Kuni kecha AQSH qishloq xoʻjaligi vazirligining “Bolalar taʼlimi uchun MakGovern-Doul xalqaro oziq-ovqat dasturi” doirasida Mehribonlik korpusi (Mercy corps) xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali Maktabgacha taʼlim agentligi bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasining maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun tashkil etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimida bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, gigiyena va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirishda kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish” mavzusida besh kunlik trening kurslari boshlandi.
Ushbu oʻquv kursining asosiy maqsadi MTTlar pedagoglarining qoʻyidagi masalalar boʻyicha nazariy va amaliy kompetensiyalarini oshirish:
maktabgacha yoshda boʻlgan bolalarning nutq, muloqot, oʻqish va yozish malakalarini rivojlantirish boʻyicha pedagogik metodikalarni va bola shaxsiga yoʻnaltirilgan differensial yondashuv asosida taʼlim-tarbiya berish;
bolalarda ratsional, turli xil ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish;
maktabgacha yoshdagi bolalarga shoshilinch holatlarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish.
“Bolalar taʼlimi uchun MakGovern-Doul xalqaro oziq-ovqat dasturi” Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyatining DMTTlarida amalga oshirilmoqda.
Ushbu dastur MTTlarning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini yaxshilash, MTTlar pedagoglari, hamshiralari, oshpazlarini malakasini oshirish singari qator maqsadlarga erishishni nazarda tutadi.