va qo‘shiqlar kuylandi. Ayniqsa, tashkilotlarning musiqa rahbarlari hamjihatligida taqdim etilgan ma’naviy-ma’rifiy, ko‘rgazmali va badiiy chiqishlar, ular tomonidan xalq ertaklari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlari ko‘pchilikda juda katta taassurot qoldirdi.
Eng muhimi, tadbir davomida yosh iqtidorlar kashf etildi. Masalan, ushbu ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Otabek Abdulhamidov yaqinda 6 yoshga to‘ladi. U hali bog‘cha tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay shahmat donalari ustida kattalar bilan ham bemalol bellasha olishini amalda ko‘rsatib berdi.
Tadbir davomida yana bir iqtidor egasi – Dildora Yo‘ldashaliyeva ijro etgan raqslar barchani lol qoldirdi. U ayni paytda hokim sektori hududida joylashgan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “G‘unchaoy” nomli tayyorlov guruhida tarbiyalanar ekan. Eng qizig‘i, endigina 6 yoshni qarshilayotgan bu qizaloq tumanning “Mozorko‘hna” mahallasida yashovchi tadbirkor oilada tavallud topganiga qaramay, uning beg‘ubor qalbida halitdan san’atga bo‘lgan oshnolik, mehr va ishtiyoq barchani lol qoldirdi. Boz ustiga, oftobday charaqlab turgan bu qizchaning guruhdosh o‘rtoqlari Mushtariy Jo‘raboyeva, Ziyoda Solijonova, Mubina Ibrohimova, Zilola Ma’rufjonovalar ham raqs bobida ilk qadamlarini Dildora bilan yelkadoshlikda tashlashmoqda.
Tadbir davomida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulot va shuningdek, musiqiy rahbarlar jo‘rligidagi jonli konsert ishtirokchilar davrasiga ko‘tarinki zavq va shukuh baxsh etdi.
TILDA, FIKRDA, ISHDA BIRLIK
Mavzuga doir
Kitob tumanining chekka hududlaridan biri hisoblangan "Zarafshon" MFYda davlat xususiy sherikchilik asosida yana bir nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat boshladi. 40 yillik mehnat tajribasiga ega, "Sog‘lom turmush" medali sohibasi Munavvar Tursunova tomonidan tashkil etilgan "Boychechak" nomli 100 o'ringa mo'ljallangan mazkur muassasada bolajonlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bino ochilish marosimida Kitob tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, mahalla faollari, nuroniylar, bolajonlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilari tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Davlatobod tumanida joylashgan sog'ligida nuqsoni bor bolalar tarbiyalanuvchi maxsus maktabgacha taʼlim tashkilotida "Xayr bog'cham" tadbiri o'tkazildi. Tadbirda Namangan viloyati Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Davlatobod tumani YHXG xodimlari ishtirok etib, bolajonlarning quvonchiga quvonch qoʻshishdi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan ijro etilgan kuy va qo'shiqlar barchaga ko'tarinkilik bagʻishladi. Tadbir yakunida YPX inspektorlari tomonidan bolajonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shu kunlarda Davlatimiz rahbarining Yashnobod tumaniga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʻlimi vazirining birinchi oʻrinbosari, Maktabgacha taʻlim agentligi direktori Agrippina Shin tumandagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boʻlib, ish jarayonlari holatini koʻzdan kechirdi. Jumladan, tumanning “Dilbogʻ” mahallasida joylashgan 86-, 93- hamda 306-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga berilayotgan taʼlim-tarbiya va muassasa holatini oʻrgandi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yozgi sogʻlomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik, moddiy-texnik baza kabi bir qancha yoʻnalishlarda ayni kundagi vaziyat bilan yaqindan tanishdi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq koʻrsatma va metodik tavsiyalar berildi.