O‘tgan davr mobaynida maktabgacha ta’lim tizimi tubdan isloh qilish hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan yanada kengroq qamrab olinishini ta’minlash yo‘nalishida qator ijobiy natijalarga erishildi.
Jumladan, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 5 211 tani tashkil etgan bo‘lsa, sohaga nodavlat sektorni keng jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatda ilk marotaba davlat-xususiy sheriklik tizimini joriy qilish natijasida 2023-yilga kelib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6,5 barobarga ortib, 33 942 taga yetkazildi.
Misol uchun, nodavlat sektorning ulushi 2017-yilda 0,5 foiz (250 ta)ni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning ulushi 80 foiz(28 ming ta)ga yetkazildi.
Respublika bo‘yicha 2017-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrovi
27 foiz(700 ming nafar)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2,6 barobarga orttirilib, 74 foiz (2,2 mln. nafar)ga yetkazildi.
Respublikadagi barcha bolalar uchun bir xil boshlang‘ich imkoniyatlarni yaratish yo‘lida har bir bolaning maktabga kirishidan bir yil oldin umumiy o‘rta ta’limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya” to‘g‘risidagi qonun bilan kafolatlandi. Endilikda bolalar maktabga chiqishdan oldin bir yillik majburiy bepul maktabga tayyorlovdan o‘tkazilmoqda. 2023-yil yakuniga kelib qamrab olingan 6 yoshli bolalar ulushi 93 foizga (692 ming nafarga) yetdi.
Maktabgacha ta’lim xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida maktabgacha ta’limning muqobil shakllari yaratildi. Xususan, barcha bolalarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida, 25 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 662 ming nafar bolalar qamrovi ta’minlandi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish imkoni mavjud bo‘lmagan olis va chekka hududlarda “Aqlvoy” loyihasi doirasida 156 ta mahallalarda qayta jihozlangan 72 ta ISUZU avtobuslarda negizida 429 ta mobil guruhlar tashkil etilib, ularga 9,5 ming nafar bolalar qamrab olindi.
YUNISЕF xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari” (o‘yin guruhlari)ga 496 nafar bolalar qamrab olindi.
Jahon bankining “Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazlari”ga jami 1 600 nafar bolalar jalb etildi.
Respublikadagi 3 519 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 535 160 o‘rinli qurilish-ta’mirlash (yangi 513 ta 73 905 o‘rin, rekonstruksiya 2 215 ta qo‘shimcha 104 030 o‘rin yaratilgan va mavjud 231 278 o‘rin ta’mirlangan, mukammal ta’mir 791 ta – 125 946 o‘rin) ishlari amalga oshirilgan.
2023-yilda tizimda qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan:
3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ko‘rsatkich 71,8 foizdan 74,0 foizga va 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrovi 91,0 foizdan 93,0 foizga yetkazildi;
· 4 522 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi;
· 71 ta DXSH asosidagi NMTTlar (7 100 o‘rin) hamda 4 402 ta (116 998 o‘rin) oilaviy shakldagi NMTTlar faoliyatini boshladi;
· jami 26 890 quvvat (o‘rin)ga ega bo‘lgan 182 ta (53 ta yangi qurilish va 123 ta rekonstruksiya, 2 ta mukammal ta’mirlash) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi.
Maktabgacha ta’lim agentligiga 2023-yil davomida jami 4 492 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2022-yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkich 1 012 taga yoki 22,5 foizga kamaygan. Agentlikka kelib tushgan murojaatlarning 2 578 tasi (57,3 foiz) ijobiy hal qilingan. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga telefon orqali konsultatsiya berish va murojaatlarni qabul qilishni tashkil etish maqsadida
2023-yil iyul oyida Maktabgacha ta’lim agentligida «Koll markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 2023-yil davomida Markazga biriktirilgan telefonlar orqali fuqarolar va tadbirkorlardan kelib tushgan 11 754 ta murojaatlar qabul qilinib, tegishli tartibda javob berilishi ta’minlandi.
2024-yilda 26,3 mingdan ortiq davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat budjetidan
3 038,2 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2023-yil 25-dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-404-son qaroriga asosan 2024-yilda jami 176 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari obyektlarini qurish (43 ta obyekt), rekonstruksiya qilish (133 ta obyekt) ishlari amalga oshirilmoqda va mazkur maqsadlar uchun jami 1 020,0 mlrd so‘m mablag‘ajratilgan.
Maktabgacha ta’lim tizimida 2024-yil qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 76,0 foizga, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini 96 foizga yetkazish asosiy ustuvor vazifalardan hisoblanadi.