Sayt test rejimida ishlamoqda

MTTga moslashuv: ko‘z yoshlarni quvonchga tezroq aylantirish uchun tavsiyalar

news-detail

       MTT ga moslashuv davri jajji bolalar uchun jiddiy sinovdir: tanish oilaviy muhitdan u o'zi uchun yangi sharoitga o’tadi, bu muqarrar ravishda bolaning xatti-harakatlarining o'zgarishiga, uyqu va ishtahaning buzilishiga olib keladi. Bolaning 1-3 yoshlik payti onadan ajralishga yuqori sezuvchanlik va yangi narsaga qo‘rquv bilan tavsiflanadi. Shuning uchun, MTT ga moslashuvni imkon qadar osonlashtirish va yumshatish uchun mutaxassis va tajribali onaning maslahatlarini e’tiboringizga havola etamiz.

         Nilufar Djumayeva, Navoiy shahar 26-DMTT psixologi: Bolani MTTga moslashuvini yaxshilashda avvalambor MTTdagi muhit katta rol o‘ynaydi. Aksariyat bolalar uchun bog‘chaga borish ular hayotidagi ilk murakkab stress bo'lishi mumkin. Moslashuv jarayoni ma’lum vaqt davom etadi:ba’zi bolalar bog‘chaga tez ko‘nikadilar, ayrimlariga ozroq muddat talab qilinadi. Bolani MTT ga qabul qilish bilan uning hayotida ko‘plab o‘zgarishlar yuz beradi: qat’iy kun tartibi, ota-onalarning MTTda bo’lmasligi, xulq-atvorga yangi talablar, yangi xona, tengdoshlar bilan doimiy aloqa. Bu o‘zgarishlarning barchasi bir vaqtning o‘zida bola bilan yuz beradi va shuning uchun stressli vaziyatni yaratadi. Masalan:injiqlik, qo‘rquv, ovqatdan bosh tortish, uyga talpinish.

hhhhh.PNG

Bolaning moslashuvi 7 kun, 10 kun 1 oy,1 yilgacha davom etadi. Bola moslashuvida asosan ota-ona va tarbiyachi rol o‘ynaydi. Bola kelganda birinchi navbatda tarbiyachiing mehribonligi, samimiyligi, xushmuomalaligi,  erkalashi bilan bolani o‘ziga jalb eta olishi uning tez moslashuviga yordamlashadi. Shuningdek, moslashuvning davomiyligi bolaning rivojlanish darajasiga ham bog‘liq, agar bola bilan uyda tizimli ravishda ota-ona, yaqinlari shug‘ullangan bo‘lsa, muloqotga kirishimli va mustaqil bo‘lsa (o‘zi mustaqil hojatga chiqa olishi, qoshiq ushlay olishi, so‘rg‘ichdan ajralgan bo‘lishi, kiyimlarini yechib-kiyishi) guruhdagilar bilan tezda aloqa o‘rnatadi, mazmunli o‘yinlar bilan o‘zini tuta oladi, faol bo‘ladi va tez moslashadi.

4P7A5601.JPG

         Elnora Akramova, ona: Ikkita farzandimda bog‘chaga moslashuv har xil kechgan. Katta o‘g‘lim uyda yagona nabira bo‘lgani uchun hamma e’tibor unda bo‘lgan. Ko‘chada kam o‘ynardi shuning uchun bolalar bilan ham chiqishmasdi, o‘yinchoqlarni bo‘lishib o‘ynash “fojia” edi (kuladi). Shuning uchun bog‘chaga borish unga yoqmadi, axir uyida hamma narsa muhayyo bo‘lsa, istaganini qilsa albatta uy yaxshi edi-da! 1 oy davomida ko‘z yoshlar, janjal-to‘polon bilan olib bordik. Keyin malakali tarbiyachilar ancha o‘rgatib olishdi, har kuni ming “hiyla” bilan olib qolishar edi.

Kichik o‘g‘limda esa chiqargan sabog‘imdan foydalanib, bog‘cha yoshigacha uni ancha mustaqil qildim, tengdoshlari bilan ko‘chada o‘ynatdim, erkaliklarini birin-ketin tartibga soldim. Natijada, MTTga jon deb bordi, hatto MTT bilan tanishuvga olib borganimda qolaman deb yig‘lagan. Shulardan kelib chiqib ayta olamanki, MTTga bolani moslashuvida ota-ona va tarbiyachining roli 50 ga 50 bo‘lishi kerak.

4P7A5642.JPG

         Moxira Beknazarova, Sirdaryo viloyati 11-sonli DMTT metodisti: Ota-onalarga bolani MTT ga moslashuv davrida amal qilish lozim bo‘lgan tavsiyalarimni berib o‘taman:

          Uydagi kun tartibini MTT guruhi rejimiga moslashtiring;

         MTTga borish arafasida asabiylashmaslikka, xavotiringizni ko'rsatmaslikka harakat qiling;

         MTTning menyusi bilan tanishing va uyda bolaning ratsioniga yangi taomlarni kiriting;

         Iloji boricha, bolani mustaqil bo'lishga o'rgating;

                Bolaning oldida MTT xodimlarini tanqid qilmang, nimadir sizni qoniqtirmayotgan bo‘lsa, alohida gaplashib oling;

         Dam olish kunlarida farzandingizning kun tartibini keskin o‘zgartirmang;

         Farzandingizda biror yomon odat bo'lsa, uni aynan moslashuv davrida bartaraf etishga urinmang, bu bolani battar injiq qilib qo’yadi;

         Bir muddat televizor ko'rishini kamaytiring;

         Bolani emotsional jihatdan qo'llab-quvvatlang: maqtang, arzimagan yordamini ham katta qilib ko‘rsating;

         Jazolamang, ayniqsa, bolani bog’cha bilan "qo'rqitmang", o'z vaqtida uyga olib keting;

          Uning injiqliklariga toqatliroq bo'ling

Maktabgacha ta'lim agentligi
Mavzuga doir
Maktabgacha ta'lim agentligi
"Mittivoy" qo'shma loyihasi doirasida uchrashuv bo'lib o'tdi

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari – Maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.Shin A.I.Gersen nomidagi RDPU  rektorining baynalminallashtirish bo'yicha maslahatchisi, pedagogika fanlari doktori,  professor Y.A.Komarova bilan uchrashdi. Tomonlar 2020-yil dekabr oyida tegishli "Yo'l xaritasi" imzolanishi bilan boshlangan "Mittivoy"  qo'shma loyihasining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Eslatib o'tamiz, loyihaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: - O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tashkilotlari mutaxassislarining vakolatlari darajasini o'rganish bo'yicha nazorat-o'lchov tadbirlarini o'tkazish; - O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tashkilotlari mutaxassislari uchun qayta tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish; - O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglari uchun metodik qo'llanmalar ishlab chiqish. A.I.Gersen nomidagi RDPU vakillari bilan uchrashuv an'anaviy tarzda ishonchli, ochiq va do'stona muhitda o'tdi. Muzokaralar yakunida tomonlar yana bir bor maktabgacha ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettirish bo'yicha o'z majburiyatlarini bayon qilishdi. Ma'lumot uchun: 2020-yil 26-dekabrda "Mittivoy" qo'shma loyihasini amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi" tasdiqlandi, unda A.I.Gersen nomidagi RDPU mutaxassislari tomonidan O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun pedagog kadrlar tayyorlash bo'yicha tomonlar faoliyatining asosiy yo'nalishlari belgilandi. 2021-yildan 2023-yilgacha maktabgacha ta'lim tashkilotlarining 1500 dan ortiq pedagog kadrlari ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan turli o'quv dasturlari bo'yicha o'qitildi.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vazirining MTTga tashrifi

 "Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishi" Xalqaro forumi doirasida Qirg'iziston Respublikasi ta'lim va fan vaziri Dogdurkul Kendirboyeva Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 34-sonli DMTTga tashrif buyurdi. Ma'lumot uchun: "Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishi" Xalqaro forumi 9-noyabr kuni Toshkentda bo'lib o'tdi. U Butunjahon bolalar kuni va BMTning 2023-yilgi iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyasiga (COP 28) bag'ishlangan. Forum bolalar va yoshlarning iqlim o'zgarishining salbiy ta'siriga qarshi kurashdagi roli, shu jumladan ekologik ta'limni targ'ib qilishning ahamiyatiga bag'ishlangan. Tashrif doirasida Qirg'iziston tomoni maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi, xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni o'qitish dasturlari, bolalar taomlanishini tashkil etish, shuningdek, tizimda kadrlar tayyorlash bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari - O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim agentligi direktori A.V.Shin bilan uchrashuv davomida tomonlar idoralar o'rtasida tajriba almashish bo'yicha keyingi chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Vazir D.Kendirboyeva O'zbekistonning maktabgacha ta'lim tizimini qamrab olish, kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish borasidagi tajribasini Qirg'izistonda eng yaxshi amaliyotlar namunasi sifatida o'rganish va joriy etish zarurligini ta'kidlab o'tdi. Tashrif yakunida tomonlar yuqoridagi yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikni yanada oshirishga kelishib oldilar.

Maktabgacha ta'lim agentligi
Qisqa muddatli malaka oshirish kurslari davom etmoqda

Ayni kunlarda respublika bo'ylab maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarining navbatdagi bosqichi davom etmoqda. Eslatib o'tamiz, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursining 2-bosqichida respublika bo‘ylab 700 nafar master-trenerlarning o‘qitilishi rejalashtirilgan. Ushbu qisqa muddatli malaka oshirish kursining 1-bosqichida 30 nafar master-trenerlar o‘qitilgan edi.

Вид сайта
Размер шрифта