Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi
414-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan holat yuzasidan
RASMIY MUNOSABAT
Joriy yilning 27- mart kuni 414-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 4-guruh tarbiyalanuvchisi X. S. ning onasi X. N. guruh tarbiyachisi tomonidan farzandiga qo‘pollik qilganligi to‘g‘risida murojaat qilgan.
Fuqaro murojaatida tarbiyachi I. S. kunduzgi mashg‘ulot vaqtida farzandi yig‘lab baqirganligi uchun bolaga qo‘l ko‘targan, natijada farzandining qo‘lida ko‘kargan barmoq izlari paydo bo‘lganini aytgan va tashkilot rahbaridan 27-martdagi guruhdagi kamera yozuvlarini ochib berishini talab qilgan. Kamera yozuvlaridagi video tasvirlarda bolasini tarbiyachi tomonidan qo‘pollik qilganligini ko‘rib, norozi bo‘lib tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini va DMTT ma’muriyatidan tarbiyachiga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini talab qilgan. Shu vaqtning o‘zida tarbiyachi I. S. ota-onalarning oldiga chaqirilib undan izoh talab qilingan. Tarbiyachi bolaga nisbatan o‘ta qo‘pol pedagogga xos bo‘lmagan munosabatda bo‘lganini tan olgan va ota-onadan kechirim so‘ragan. DMTT direktori G.X.S. ota-onalardan kechirim so‘rab, ma’muriyat tomonidan nazorat susayganligini, shu kunga qadar bunday holat hech qachon kuzatilmaganligini ta’kidlab o‘tgan.
2024-yilning 29-mart kuni mazkur noxush holat barcha xodimlar ishtirokida muhokama qilindi va pedagoglar bola hayoti, sog‘lig‘ini muhofaza qilish yuzasidan yana bir bor tanishtirildi.
Qaror yig‘ilishiga asosan tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi va 2024-yil 1-apreldan 414-DMTT ning 28-14-206-sonli buyrug‘i bilan tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Ushbu holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Hurmatli tarbiyachi pedagoglar Maktabgacha ta'lim agentligi sizlarni ogohlantiradi!
‼️Bolajonlarimizga berilayotgan ta'lim tarbiya jarayonlarida sizlarning o'rningiz beqiyosdir, ammo yuqorida keltirilgan kabi holatlar kuzatilishi endi dunyoni taniyotgan bolajonlarning murg'ak dunyosiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bunday holatlar bolalarda turli xil asoratlar berishi, uni qo'rqoq qilib qo'yishi yoki psixikasiga, nutqiy jarayonlariga o'z ta'sirini ko'rsatishi mumkin. Shularni inobatga olgan holda zimmangizdagi mas'uliyatli vazifani sitqidildan ado etishingizni so'raymiz. Bola huquqlari qonun himoyasida. Bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik,
bolaning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi "BOLA HUQUQLARINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA" gi Qonuni bilan kafolatlangan. O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, 07.01.2008 yildagi O‘RQ-139-son (https://lex.uz/docs/-1297315?ONDATE2=18.05.2022&action=compare)