Bugun Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodistlari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
O‘quv-amaliy seminarda Toshkent shahar va Toshkent viloyatidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 20 nafar metodistlari ishtirok etdilar.
O‘quv-amaliy seminar jarayonida eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari oldida turgan asosiy maqsad va vazifalar, ularning faoliyatini tashkil etishga oid me’yoriy ish hujjatlari bilan ishlash, pedagogning kasbiy standarti, Ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablari hamda “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida bolalarni barcha rivojlanish sohalari bo‘yicha kompetensiyalarini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirish yo‘llari”, shuningdek, tanlangan tumanlarda yagona uzluksiz metodik xizmatni tashkil etishda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar uchun Agentlikda tashkil etilgan laboratoriyada maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim berishda kompetensiyaviy yondashuvlar bo‘yicha master klas o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023 yil 3 noyabrdagi 532-sonli buyrug‘iga ko‘ra, uzluksiz yagona metodik xizmatni yo‘lga qo‘yish maqsadida Respublikadagi moddiy-texnik holati, metodik xizmat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va kadrlar salohiyati yuqori darajada bo‘lgan 26 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tanlab olinib, Maktabgacha ta’lim agentligi tasarrufidagi eksperimental davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari sifatida tashkil etildi.