Seminarni agentlik direktorining o‘rinbosarlari savol javob tarzida tashkil etib, MTTda bolalar davomatini elektron shaklida olib borilishi borasida tushunchalar berishdi.
Shu bilan birga, bolalar ovqatlanish tizimini raqamlashtirilgan holda olib borilishi haqida ham ma’lumotlar berib o'tildi.
Yig'ilish davomida ovqatlantirishni tashkil etish bo'yicha ham masalalar muhokama qilindi, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha mas'ullarga ko'rsatmalar berildi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish ishlarini yanada takomillashtirish, belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda ovqatlantirishni tashkil etish orqali bolalarning sogʻlom va barkamol oʻsishini taʼminlash, sogʻlom ovqatlantirishning zamonaviy usullarini joriy etgan holda taʼlim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2019-yildan boshlab maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ovqatlantirish xizmati tadbirkorlar tomonidan autsorsing usulida amalga oshirilib kelinmoqda.
Bugungi kunda respublikada 6 759 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlib, ularning 1 172 tasida 83 nafar tadbirkorlar tomonidan autsorsing xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Qolgan 5 587 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida anʼanaviy usulda ovqatlantirish tashkil etilgan.
Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil
25-iyuldagi “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 626-son qaror hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarni xavfsiz va sifatli ovqatlanishini tashkil etilishiga oid gigiyenik talablarga (0016-21-son SanQvaN) asosan qator tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov raisligida
2023-yil 23-mart kuni oʻtkazilgan 47-son yigʻilish bayonining 4-bandi ijrosi yuzasidan davlat va nodavlat maktabgacha tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning sogʻlom, xavfsiz va sifatli ovqatlanishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2023-yil 23-maydagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish uchun yagona mavsumiy taomnomalarni tasdiqlash va amaliyotga joriy qilish to‘g‘risida”gi 1/12-son qo‘shma qarori qabul qilindi.
Mazkur qo‘shma qaror bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun yagona mavsumiy taomnoma tasdiqlandi hamda joriy yilning 1-iyunidan boshlab Toshkent shahridagi, 2023-yil 1-sentyabrdan esa respublikaning barcha hududlaridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Aqlvoy-oshpaz, bog‘chalar uchun taomlar retsepti ” to‘plamidan foydalangan holda tuzilgan yagona mavsumiy taomnoma asosida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish tashkil etildi.
Seminar-treninglar davomida tarbiyalanuvchilarni sogʻlom ovqatlantirishni sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilgan holda tashkil etish, oshpazlar tomonidan taom tayyorlash jarayonida texnologiya va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi, taom tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qabul qilish, saqlash uchun zarur sharoitlar yaratish, taomnomaga muvofiq mahsulotlar toʻliq yetkazilishi va sarflanishini taʼminlash choralarini koʻrish hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini oʻrganish boʻyicha tashkil etilgan brakeraj komissiyasi faoliyatiga doir masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʻlim vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati va “Mercy Corps” xalqaro nodavlat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali oʻrtasida imzolangan anglashuv Memorandum asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Surxondaryo viloyatidagi maqsadli tanlab olingan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor, tarbiyachi, hamshira, oshpaz va xo‘jalik mudirlari uchun “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining oʻqish va yozish, hamda gigiena va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini oshirish”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning o‘sishi va rivojlanishini monitoring qilish, ularning to‘g‘ri ovqatlanishi va gigiyenasi bo‘yicha hamshiralarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish”, “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimida bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, gigiyena va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishda kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish” mavzularida malaka oshirish seminarlari o‘tkazildi.