Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatsiyasi, Vazirning birinchi o'rinbosari – Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin boshchiligida, MDH mamlakatlarida maktablarda sog’lom ovqatlantirish bo'yicha "Maktabdagi ovqatlantirish - umumiy rivojlanish vektori" xalqaro forumida ishtirok etish maqsadida hozirda Bishkek shahrida bo'lib turishibdi.
Ushbu forumning maqsadi maktabda sog’lom ovqatlantirish sohasidagi milliy muammolarni hal qilish, ushbu soha samaradorligini oshirish uchun zamonaviy yechim va vositalarni izlash bo'yicha tajriba va fikr almashishdan iborat.
Forumning ochilish marosimida Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vaziri D. Kendirbayeva, Bishkek shahri meri A. Junushaliyev va boshqa yuqori martabali shaxslar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi delegatlari keng jamoatchilik oldida O'zbekiston Respublikasi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ovqatlantirish dasturlarining asosiy yutuqlari va rivojlanish yo'nalishlari to'g'risida taqdimot materiallari bilan chiqish qildilar, davra suhbatlarida qatnashdilar, shuningdek Bishkek shahridagi umumta'lim maktablariga tashrif buyurdilar.
Shu bilan birga, Qirg'iziston tomonining taklifiga binoan A.Shin tomonidan delegatsiya bilan birgalikda Qirg'iziston maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari uchun "O'zbekistonning 2017-2023 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishdagi yutuqlari" mavzusida seminar o'tkazildi. Xususan, maktabgacha ta'lim sifatini va pedagog kadrlarning malakasini oshirish, maktabgacha ta'limning nodavlat sektorini kengaytirish, DXSH asosida MTTlarni tashkil etish, maktabgacha ta'limni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, shu jumladan oilaviy MTT larni tashkil etish mexanizmlarini avtomatlashtirish va nodavlat sektorga subsidiyalar ajratish, shuningdek, belgilangan davr davomidagi Maktabgacha ta'lim agentligining xalqaro hamkorlik natijalari kabi dolzarb yo'nalishlar bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
Forum yakunlari bo'yicha MDHga a'zo davlatlarning ta'lim sohasidagi hamkorlik Kengashi doirasida har yili "MDH mamlakatlarida maktablarda ovqatlantirish masalalari bo'yicha xalqaro forum" o'tkazish to'g'risida Bishkek deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirildi.