
Maktabgacha ta’lim Agentligining ayni paytda Namangan viloyatida bo‘lib turgan Ishchi guruhi sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Agentlikning Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Zafar Usanov qatnashgan mazkur tadbirda tizimning xususiy sektoriga doir huquqiy qo‘llanmalar, joriy etilayotgan imtiyozlar, shu bilan birga, tadbirkorlar oldiga qo‘yilayotgan davlat talablarining mazmun-mohiyati va ularni ijroga qaratish mexanizmlari haqida so‘z bordi.
Jarayonlarda tizimning nodavlat sektoriga doir muammolar eshitildi. Bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan masalalar o‘z o‘rnida hal etildi. Vaqt talab qiladigan muammolar bo‘yicha muddatlar belgilandi.
Tadbirkorlardan qator savollar qo‘yildi. Xususan, Namangan shahrining Davlatobod tumanida faoliyat yurituvchi fuqarolarning yer-mulk, turar va noturar joyga doir bitim munosabatlari bilan bog‘liq talablar xususidagi savollariga Agentlikning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdug‘ulom Xakimov batafsil javob qaytardi.
Ta’kidlash joizki, uchrashuv davomida yangi, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish, mavjudlarining quvvatini oshirish, shuningdek davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalarning to‘lov davriga doir uzilish bilan bog'liq muammolar xususidagi murojaatlar katta qismini tashkil etdi.