Ijtimoiy tarmoqlarda Namanganda bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 25 - iyul kuni Namangan viloyati, Uychi tumanidagi “Gulshan” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyalanuvchilari uyqudan uyg‘ongach, 3 nafar tarbiyalanuvchilar ko‘ngil aynashi va qorin og‘rig‘iga shikoyat qilgan. 50 o‘rinli NMTTda bugungi kunda 48ta tarbiyalanuvchi qamrab olingan.
Tashkilotdagi bir guruh 15 nafar tarbiyalanuvchilari shu zahoti oshqozon-ichak faoliyati funksiyasi buzilishida gumonlanib, tuman shifoxonasiga olib borilgan va darhol tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijada 2 nafar tarbiyalanuvchilarda sifati tez buziluvchi mahsulotni iste’mol qilishi oqibatida oshqozon-ichak faoliyati funksiyasi buzilishi kuzatilgan, tuman tibbiyot birlashmasining bolalar yuqumli kasalliklari bo‘limiga yotqizilgan. Qolgan 13 nafar tarbiyalanuvchining holati yaxshi bo‘lganligi uchun o‘sha kunning o‘zida uylariga ketishlariga shifokorlar tomonidan ruxsat berilgan.
Shifoxonada qolgan 2 nafar tarbiyalanuvchilar barcha zaruriy muolajalar ko‘rsatilib butunlay sog‘ayganidan so‘ng 26 - iyul kuni uylariga ketishga ruxsat berilgan.
Hozirda bolalarning hammasi o‘zini sog‘lom his qilib, Uychi tumanidagi “Gulshan” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya jarayonlarida ishtirok etishmoqda.
Namangan viloyati, Uychi tumanidagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli barcha davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullariga ta’lim tashkilotlariga sifati tez buziluvchi mahsulotlarni olib kirmaslik, tarbiyalanuvchilarga turli gazli ichimliklarni ichirmaslik, unli oziq-ovqat mahsulotlariga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ogohlantirilib, tushuntirish ishlari to‘liq olib borilgan.
Hurmatli maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar va xodimlar hamda ota-onalar!!!
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yuqumli kasalliklar hamda ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha talim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarni xavfsiz va sifatli ovqatlanishni tashkil etishga oid gigiyenik talablari to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 26-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 30-son) SanQvaN 0016-21-sonli sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga ko‘ra maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlatilishiga ruxsat berilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati quyidagilar:
· kalla-poycha mahsulotlari (buyrak, yurak, jigar, o‘pka, yelin);
· barcha yovvoyi xayvonlarning go‘shti; ichi tozalanmagan parranda go‘shti;
· 2,3,4-kategoriyali go‘sht, parranda, baliq go‘shti;
· go‘shtning yog‘i va shilliq pardalarining miqdori 20 foizdan ko‘p bo‘lishi;
· xolodes, go‘shtning bezli kiyomlari, diafragma, kalla go‘shtidan rulet;
· dudlangan mahsulotlar, barcha turdagi kolbasalar, sosiska, sardelka;
· charvi yog‘i, dumba yog‘i, margarin va boshqa gidrogenizasiyalangan yog‘lar;
· yog‘lilik darajasi 82,5 foizdan kam bo‘lgan sariyog‘ (sigir yog‘i); o‘simlik moyiga sut qo‘shilgan mahsulotlar (spred);
· tvorog mahsulotiga qo‘shilgan smetana, shokolad, o‘simlik moyi qo‘shib tayyorlangan muzqaymoq;
· qimiz va etanol saqlovchi achitilgan sut mahsulotlari (0,5 foizdan yuqori);
· pasterizasiyalanmagan sutdan tayyorlangan tvorog va smetana, termik ishlov berilmagan, katta idishdagi tvorog va smetana;
· oshxona sharoitida tayyorlangan qatiq;
· suvda suzuvchi parrandalarni go‘shti va tuxumlari (salmonellyoz bilan zararlanish xavfi bo‘lgani sababli);
· po‘stlog‘i ifloslangan, yorilgan va salmonellyoz uchraydigan xo‘jaliklardan keltirilgan tuxumlar;
· barcha turdagi uy sharoitida tayyorlangan konservalar;
· germetik berkitilishida kamchiligi bo‘lgan, idishi ezilgan, shishgan (bombaj), qopqog‘i zanglagan, yorlig‘i bo‘lmagan konservalangan mahsulotlar;
· ombor zararkunandalari va mayda chiqindilar bilan zararlangan yormalar, dukkaklilar, un, makaron mahsulotlari, quruq mevalar;
· pestisid va nitrat miqdori laboratoriyada tekshirilmagan, mog‘orlagan, buzilgan meva va sabzavotlar;
· uy sharoitida tayyorlangan va ota-onalar tomonidan uydan olib kelingan, sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi xujjatlari bo‘lmagan taomlar va oziq-ovqat mahsulotlari (shu jumladan, bayramlar va tug‘ilgan kunlarni nishonlashda);
· kremli qandolat mahsulotlari (pirojniy va tortlar), kremlar;
· turli qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;
· kvas, mors, gazli ichimliklar, sun’iy rang, mazza, hid beruvchi vositalar qo‘shilgan taom hamda ichimliklar,
· yog‘da qovurilgan (frityur) mahsulotlar (grenka, chipselar, fri);
· mayonez, murch, xantal, xren, sirka, qahva; barcha turdagi karamellar;
· quruq konsentratlar asosida tez tayyorlanadigan 1 va 2 taomlar;
· bir kun oldingi yoki oldingi ovqatdan qolgan ovqat qoldiqlari;
· qovurilgan tuxum, omletdan tashqari; tuxum barak.