Kuni-kecha, Buxoro viloyati Qorako'l tumanida bir yo'la 2 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Binolarni foydalanishga topshirish marosimlarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E.Gadoyev hamda tuman hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tumandagi Mirzaqal’a mahallasida 120 o‘ringa mo‘ljallangan 42-sonli DMTT yangidan barpo etildi, unda zamon talablari darajasida tibbiyot xonasi, oshxona, universal zal, yotoqxonalar hamda yozgi ayvonchalar bolajonlar uchun xizmat qilishga shay holatga keltirilgan. Quvonarlisi, ushbu ta’lim tashkilotning ish boshlashi bilan 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shu kunning o‘zida tumandagi 15-sonli DMTTning ham ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Qulonchilik mahallasidagi bolajonlar quvonchiga quvonch qo‘shgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan yilgi “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘ hisobiga mukammal ta’mirlandi. Avval 90 o‘rinli bo‘lgan eski bog‘cha mukammal ta’mirdan so‘ng 120 o‘rinli zamonaviy tashkilotga aylanib, guruhlar soni ham 3 tadan 4 taga yetkazildi.
Shunday qilib tumanda faoliyat olib borayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 42 taga yetdi. Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni bilan qo‘shib aytganda bu raqam 132 taga yetadi. Bugungi kunda yana 4 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan 5-6 yil avval tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarning qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 18% ni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatgich 67 foizga yetdi. Joriy yil yakuni bilan bolalar qamrovini 80 foizdan oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.