Pedagoglarning kasbiy rivojlanishi.
Odatda pedagoglarning kasbiy rivojlanishi va ularning salohiyatini oshirish deganda ularni kasbiy faoliyatdan uzilmagan holda oʻqib-o’rganish nazarda tutiladi va bunday tadbirlar koʻpincha qisqa muddatli trening kurslari yoki seminar mashgʻulotlari shaklida oʻtkaziladi. Pedagoglarning kasbiy rivojlanish va ularning salohiyatini oshirishga qaratilgan bunday tadbirlardan koʻzlangan maqsad – bu kasbiy faoliyatiga oid muayyan yangi maʼlumotlarni taqdim etish va pedagoglar tomonidan taʼlim-tarbiya berish metodikalari bilan tanishtirishdan iborat.
Hozirgi kunda pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun uzluksiz, uzoq muddatli takomillashish jarayoni bo‘lishi hamda ular to‘liq kasbiy faoliyati davomida shug‘ullana olishi ilgʻor, xilma-xil va o‘zaro bog‘liq oʻquv amaliyotlarini uzluksiz oʻrganishi lozim. Shuningdek, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi ularning ta’lim-tarbiya berish kontekstiga muvofiq kelishi kerak.
Pedagog qachon oʻzgaradi? Koʻplab olimlarning qayd etishicha, pedagoglarning xulqi va amaliyotidagi oʻzgarishlar asosan quyidagi sharoitlarda yuz beradi:
- Rekleksiya, ya’ni oʻzlari va faoliyatlarini kuzatish va tahlil qilish orqali, qachon va qanday qilib takomillashishni oʻrganishsa;
- Kasbiy salohiyatini oshirishga doir biror kursdan so’ng oʻqitish bilan bogʻliq yangi gʻoyalarni tadqiq etish va sinab koʻrishni istashsa;
- Har xil kasbiy malakani oshirish tadbirlarida (treninglar, seminarlar, anjumanlar, kurslar, kasbdoshlar bilan suhbatlar va h.k.z.) olingan yangi gʻoyalarni moslashtirishsa;
- Oʻz kasbdoshlari oʻtkazayotgan darslarni muntazam kuzatib borib, bildirilgan fikrlarni tahlil qilishsa;
- Agar ular oʻz faoliyatlari davomidagi oʻqitishga oid eng yaxshi va eng yomon tajribalar, oʻz muammolarini (oʻqitish yoki kontekstga aloqador) har xil bilim almashish vositalari (taqdimot, muhokama, darslarni yozib olish va ulashish, kuzatishlar, doʻstlarning tanqidiy izohlari va boshqalar) oʻrtoqlashsa.
- Kasbiy rivojlanish boʻyicha yangi maqsadlarni oʻzlari (pedagog avtonomiyasi) belgilashsa.
Gaskining yozishicha, “pedagoglarning qarashlari va maslaklaridagi oʻzgarishlar asosan ular oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yaxshilanishini isbotlovchi dalillar bilan tanishganda yuz beradi. Boshqa soʻz bilan aytganda, ushbu olim oʻqituvchilar yangi ʻtexnologiyalar” (usullar, oʻqitishga yondashuvlar, materiallar va boshqalar) qoʻllangandan keyin oʻquvchilarning oʻzlashtirishi yaxshi tomonga siljigandagina oʻzgarishini taʼkidlamoqchi. Bunda kuzatuvsiz pedagoglar kasbiy rivojlanishning ijobiy jihatlarini payqamaydilar.
Turli xil taʼrif va tushuntirishlarga asosan, quyidagilar samarali mentorlikning asosiy xususiyatlari hisoblanadi:
Nisbatan kam tajribali va uzoq yillik tajribaga ega pedagoglar oʻrtasida muntazam muloqot boʻlishi kerak.
Mentorlar yuzma-yuz va shaxsiy hamda kasbiy jihatdan muvofiq boʻlgan yordamni (hissiy, professional, oʻquv, psixologik) koʻrsata bilishlari kerak.
Mentorlar oʻz shogirdlari bilan tez-tez uchrashish, norasmiy muhokamalarga vaqt ajratishlari kerak.
Mentorlar oʻqituvchilarni joriy pedagogik amaliyotlar va gʻoyalarni tahlil qilishga undashi hamda zarurat tugʻilganda oʻquv kontekstiga mos boʻlgan muqobil pedagogik amaliyotlarni ishlab chiqishda koʻmaklashishlari kerak.
Mentorlar oʻz shogirdlarining ishlarini, masalan oʻquv rejalar yoki dars mashgʻulotlarini tekshirish uchun faol hamkorlik qilishlari lozim. Shundagina mazkur ishlarning yutuq va kamchiliklari aniqlanib, ularni tuzatish va yaxshilash yoʻllari ayon boʻladi.
Mentorlar zarur paytda namuna boʻlib, oʻqituvchilarni oʻzlarining taʼlim metodlarini kuzatishga va shu orqali malakalarini oshirishga chaqirishlari kerak – aynan mana shu pedagogik rivojlanishga turtki beradi.
Shogirdlar oʻz kasbiy malakasini oshirishga tayyor va professional rivojlanishi uchun masʼuliyatni his qilishi, tinglashi va oʻrganishi, kuzatishi, savol berishi, tavsiyalar yoki maslahatlarni qabul qilishi, tezkor toʻgʻri choralarni koʻrishi va tahlil qilishi zarur.
Mentorlik tizimi samara keltirishi va oʻqituvchilarning malakaviy hamjamiyatini tuzish uchun mentorlarga uzluksiz dastak va barcha zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Mentorlikni “oʻqitish amaliyoti birgalikda oʻrganuvchi uzluksiz jarayon” sifatida mazkur xususiyatlar va mentorlik bilimini uzatish shakllariga asosan oʻrganish amaliyot hamjamiyati doirasida yuz beradigan faol jarayon deb qabul qilinadi.
“Mehribonlik korpusi” ham maxsus mentorlik dasturini ishlab chiqishni koʻzlagan boʻlib, unda asosiy urgʻu amaliyot hamjamiyatida mentorlar va shogirdlar oʻrtasida faol muloqot orqali bilimlarni hosil qilishga beriladi. Mazkur dasturda ijtimoiy muloqot va hamkorlik asosiy vosita boʻlib, unda mentorlarning asosiy vazifasi yangi bilimlarni uzatishga xizmat qilish va shogirdlarni oʻqitish amaliyotlari va maslaklarini tahlil qilish, uzluksiz konstruktiv fikr-mulohaza taqdim etish va kontekstual jihatdan muvofiq metodologiyalarni ishlab chiqishda hamkorlikdagi kasbiy rivojlanish uchun imkoniyatlarni targʻib etishdan iborat boʻladi.
Elyanora Menglieva
Oʻzbekistondagi Mehribonlik Korpusi