Bugun O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida vazir Hilola Umarova ishtirokida YUNESKOning "Toshkent+1" shtab-kvartirasi a’zolari bilan onlayn uchrashuv bo’lib o’tdi.
Uchrashuvda bundan bir yil muqaddam mamlakatimizda YUNESKO bilan hamkorlikda 147 ta davlat ishtirokida o’tkazilgan katta masshtabdagi “Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish” II Butunjahon konferensiyasining ta’lim tizimidagi ahamiyati e’tirof etildi.
Shuningdek, 2030-yilga qadar butun jahon miqyosida rivojlanishning 4 asosiy yo’nalishini belgilab bergan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganiga 1 yil to‘lishi munosabati bilan vazir barchani samimiy qutladi. Mazkur yo’nalishlar quyidagilar:
1. Hamma uchun teng inklyuziv va sifatli xizmatlar;
2. Kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya beruvchi kadrlar;
3. Ta’limda innovatsiyalar va raqamlashtirish;
4. Siyosat, moliyalashtirish va boshqaruv.
“Bolaning sog‘lom va har tomonlama rivojlangan shaxsini shakllantirishda poydevor bo‘lgan maktabgacha ta’limning muhim ahamiyatini anglagan holda, maktabgacha yoshdagi bolalarga alohida e’tibor qaratilmoqda va bu borada joriy yilning 11 sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi”, - deydi vazir H.Umarova .
Ta’kidlash joizki, maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va bolalarni to‘liq qamrab olishni ta’minlash ushbu strategiyada ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Uchrashuv davomida Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin 1 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan ijobiy ko'rsatkichlar haqida ma’lumot berib o'tdi.