Andijon va Namangan viloyatlaridagi ayrim davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda oilaviy nodavlat MTTlar faoliyati tanlanma asosida o‘rganildi.
Natijada:
ba’zi davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy nodavlat MTTlar tomonidan bir bolaning fotosurati bir necha marotaba nodavlat-bogcha.uz axborot tizimiga kiritilib, davomat qilib kelinayotganligi;
tashkilot bitimda ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritmayotganligi;
oilaviy nodavlat MTTda 48 nafar tarbiyalanuvchi davomatdan o‘tkazilgan lekin amalda 6 nafar tarbiyalanuvchining mavjudligi;
bir nafar tarbiyalanuvchining fotosurati bir nechta boshqa MTTda davomatdan o‘tkazilganligi;
davlat MTTining tarbiyalanuvchilarini davlat-xususiy sheriklik asosidagi va oilaviy nodavlat MTT tarbiyalanuvchisi sifatida davomatdan o‘tkazilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan yig‘ilgan barcha ma’lumotlar umumlashtirilib huquq-tartibot organlariga taqdim etilmoqda.
Qonunbuzarlik holatlari aniqlangan DXSH asosidagi va oilaviy nodavlat MTTlarga subsidiyalar to‘lanishi uch oyga to‘xtatildi.
Hurmatli davlat-xususiy sherikligi asosida hamda oilaviy nodavlat MTTlarini tashkil etgan tadbirkorlar, bugungi kunda Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimi yordamida har bir tarbiyalanuvchining shaxsini biometrik identifikasiya qilish orqali tarbiyalanuvchining o‘ziga tegishli ekanligini va bitimda ko‘rsatilgan manzilda davomat qilinganligi nazorat qilinib borilayotganligini, shuningdek, axborot tizimiga Siz tomoningizdan kiritilgan har bir ma’lumot tizim xotirasida saqlanib qolinayotganligini (keyinchalik ushbu ma’lumotlarni o‘chirib yuborganingizda ham axborot tizimi xotirasida saqlanib qolinadi) hamda bu kabi o‘rganishlar butun respublika bo‘ylab, bosqichma-bosqich davom ettirilishini, aniqlangan kamchiliklar esa o‘z navbatida huquq-tartibot organlariga qonuniy chora ko‘rilishi uchun taqdim etilishini ma’lum qilamiz.
Eslatma: DXSH asosidagi MTT, shu jumladan, oilaviy MTT tomonidan bir bolaning ma’lumotlari NMTTBATga kiritilib, uning fotosurati o‘rniga boshqa bola (tarbiyalanuvchi)ning fotosurati ushbu axborot tizimiga joylashtirilganligi va uning asosida davomati belgilanib kelinayotganligi aniqlanganda:
- mazkur tarbiyalanuvchi MTTga qatnagan barcha davri uchun to‘langan subsidiyalar summasi to‘liq Davlat byudjetiga undiriladi;
- ushbu holat aniqlangan oydan boshlab uch oy davomida subsidiya to‘lovlari mazkur DXSH asosidagi MTTga hisoblanmaydi va to‘lanmaydi. Bunday holat ikkinchi marta aniqlanganda ushbu DXSH asosidagi MTT bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim bekor qilinadi va qayta tuzilmaydi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan Nizomning 33-bandi.