Kuni kecha “BASTION” telegram kanalida "Shahrixon tumanida davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari majburiy obunaga jalb etilyapti" mazmunida post joylandi. Ijtimoiy tarmoq vakilining joylagan mazkur postiga Agentlik Axborot xizmati quyidagicha javob beriladi.
Maktabgacha taʼlim tizimida davlat standarti bo‘yicha taʼlim beriladi. Shuningdek, bu standartlar "Ilk qadam" Davlat dasturiga asosan olib boriladi. Tizimda mazkur o'quv dastur bo‘yicha yetarlicha tarqatma material bo‘lmaganligi sababli hozirda "Ilk qadam" didaktik jurnali maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qo'llanma sifatida tavsiya etilmoqda. Shu bois hozirda Respublika bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Tizimda xodimning saviyasini oshirish, uning bilim darajasini tenglashtirish, o‘qitish ko‘nikmasini shakllantirish uchun uzluksiz tarzda chora-tadbirlar olib borilmoqda. "Ilk qadam" didaktik jurnali ham ana shu maqsadda Maktabgacha ta'lim agentligi qoshida nashr etiladi. U Agentlikning yagona tarqatma materiali hisoblanadi.
Xodimlarni o‘qitish, bilim darajasini zamon talabiga yetkazish uchun malaka oshirish o‘quv kurslari, turli xil seminarlar, trening jarayonlari o‘tkazilmoqda. Biroq ular maʼlum vaqt oralig‘ida tashkil etiladi va xodim bilan doimo birga bo‘lolmaydi. Didaktik jurnal esa ularning doimiy hamrohi bo‘lishi mumkin. Qo‘lida tizim bo‘yicha qo‘llanma bo‘lgan tashkilot xodimi taʼlim jarayonini ham aynan shu tarzda o‘tishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Respublika bo'yicha oilaviy bog'chalar ham ko'payib borayotgani quvonarlidir. Biroq ularning qanchasi ta'lim sifati bo'yicha qoniqarli ekanligi savol ostida. Aynan shu xildagi bog'chalar didaktik tarqatma materiallarga muhtojdir. Shu o‘rinda, hozirda targ‘ibot ishlari ana shunday nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari o‘rtasida ham olib borilmoqda. Bunga sabab nodavlat taʼlim tashkilotida ishlovchi xodimlarning bilim va tajriba darajasini tashkilot rahbarining o‘zi belgilashidir. Yaʼni, bunday xodimlar Agentlik tomonidan hech qanday tarzda sinovdan o‘tmaydi. Shunday ekan, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ishlovchi xodimlarning qanchalik darajada bilimi yetarli ekanligini bilish qiyin. Aynan bu kamchilikni bartaraf etish uchun ham "Ilk qadam" didaktik jurnali targ‘ib qilinmoqda. Bunda esa tashkilot rahbari xodimlardan ushbu jurnalni muntazam o'qib borishni talab qilishi zarur. Chunki, birinchi o'rinda, rahbar bolaga sifatli tarbiya berishga mas'uldir.
Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachilarning bolalar bilan qilayotgan qo‘pol muomalalari tez-tez ko'zga tashlanmoqda. Buning sababi ularda bilim yo‘qligi, saviyasi yetarli emasligidir. Afsuski, birgina xodimning mana shunday bilimsizlik bilan yondashuvi butun bir tizimni ayblashga asos bo‘ladi. Shu maqsadda ham bunday targ‘ibot ishlarni o‘tkazish, tarqatma materiallar tavsiya etib, ularning bilim saviyasini oshirish asosli va o'rinlidir.
Ma'lumot uchun, 2024-yildan boshlab "Ilk qadam" didkatik jurnali elektron shakl hamda QR-kodli ko'rinishda nashr etiladi.
Maktabgacha ta'lim agentligi Axborot xizmati