A.Shin boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Janubiy Koreyaga tashrifining 3-kunida Puchon universitetida bo'ldilar.
Puchon universitetiga 1958-yil Xan Hang Gil tomonidan texnika maktabi sifatida asos solingan. Hozirgi kunda universitet hududida ikkita kampus joylashgan: asosiy bino va Koka kampusi.
Universitet prorektorlari delegatsiyani 3 ta - Kosmetologik parvarish va dizayn, Aviatsiya xizmati, Sog'lom ovqatlantirish yo'nalishlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirdilar. Har bir yo'nalish bo'yicha o'quv jihozlari mukammal ta'minlangan bo'lib, talabalar amaliyotda sinab ko'rishlari uchun mo'ljallangan.
Tomonlar bilan muloqot davomida kelgusida Toshkent shahridagi Puchon universitetining filialida Kosmetologiya va Sog'lom ovqatlantirish fakultetlarini ochish rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahridagi Puchon universitetida talabalar Maktabgacha ta’lim, Arxitektura, Koreys tili va menejment, Dietologiya va nutritsiologiya, Axborot texnologiyalari, Elektron biznes, Multimedia va o’yin kontenti yo'nalishlari bo'yicha tahsil olmoqda.