Bugungi kunda respublika bo‘yicha maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 33 942 tani tashkil etmoqda (6 780 tasi davlat va 27 162 tasi nodavlat).
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 847 tasi xususiy, 1 388 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi va 24 927 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun aytib o’tish lozimki, bugungi kunda Respublika bo‘yicha 2 930 844 nafar 3-7 yoshli bolalarning 2 168 825 nafari yoki 74,0 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan.
Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko’ra esa 29 420 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarga 2 103 752 nafar (71,8%) bolalar qamrab olinib, yil boshiga nisbatan maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni yangi qurilgan va yangi tashkil etilgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisobiga 3 982 taga ortganligini, ularga qo‘shimcha 65 ming nafarga yaqin bolalar qo‘shimcha qamrab olinganligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda Namangan va Xorazm viloyatlarida maktabgacha ta’limning muqobil shakli bo‘lgan 20 ta “Turli xil yoshdagi maktabgacha ta’lim guruhlari” (o‘yin guruhlari) tashkil etilib, ularga jami 496 nafar bolalar qamrab olindi.
Jahon banki bilan hamkorlikda “Bolani erta rivojlantirish” loyihasi doirasida Namangan va Samarqand viloyatlarida “Ilk rivojlanish markazlari” 3 ta model bo‘yicha faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bunda, birinchi model (6 yoshgacha qamrab olinmagan bolalari bo‘lgan oilalarga tashrif) bo‘yicha jami 634 ta bolalar, ikkinchi model (o‘yin guruhlari) bo‘yicha 861 nafar bolalar, uchinchi model (sog‘ligi tufayli imkoniyati cheklangan 2 yoshdan 6 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga tashrif) bo‘yicha 87 ta bolalar qamrab olingan.
Ta’kidlash lozimki, Surxondaryo viloyatining Termiz shahar, Termiz va Muzrabot tumanlaridagi Afg‘oniston davlatidan o‘tib kelgan oilalar farzandlari uchun 10 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 400 nafar bolalarga Yunisef Xalqaro bolalar tashkiloti Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi yordamida “Ko‘p tilli inklyuziv ta’lim guruhlari” tashkil etildi.
Albatta, tizimda yangi bo’sh o’rinlari ham yaratilmoqda. Hozirda barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 160 381 nafar (oliy ma’lumotlilar ulushi 34,1 foiz) rahbar va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Ularning 117 435 nafari (73,3 foiz) davlat va 42 946 nafari (26,7 foiz) nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tizimda uzluksiz o’sish jarayonlari olib borilmoqda. Jumladan, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 92 foizga yetkazish yuzasidan quyidagi choralar ko‘rildi:
- Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 661 945 nafar (93 %) 6 yoshli bolalarning 170 721 nafari 7 560 ta boshlang‘ich ta’limga bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhlariga, 456 769 nafari 13 055 ta to‘liq kunlik tayyorlov guruhlariga, 33 429 nafari 3 298 ta qisqa muddatli tayyorlov guruhlariga qamrab olindi.
- Joriy yil davomida 98 ta to‘liq kunlik, 271 ta qisqa muddatli, 1 384 ta majburiy bepul tayyorlov guruhlari tashkil etilishi natijasida jami 711 768 nafar 6 yoshli bolalarning 661 945 nafari, yoki 93,0 foizi qamrab olindi.
- Mazkur guruhlar 9 turdagi mebel va boshqa jihozlar, 36 nomdagi o‘quv-metodik vositalar, didaktik qo‘llanmalar, ko‘rgazmali materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar to‘plamlari bilan ta’minlandi.
Maktabgacha ta’lim agentligi Axborot xizmati