Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi (NMTTBAT)ga kelayotgan elektron ma’lumotlar tahlil qilinganda, ayrim DXSH asosida MTTlar, o‘rtada turuvchi shaxslar yordamidan foydalanib, 2023 yil sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida begona maxsus dasturiy yoki apparat vositalaridan foydalanilgan holda:
- o‘zi joylashgan manzili (geolokatsiya) ma’lumotlarini sun’iy o‘zgartirish;
- kompyuterlarda virtual mobil qurilmani yaratish orqali haqiqatda MTTga kelmagan tarbiyalanuvchilar va xodimlarning davomatini soxtalashtirib, NMTTBATga bila turib, tarbiyalanuvchilar va xodimlar davomati to‘g‘risida soxtalashtirilgan yolg‘on axborotni kiritish harakatlari aniqlanmoqda.
Bu holatlar bo‘yicha tegishli tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari berilmoqda va subsidiya to‘lovlari to‘xtatilmoqda.
Mazkur ma’lumotlar bilan NMTTBATning “Qayta hisob” menyusidagi “Tekshiruvda” sahifasida tanishishingiz mumkin.
Tadbirkorlar NMTTBAT orqali davomat ma’lumotlarini qayta ko‘rib chiqish uchun ariza berish imkoniyatiga ega.
NMTTBATda foydalanuvchilarning harakatlari to‘g‘risida barcha ma’lumotlar aks ettiriladi va saqlanadi. Qonun buzilishi aniqlangan har bir holat huquqni muhofaza qilish idoralarga taqdim etilishi davom ettiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 2784-moddasida “Kompyuter tizimiga bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, bila turib yolg‘on axborotni kiritish sodir etilgan bo‘lsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi” belgilanganligini eslatib o‘tamiz.