
Kuni-kecha Oliy Majlis Senati raisi T.Narbayeva hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish hamda aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga tashrif buyurdi. Senat raisi tumanning “Xasanboy” MFY hududidagi 560 o‘rinli 9-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bo‘ldi.
Eʼtiborli jihati shundaki, maktabgacha taʼlim tashkilotida, bolajonlar uchun Robototextika to'garagi, pedagoglar uchun tarbiyachi ustaxonasi hamda taʼlim laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, tumandagi boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlari vakillari taʼlim va tarbiyaning ilg‘or shakllari bo‘yicha malakalarini oshirib borishadi.
Senat raisi T.Narbayeva bu yerda tuman maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar bilan muloqot qildi. Muloqot davomida keyingi yillarda yurtimiz bo'ylab, taʼlim fidoyilari bo'lmish pedagoglarning nufuzi va mavqeyini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar, ularni moddiy hamda maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, tizimda majburiy mehnatning to‘liq bartaraf etilganligi tufayli taʼlim jarayonida sifatning yaxshilanayotganiga to‘xtalib o‘tdi.