17-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Agrippina Vasilevna Shin hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Sergey Vladimirovich Andryushin va Toshkentdagi Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali rahbari o‘rinbosari Rubsov Artem Sergeevichlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida, 2022-yil O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi davomida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim agentligi va Sankt-Peterburg davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
S.V.Andryushin o‘z nutqida Sankt-Peterburg universiteti O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikning turli yo‘nalishlarida, jumladan, maktabgacha ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yo'lga qo'yishga intilishini ma’lum qildi. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotining ajralmas qismi bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
SPbDU Prorektori yig‘ilish doirasida tomonlar o‘rtasida imzolangan Memorandum bandlarini amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida, “Yo‘l xaritasi”ni belgilash va ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Shu bilan birga, S.V.Andryushin Rossiya tomoni Sankt-Peterburg shahridagi universitet hududida o‘zbek mutafakkiri va olimi Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatilishiga, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Sankt-Peterburg davlat universitetida O‘zbek madaniyati markazining ochilishida har tomonlama yordam berishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.
S.V.Anryushin, shuningdek, Sankt-Peterburg universiteti rahbariyatining O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim agentligi bilan quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi:
a) maktabgacha ta’lim tizimining ilmiy salohiyatini oshirish; b) inklyuziv ta'limni rivojlantirishga qaratilgan qo'shma loyihalarni amalga oshirish; v) hamshiralik ishi rivojlanishining individual modullari va dasturlarini ishlab chiqish; d) maktabgacha ta'lim tizimida ishlovchi hamshiralarning malakasini oshirish.
Muzokaralar natijasida, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo'yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish lozimligi haqida kelishib olishdi.