Bugun Maktabgacha ta’lim agentligida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Xanti-Mansiysk avtonom okrugi (Rossiya Federatsiyasi) viloyat rahbariyati va ishbilarmon doiralar vakillaridan (zaxiradagi kadrlar) iborat delegatsiya uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, Maktabgacha ta’lim agentligi erishayotgan yutuqlarni o‘rganish va ular bilan yaqindan tanishish edi.
Tadbir davomida Rossiya tomoni 2017-2023 yillarga mo‘ljallangan sohadagi asosiy ko‘rsatkichlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng maktabgacha ta’lim sifatini, pedagog kadrlar malakasini oshirish kabi yo‘nalishlar hamda xalqaro hamkorlik to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, “Maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish” mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi, unda mehmonlar yangi “Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi bilan tanishdilar.
Tadbirning yakuniy qismida Rossiya tomoni o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarni berib, ularga javob olishga muvaffaq bo‘ldi.