Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova va birinchi o‘rinbosari - Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shin Xiva shahridagi 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va Xiva Pedagogika kollejiga bordi.
Vazirlik rahbariyati Xiva shahridagi buyuk matematik, olim Muhammad Al-Xorazmiy nomiga atalgan 360 quvvatga ega 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib , u yerdagi tarbiyalanuvchilarning mukammal ta’lim-tarbiya olishlari hamda matematika fanini mukammalroq o‘rganishi uchun rejaviy mashg‘ulotlardan tashqari fanga yo‘naltirilgan hamda gimnastika, raqs, karate, kurash kabi to‘garaklarning faoliyati bilan tanishdi.
Maktabgacha ta’lim agentligi o‘rinbosari N.Muslitdinov tomonidan Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi http://nodavlat-bogcha.uz haqida ma’lumot berilib, uning afzalliklari va qulayliklari tushuntirildi.
Shundan so‘ng, vazirlik rahbariyati Xiva Pedagogika kollejida bo‘lib, u yerda o‘quvchilarning ta’lim olishida yaratilgan sharoitlar va DMTT tasarrufidagi majburiy bepul tayyorlov guruhlarini ko‘zdan kechirishdi.
Shuningdek, kollej xodimlari va o‘quvchilarning ovqatlanishi uchun ochilayotgan 200 o‘rinli yangi oshxonaning ochilish marosimida ishtirok etishdi.
Ma’lumot uchun: Xiva shahrida jami 88ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritib, shahardagi 7 mingdan ziyod 3-7 yoshli bolalarning barchasi MTTlarga qamrab olingan.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida jami 4 ta: Xiva, Hazorasp, Yangibozor, Xonqa pedagogika kollejlari mavjud bo‘lib, ularda jami 3 911 nafar o‘quvchilar tahsil olishmoqda.