2023-yil 7-aprel kuni Maktabgacha taʼlim agentligi markaziy apparati xodimlari uchun navbatdagi huquqiy savodxonlik soati oʻtkazildi. Unda quyidagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.
O‘tayotgan haftada ham muhim qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va e’lon qilindi. Jumladan,
1. “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–107-son, 01.04.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-apreldan tijorat banklari kreditlarining garov ta’minoti 2,5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafilligi asosida ta’minlanadi.
2024-yil 1-martgacha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida barcha suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suv iste’molchilari o‘rtasida rasmiylashtirilgan dalolatnomalarni har oy yakuni bilan elektron shaklda to‘ldirish hamda elektron raqamli imzolar orqali tasdiqlash imkonini beruvchi “Suv hisobi” axborot tizimi yaratiladi.
2025-yil 1-yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi:
respublikaning barcha hududlarida “Suv hisobi” AT joriy qilinadi;
“Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi.
2023-yil avgustgacha 2022-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan hamda subsidiya mablag‘larining 50 foizini olgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga tizimlarning ishlatilishiga qarab belgilangan subsidiya miqdorining qolgan 50 foizi tuman ishchi guruhi xulosasi asosida ajratiladi.
2023-yil 1-maygacha suv resurslaridan samarasiz foydalanish va suv xo‘jaligi ob’yektlarining gidrotexnik inshootlaridan noqonuniy foydalanish yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqiladi.
2. “Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–108-son, 04.04.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil qilindi.
Shuningdek, Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganish va amaliy takliflar tayyorlashga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lmagan “Yer islohotlari markazi”;
Oliy maktab tuzilmasida yuridik shaxs bo‘lmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi va Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi tashkil etildi.
Shuningdek, bizning xodimlarimizning ayrimlari Oliy maktabda magistratura yo‘nalishlarida ta’lim olayotganlarini inobatga olib, Oliy maktabning yangi asosiy vazifalaridan kelib chiqib himoya ishiga mavzularini tanlashlarini tavsiya etgan bo‘lar edik.
3. “Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–110-son, 04.04.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra: iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladi;
etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib o‘rnatiladi;
sanitariya qonunchiligi va veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini buzganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi;
o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan, adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi;
belgilangan talablar va shartlarning qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida lisenziyasi bekor qilingan yoki xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirishi tugatilgan tadbirkorlarga quyidagi ro‘yxatda keltirilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishiga cheklovlar belgilanadi.
4. “2023-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–113-son, 05.04.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-iyungacha paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.
2023-yilda har bir viloyatda o‘rtacha 250-300 gektardan namunaviy
bog‘-tokzorlar barpo etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.
5. Hukumat qarori (142-son, 04.04.2023 y.) bilan Bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga ko‘ra, bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi.
Shunga ko‘ra, ariza beruvchi (jismoniy yoki yuridik shaxs) DXMga o‘zi kelib yoki YAIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.
So‘rovnoma kelib tushgach, vakolatli organ bino va xonalarni 10 ish kuni ichida normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 10 foizi (30 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YAIDXP orqali murojaat etilganda mazkur miqdor 27 ming so‘mni tashkil etadi.
Jismoniy shaxslar YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Shuningdek, qaror bilan Radiotexnik inshootlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish uchun sanitariya pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Bunda radiotexnik inshootning sanitariya pasporti aholi yashash joylari istiqbolli rivojlantirilishi hamda sanitariya muhofaza zonasi o‘zgarishi inobatga olingan holda 3 yil muddatga beriladi.
So‘rovnoma kelib tushgach, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari 14 kun muddatda radiotexnik inshootlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligini joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi.
Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
2023-yil 1-apreldan nimalar o‘zgaradi?
Pensiyalar va nafaqalar miqdori oshadi;
Majburiy attestasiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar ro‘yxati kengaytiriladi;
Pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan kun davomida bepul foydalanadi;
Parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar beriladi;
Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi;
Avtotransportlar harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga
60 kilometrgacha pasaytiriladi;
Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashining qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorlari muhim fakt sifatida oshkor qilinadi;
Ayrim tadbirkorlarga mol-mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi;
Ayrim kasalliklarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi;
Ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etishga ruxsat beriladi;
Professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari oshiriladi;
Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanadi;
Yangi qurilgan ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolari uchun mol-mulk solig‘i pasaytiruvchi koeffisiyentda to‘lanadi;
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi;
Ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizasiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Huquqiy savodxonlik soati yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tayyorlangan haftaning muhim voqealari hamda davlat xizmatchilari uchun dolzarb mavzular haqida maʻlumot berib boruvchi “Siyosiy-maʻrifat soati” namoyish etildi.